Professional ta’limda tadbirkorlikka o‘qitishning Germaniya tajribasi joriy etilmoqda
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Germaniya jamg‘arma kassalari fondi (German Sparkassenstiftung) bilan hamkorlikda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish maqsadida “Mikro biznes o‘yini” bo‘yicha seminarlar tashkil etildi.
Mazkur seminarlar Samarqand viloyati va Toshkent shahridagi 10 ta professional ta’lim muassasasida germaniyalik ekspertlar va tajribali pedagog kadrlar tomonidan “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” loyihasining metodik materiallari asosida olib borildi.
Ularda ishtirok etgan 7 ta kasb-hunar maktabi, 2 ta texnikum va 1 ta kollejning 115 nafar o‘quvchisi tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha o‘qitildi. Seminarda faol qatnashgan yoshlarning 109 nafariga sertifikat hamda 6 nafariga faxriy yorliq topshirildi.
Shuningdek, ushbu seminarlar yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularda sohaga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish va ko‘nikma hosil qilishdagi ahamiyatini inbotga olib, boshqa hududlardagi professional ta’lim muassasalarida ham bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.