Postmodern olamda manzil izlab…

Postmodern olamda manzil izlab…

@akademnaashr

Keyingi davr o‘zbek nasri haqida so‘z borarkan, kishi e’tiborini, avvalo, bu jarayondagi rang-baranglik o‘ziga tortadi. Zero, milliy adabiyotimizda yaratilayotgan asarlar nafaqat mazmun-mohiyatiga ko‘ra, balki ifoda shakllari jihatidan ham xilma-xillik kasb etmoqda. Albatta, bunga tabiiy hol sifatida qarasak o‘rinli bo‘lar, chunki xozirgi globallashuv davrida biror shaxs yoxud butun bir ijtimoiy guruhning biror ruhiy-ma’naviy holatda muqim yashashi qiyin. Xuddi shu hol o‘zbek adabiyotida ham aks etib, undagi rang-baranglikni ta’minlayotgan asosiy omil bo‘lsa, ajab emas. Lekin shu jarayonda ham muayyan oqim va umumiylikni ko‘rsatuvchi jihatlar talaygina topiladi. Xususan, Sharq va Gʻarb madaniyatlari yaqinlashuvi natijasida shakllanayotgan tamoyillar, olamni xaos deya qabul qiluvchi postmodernizm yo‘nalishining qisman ta’siri bugungi kun nasrida sezilarli darajada namoyon bo‘lmoqda.

Sa'dullo Quronov


Rus faylasufi P.Grechko “Hozirgi kunda “postmodernizm”day ommabop, mavhum va ko‘p qirrali termin yo‘q”, deb yozgan edi. Shu ma’noda o‘zbek adabiyoti namunalarini postmodernizm yo‘nalishi tamoyillari asosida tahlilga tortish ba’zi nazariy chalkashliklaru sun’iy xulosalarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo muammoning ikkinchi bir tarafidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi: glaballashuv, ilm-fan taraqqiyotining yangi bosqichga ko‘tarilishi, har qancha taraqqiy topmasin, tabiatning “oddiy” hodisalariga oydinlik kiritolmayotgan, na koinotning va na kichik zarraning cheku chegarasini topolmay tang bo‘layotgan inson salohiyati va uning o‘zgarib borayotgan maqsadlari, hayotiy ma’nosi, umuman, adabiy jarayon shakllanayotgan davr, yangi ijtimoiy munosabatlarning san’atga ta’siri masalasi ham borki, bu milliy adabiyotimizda yaratilayotgan muayyan asarlarga yangicha bir nigoh bilan qarashga undayveradi.


Taniqli adib Ulug‘bek Hamdamning keyingi ijodiy faoliyati haqida keng taassurot beruvchi “Lola”, “Bir piyola suv”, “Pillapoya”, “Safar” kabi hikoyalari ham yuqoridagi maqsadimizga to‘la mos keladi. Boisi, bu hikoyalar Ozod Sharafiddinov e’tirof etganiday “tom ma’noda an’anaviy uslubda yozilgan” “Muvozanat” romani yoki modernizmning ekspressionizm oqimiga yaqin turuvchi “Yolg‘izlik” qissalaridan nafaqat mazmun-mohiyati, balki ifoda xususiyatlariga ko‘ra ham jiddiy farq qiladi.


