Poliz ekinlari kasalliklari

Poliz ekinlari kasalliklari

@Dexqonchilik_uz


Poliz ekinlari maysalari chirishini gifomitsetlar Fusarium equisetii, Fusarium spp., Rhizoctonia solani, Thielaviopsis basicola va oomitset Pythium spp., qoʻzgʻatadi.

Kasallik poliz ekinlarini ochiq dala va issiqxonalarda zararlaydi va u dunyoning barcha mamlakatlarida, jumladan, Oʻzbekistonda ham keng tarqalgan. Poliz ekinlari issiqsevar boʻlgani uchun ular past haroratda zaiflashib, kasalliklarga chidamliligi keskin pasayadi. Issiqxonalarda tuproq harorati keskin oʻzgarib turishi va 21°C dan past (14-16°C) boʻlishi, sovuq (9-11°S) suv bilan sugʻorish, urugʻni fungitsid bilan dorilamasdan chuqur ekish, bodring urugʻi unmasdan yoki urugʻbarg tuproq yuzasiga chiqmasdan chirib ketishining asosiy sabablaridir. Bu sabablar, hamda azotli oʻgʻitni keragidan ortiqcha berish, ob-havoning keskin oʻzgarishlari, havo namligi yuqori boʻlishi, havo almashinuvi yetarli boʻlmasligi va qatqaloq, unib chiqqan urugʻbarg va yosh oʻsimliklar xira-yashil tus olishi, ildiz boʻgʻzida va poyada qaynoq suvda kuyganga oʻxshash rangsiz, soʻngra qoʻngʻir dogʻlar rivojlanishi, ildiz boʻgʻzi ingichkalashishi, qoʻngʻir tus olishi va chirishi, natijada oʻsimlik ѐtib qolishi va soʻlishiga olib keladi. Omon qolgan, ammo zararlangan yosh oʻsimliklar poyasining pastki qismi va ildizlarida suv shimganga oʻxshash, botiq, rangsiz, soʻngra qoʻngʻir tus oluvchi (Pythium spp.,), botiq, qoʻngʻir (Rhizoctonia solani) yoki qizgʻish- qoʻngʻir (Fusarium equisetii, Fusarium spp.) dogʻlar va yaralar paydo boʻladi, ildiz tuklari chirib, tuksiz boʻlib qoladi, barglari sargʻayadi va pastkilaridan boshlab, asta-sekin quriydi.

Qoʻzgʻatuvchi zamburugʻlar tuproqda saqlanadi va tuproq kasallikning asosiy manbai hisoblanadi. Ular oʻsimlik toʻqimasiga ildiz qobigʻidagi kichik chatnashlar va ildiz tuklari orqali kiradi va zararlaydi. Issiqxonada har yili bodring ѐki boshqa, nihol kasalliklariga moyil ekinlar ekilishi qoʻzgʻatuvchining propagulalari tuproqda yildan-yilga koʻpayishi va yigʻilishiga, natijada oʻsimliklarning urugʻbarglari va maysalari zararlanishi yildan-yilga kuchayib borishiga olib keladi. Tuproqdan tashqari, torf, goʻng, urugʻlik va sugʻorish suvi ham kasallik manbaalari boʻlishi mumkin. Bodring, qovun, tarvuz, qovoq va boshqa poliz ekinlarining urugʻbarg va ѐsh oʻsimliklarining chirishi dala sharoitida ham koʻp uchraydi. Bu ekinlarning urugʻbargi tuproq yuzasiga chiqqandan 3-4 hafta oʻtganga qadar, ular kasallikka juda chidamsiz. Kasallik ekinlar juda siyrak boʻlib qolishiga, oʻsimliklar vaqtidan oldin qurib ketishiga va hosil pasayishiga olib keladi. Kasallikka chidamli navlar mavjud emas.

Kurash choralari. Issiqxonalarda joriy qilingan ob-havo rejimiga qatʼiy rioya qilish, havo va tuproq harorati 20-22°C dan past boʻlmasligini taʼminlash, iliq(20-25°C) suv bilan sugʻorish;

bodring urugʻini ekish uchun tayyorlangan tuproq yoki kompostga tolklofos-metil yoki etridiazol + kuintotsen fungitsidlarini solish; zararlangan tuproqni ekishdan oldin almashtirish yoki zararsizlantirish; urugʻlikni faqat sogʻlom ekinlardan olish; iloji boʻlsa, 3-4 yilgacha saqlangan urugʻ ishlatish; ekishdan oldin urugʻlarni 50-60°C haroratda 4-5 soat davomida isitish; viroz, fuzarioz va askoxitozdan zararsizlantirish uchun urugʻlarni ikki bosqichda isitish (oldin 50-52°C da 3 sutka, keyin haroratni asta-sekin 78-80°s gacha koʻtarish va shu haroratda yana 1 sutka saqlash); saralash (3-5% li osh tuzi eritmasiga solib, 3 daqiqa davomida aralashtirish, yuzaga chiqqanlarini doka bilan suzib olib tashlash, qolganlarini suv bilan bir necha marta yuvish, dorilash va quritish); ularni ekishdan oldin 12-20 soat davomida ivitish; issiqxona va ochiq dalalarda tuproqni chopib, maydalab turish; bodring, qovun, tarvuz va qovoqning sifatli, saralangan urugʻlarini keng spektrli fungitsid (misol uchun, Vitavaks 200FF) yoki trixodermin (7 g/kg) bilan dorilash, balandroq joʻyaklarga saѐzroq ekish, keragidan ortiq sugʻormaslik; almashlab ekish tavsiya qilinadi.


T.me/dexqonchilik_uz


​❗Qadrli do'stlar, bugungi dexqonchilikka oid mavzularimizni xozircha shu yerda to'xtatamiz va ertaga esa sizlarga ko'plab murojaatlarga asosan, poliz ekinlari kasalliklari (2- qism) to'g'risidagi mavzular bilan davom ettiramiz.


Bizdan uzoqlashmang!!!✔✔✔


t.me/dexqonchilik_uz



Report Page