Yozuvchining so‘ngi hikoyalarini bir turkumga mansub deyish mumkin. Yanada aniqlik kiritsak, men ularni “Yo‘l hikoyalari turkumi” deb atagan bo‘lardim. Chunki har bir hikoya voqealari muayyan YO‘Lda kechadi. Ahamiyatli jihati shundaki, asar syujetida faqat yo‘lning o‘zigina mavjud bo‘lib, hikoyada uning na boshi na oxiri aniq ifodalanadi. Aytaylik, “Lola” hikoyasida qahramon tog‘lar oshib borarkan, maqsadi umrining mazmuni bo‘lgan lolani topish edi. Lekin qahramondagi bu istakning tug‘ilish sabablari ham, yakunda uning zahmatlari natijasi ham asarda ko‘rsatilmaydi. Qahramon to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ustida namoyon bo‘ladi: “Shundoq ro‘baro‘mda qoya – qirrador toshli, tik va bahaybat”. “Bir piyola suv”da ham xuddi shunday holga guvoh bo‘lamiz: “Menga vazifa yuklatilgan edi. Biroq nima uchun aynan menga? – bilmayman. Kim va qanday vaziyatda topshiriq berdi? – buni ham negadir eslay olmayman. Yodimda qolgani – nimadir ortilgan, ikkita ot qo‘shilgan aravani shom tushgunga qadar manzilga eltishim zarur”. “Pillapoya” hikoyasi qahramoni esa zinadan ko‘tarilayotgan holida tasvirlanadi. Yozuvchi bu zinalardan ko‘tarilayotgan va tushayotgan odamlar barobarida butun insoniyatning umr yo‘lini tasvirlashga urinadi. “Safar” hikoyasidagi YO‘L esa boshqalaridan biroz farq qiladi. Unda asar qahramonlari qiz va yigitning orolga kelib ketishi bashariyat qismatidagi yo‘lni ifodalaydi. Adib butun tarixni kichik bir modelga joylab, aslida safar insoniyat ibtidosidan boshlanganiga ishora qiladi. Umuman, bu borada ijodkorning maqsadini anglash qiyin emas. Ya’ni uning uchun tugal voqelik emas, YO‘L muhimroq. Boshqacha qilib aytganda, sabab va natija munosabatidagi xulosalar emas, mavjud jarayon, undagi ramzlar maqsadga aylangan.


“Yo‘l hikoyalari turkumi”ning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, ularda shaxs maqomi unutiladi. Ulug‘bek Hamdamning bundan o‘n besh yillar oldin yozilgan “Yolg‘izlik” qissasini o‘qirkanmiz, yuqoridagilardan farqli, o‘zgacha bir holga duch kelamiz. Asarda muayyan kayfiyat ifodasi birlamchi o‘rinda bo‘lib, uning butun mazmun-mohiyati shu kayfiyat bilan bog‘liq holda tasvirlanadi. Qahramon − jamiyat ahlidan begonalashgan, hamma qatori turmush tashvishlari bilan andarmon yashashni ep ko‘ramaydigan SHAXS. Uning ruhiy olamidagi evrilishlar ijtimoiy hayot va individ ko‘nglining chambarchas aloqasi – o‘zaro zid munosabati asosida yuzaga kelgan. Qahramon inson mavjudligini anglash yo‘lida avvalo o‘zini taftish qilarkan, chiqargan xulosalari maqsadli jarayonning umumiy yechimi vazifasini o‘taydi. Agar “Yolg‘izlik”ning qahramoni – shaxs o‘zini xaotik olamda yolg‘iz his etib, mavjud qonuniyatlarga qarshi, isyonkor pozisiyada tursa, “Yo‘l hikoyalari turkumi” qahramoni shu xaotik olamning oddiy, ziddiyatga va munosabat bildirishga kirishmaydigan yo‘lovchisiga aylanadi.


E’tibor qilgan bo‘lsangiz, “Yo‘l hikoyalari turkumi”dagi yetakchi xususiyatlardan biri sifatida ularda xaotik jarayon ifoda etilayotganini ta’kidalashga urinyapmiz. Albatta, bu judayam bahsli masala, ayniqsa, Sharq tafakkuri haqida so‘z borarkan. Lekin biri ikkinchisini inkor etayotgan va olamni turli rakurslarda tushuntirishga urinayotgan falsafiy-ilmiy qarashlar, urchib borayotgan omma madaniyati, o‘ziga xos demokratik tamoyillar, jahon energetikasi ortida yuzaga kelgan tahlikali zamon – postmodernizmni shakllantirgan bu kabi omillar butun insoniyatga-da daxldor emasmi? Bizningcha, maqola avvalida ta’kidlab o‘tganimiz postmodernizm yo‘nalishining qisman ta’siri shu o‘rinda namoyon bo‘ladi.  Keyingi davr o‘zbek adabiyotida bu kabi ifoda tez-tez uchrab turgani ham sir emas.


“Yo‘l hikoyalari turkumi”da har bir qahramon taqdiri muayyan YO‘Lda kecharkan, uning manzili mavhum tarzda ifodalanadi. Demak, bu o‘rinda manzilga yetmagan yo‘lovchi maqsadining o‘zi xaotik. Masalan, “Lola” hikoyasida yozuvchi, hatto, lolaga erishilgan taqdirda ham yana boshqa lolalarning yuzaga kelishi mumkinligini inkor etmaydi… Noma’lum yukni noma’lum manzilga eltayotgan (“Bir piyola suv”) yoki ma’no izlab yuqoriga ko‘tarilayotgan (“Pillapoya”), zinadan pastga tushayotgan moʻtabar zot chehrasida o‘sha ma’noni ko‘rmagan bo‘lsa-da, hamon MA’NI izlayotgan qahramonda, bilganlari faqat kelish-u kun kelib ketishdan iborat (“Safar”) kishilar taqdirida ana shu xaosni ko‘rishimiz mumkin.


Hikoyalarda postmodernizm yo‘nalishini yodga soluvchi jihatlar uchrab tursa-da, biz ularga “Gʻarb postmodernizmining ayni o‘zi” deya baho berishdan tiyilamiz. Zero, xaotik jarayonning yo‘lovchisi sifatida e’tirof etilayotgan qahramonimiz maqsadlari Gʻarbdagi “hamroh”inikidan jiddiy farq qiladi (faqat bu borada biroz keyinroq).


***


Biz yuqorida bugungi jahon taraqqiyoti va butun insoniyat kayfiyatining umumiy jihatlari, globallashuv davrida millatlar va madaniyatlar tobora bir-biriga yaqinlashib borayotgani haqida aytib o‘tdik. Shunday bo‘lsa-da, Sharq va Gʻarb kishisining yashash falsafasi o‘rtasida hamon katta farq mavjud. Mashxur rus olimi Yuriy Borev “Yangi davr – yangi paradigmalar demakdir”[1] deb yozadi. U insoniyat tarixidagi paradigmalarni tartibi bilan sanarkan, so‘nggi, modernizmdan keyingi (hozirgi) davrni “Sharq modeli” deb ataydi. Unga ko‘ra: “Sharq madaniyatlari olg‘a surayotgan paradigma jamiyat hayotining ideal va maqsadlarini ko‘rsatmaydi, balki donishmandlik va purtadbirlik ila uning yo‘lini belgilab beradi”[2]. Uning Sharq falsafasi haqidagi fikrlari “Yo‘l hikoyalari turkumi” mazmun-mohiyatiga yaqin keladi. Ya’ni bu hikoyalar ifodasida anglangan manzil (ideal) tasviri emas, balki shu manzilga eltuvchi yo‘l va unga qadar yo‘lovchining toblanib borishi muhimroq.


Keling, fikrlarimizni mumtoz adabiyot namunalariga murojaat etish bilan mustahkamlashga urinib ko‘ramiz. Zero, nasrimizdagi bu yo‘nalish yangi dunyo taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa-da, uning bir tarafi boy madaniy merosimiz bilan to‘yingan. Shu sabab “YO‘L” mavzusida so‘z borarkan, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”, Navoiyning “Lison ut-tayr” kabi dostonlarini yodga olmay sira iloji yo‘q. Bir-biriga judayam o‘xshash bu asarlarning qahramonlari (qushlar) ham Semrug‘ni izlab yo‘lga chiqadilar. Ular manzilga yetganlarida izlaganlari Semrug‘ni topa olmasalar-da, o‘zlari uning darajasida ekanligini tushunib yetadilar. Bu o‘rinda olamdagi barcha narsada Yaratganning O‘zi tajalli etadi va butun borliq bir vujudda mujassam (Vahdatul vujud) degan tasavvufiy qarashning dalili mavjud. Lekin bularni anglash, chin ma’noda his qilish mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganlargagina nasib qiladi.


Ko‘rinib turibdiki, “Yo‘l hikoyalari turkumi” bilan mumtoz adabiyotimiz namunalari o‘rtasida kuchli bog‘liqlik bor. Bu asarlarning barini ma’ni izlab borayotgan yo‘lovchi obrazi birlashtirib turadi. Ammo Semrug‘ni izlab borayotgan qushlardan farqli o‘laroq, bizning qahramonlarimizdan hech biri o‘z manziliga yetib bormagan. Attor va Navoiyning dostonlari, albatta, xaosdan holi. Shu sababdan ham safarga otlangan qushlar oldida Ideal, Maqsad va Manzil kunday ravshan. Balki biz taqqoslashga urinayotgan asarlar o‘rtasidagi asosiy farq ham shundadir. To‘g‘ri, “Bir piyola suv” va “Safar” kabi hikoyalarda qahramon izlayotgan ma’ni, aslida uning o‘zi bilan birga ekanligiga ishora mavjud esa-da, lekin ularda ham ideal va maqsad ochiq-oydin ko‘rsatilmaydi.  


Shu o‘rinda e’tiboringizni yana bir qator asarlar: Paulo Koeloning “Alkimyogar”, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” va “Ozod” kabi romanlariga qaratmoqchiman. Sababi bu asarlarda ham yo‘lovchi obrazi tasvirlanadi. “Alkimyogar” romanining xazina izlab yo‘lga tushgan Santyago ismli qahramoni o‘z manziliga yaqinlashib borarkan, komillikka erisha boshlaydi. U manzilga yetib kelganda esa, izlagani o‘z yurtida ekanligini tushunib yetadi. Xuddi shunga o‘xshash voqelik “Ozod” romanida ham aks etadi. Roman qahramoni ham baxtning timsoli lolani qidirib yo‘lga chiqarkan, manzilga qadar turli voqealaru sinovlarni boshdan kechiradi. Axiyri, manzilga yetgan Ozod lolaning o‘ziday nochor, uning o‘ziday baxtga orzumand mahluqot ekanligi ko‘rib bariga tushunadi: “Baxtu saodat nima ekanini endi-endi anglamoqdaman… yo‘limda uchragan hamma narsa aslida xulosa chiqarishim va ma’nisini anglashim uchun ataylab yo‘llarimga sochib qo‘yilganini ham tushunyapman.” Va Ozod o‘zidagi mislsiz kuchni yurtiga qaytgandagina his qiladi. Umuman, har ikki roman syujeti ildizlari ham Sharq mumtoz adabiyoti namunalariga borib tutashadi. Ammo Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani haqida bunday hukum chiqarib bo‘lmaydi. Asarda ketar yo‘lidan adashgan bashariyat qismati qalamga olingan bo‘lib, unda o‘rgimchak to‘riday chirmashib ketgan o‘nlab yo‘llarni ko‘rish mumkin. “Boqiy darbadar” mohiyatan “Yo‘l hikoyalari turkumi”ga yaqin turadi. Chunki uning qahramoni ham manziliga yetib bormagan, ammo hamon o‘z yo‘lini qidirish bilan ovora. “Boqiy darbadar”dagi ayni shu jihat uni “Ozod” romanidan keskin farqlovchi omil bo‘la oladi.


Aytmoqchimizki, Ulug‘bek Hamdamning “Yo‘l hikoyalari turkumi” va Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanida bugungi kun kayfiyati, postmodernizm yo‘nalishining qisman ta’siri zuhur bo‘lgan. Shu sababdan biz ularni to‘laligicha mumtoz adabiyot namunalari bilan taqqoslay olmaymiz.



***


Gʻarbda, umuman, butun dunyoda ommaviy didsizlik tobora kuchayib borayotgan bir paytda, bizning adabiyotimizda bunday asarlarning yaratilayotgani, albatta, quvonarli. Yu.Borev “sovuq urush tugaganidan so‘ng boshlangan yangi davr bashariyat tarixida ilk bor hech qanday mavjudlik formulasiga ega emas”[3] deb yozadi. Yana bir rus san’atshunosi V.Mikushevich postmodernizm insoniyatga xaos va bema’nilikdan o‘zga narsa bera olmaydi deb hisoblaydi. Balki umumiy olib qaraganda, insoniyat shunga o‘xshash kayfiyatga tushib qolgandir. Balki Gʻarb kishisi maqsadsiz va idealsiz yashashga ko‘nikib ulgurdandir. Lekin bu “Sharq modeli” emas!


Ideal va oliy maqsadlar insoniyat hayotining asl mazmunidir. Ammo bugungi dunyo kayfiyati o‘z mavjudligida ana shu ma’nining borligiga shubha bilan qaramoqda. Aslida, ayni shu kayfiyatni ifodalovchi postmodernizmni shakllantirgan asosiy omillardan biri bu Sharq va Gʻarb madaniyatlarining yaqinlashuvidir. Lekin Sharqning BEMANILIKka qanday aloqasi bor?!..


SHARQ – hind, xitoy, musulmon elatlari falsafalarini (daosizm, konfutsiy, induizm, sufizm) kuzatganimizda, ularning barida dunyoning MA’NIsiz ekanligiga ishorat borligining guvoh bo‘lamiz. Sharq kishisi uchun doim taqdiri azalning haqligi, dunyoning foniy ekanligi muhim bo‘lgan. Shu sababdan u ideal va ma’noni real olamdan emas, undan tashqarida izlagan. Xuddiy shunday, agar u mavjud jarayonni xaotik holda ko‘rasa-da, chinakam tartib va butunlikni idrok etish uchun inson tafakkuri ojizlik qilishiga ham iymon keltira oladi. Balki Gʻarbga bir muncha pessimist Sharqning foniy dunyoga bo‘lgan munosabati ta’sir etib, optimist kishilar buning ortidagi mohiyatni o‘zlariga singdira olmagandirlar?..


Xullas, o‘zbek nasri shaklda har qancha yangilanmasin, o‘z mohiyatida sharqona yashash falsafasini saqlab qolaveradi. Shu bois ham ularda olamni anglash yo‘lida inson irodasidan tashqaridagi Kuchning bevosita ifodasi (“Yo‘l hikoyalari turkumi”, “Boqiy darbadar”), insonni dunyo charxpalagining oddiy, ammo kuzatuvdagi yo‘lovchisi sifatida tasvirlashga bo‘lgan harakat mavjud.


Biz yuqorida nasrimizdagi o‘zgarishlar Gʻarb postmodernizmidan jiddiy farq qilishini aytib o‘tgandik. “Yo‘l hikoyalari turkumi” ayni shu fikrimizni tasdiqlay oladi. Qahramon o‘z mavjudligi, manzili va asl maqsadini idrok eta olmasa-da, MA’NI qidirishdan to‘xtamaydi. Agar postmodernistlar olamni xaos deya qabul qilib, uni bor-boricha (bema’ni) tasvirlashga urinsa, Ulug‘bek Hamdam asarlarida xaos deb ko‘rilgan jarayondan qochish, undan ma’no va butunlikni qidirish kuchli.


Bizningcha, nasrimizdagi o‘zgarishlarga umumjahon iqtisodiy-siyosiy va madaniy hayotidagi o‘zgarishlarning milliy zamin tayangan qadryatlar bilan sintezi sifatida qarash o‘rinli bo‘ladi. E’tirof etayotganimiz Ulug‘bek Hamdam ijodiyotidagi silsilalar ham ayni shu nuqtalarda namoyon bo‘ladi.


Manba

Report Page