Pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar yuzasidan takliflar
EconomyMoliyaPressBugungi kunda O‘zbekistonda uch darajali pensiya tizimi mavjud. Davlat pensiyasi Pensiya jamg‘armasida yig‘iladigan ijtimoiy soliq mablag‘lari, majburiy va ixtiyoriy jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘lari esa fuqarolarning Xalq bankidagi hisobvaraqlaridagi badallar hisobidan shakllantiriladi.
Amaldagi pensiya qonuni 1993-yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida tizim takomillashtirib borildi.
Pensiyalarni har yillik inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda qayta hisoblash hamda eng kam pensiyalar miqdorini iste’mol xarajatlari miqdoridan oz bo‘lmasligi qonunchilik bilan kafolatlanib, pensiyalarning miqdori so‘nggi 10 yilda 3,3 barobarga oshirildi.
Pensiya jamg‘armasi tomonidan aholiga 18 turdagi xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatilmoqda. Jumladan, yoshga doir va nogironlik pensiyalarini fuqarolarning murojaatisiz proaktiv shaklda tayinlash joriy etildi. Bir yilda o‘rtacha 3,8 mln ta xizmat interaktiv, proaktiv va elektron shaklda ko‘rsatilmoqda.
Biroq bugungi kunda pensiya tizimida bir qator o‘z yechimini topishi lozim bo‘lgan muammolar mavjud.
Jumladan, pensiya hisoblashda fuqaroning butun mehnat faoliyatidagi Pensiya jamg‘armasini shakllantirishdagi ishtiroki emas, qisqa davr — oxirgi o‘n yildagi ketma-ket besh yillik ish haqi asosida hisoblanadi.
Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 6 million so‘mgacha bo‘lib, iqtisodiyotdagi real o‘rtacha ish haqi darajasidan ortda qolmoqda.
Shuningdek, fuqarolarning ish haqi va ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlari to‘liq raqamlashtirilmagan.
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ish haqining atigi 0,1 foizi ajratilishi sababli fuqarolarda keksalikda sezilarli qo‘shimcha daromad shakllanmayapti.
Ixtiyoriy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi jozibadorligi yetarlicha emasligi sababli 2025-yilda tizimda atigi 12,5 ming nafar fuqaro ishtirok etgan.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilganlarning katta qismi pensiya va ijtimoiy sug‘urta huquqini shakllantirmayapti. O‘zini o‘zi band qilganlar soni jami 5,9 mln nafarni, 2025-yilda yangi ro‘yxatdan o‘tganlar soni 2,9 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa-da, faqat 860 ming nafari ijtimoiy soliq to‘lagan, xolos.
Shuningdek, pensiya yoshi 1993-yilda belgilangan bo‘lib, o‘tgan davrda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 67,9 yoshdan 75,4 yoshga oshgan bo‘lsa-da, pensiya yoshi bunga muvofiqlashtirilmagan.
Demografik o‘zgarishlar ham pensiya tizimiga bosimni oshirmoqda.
2025-yilda pensionerlarning aholi soniga nisbati 11,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2040-yilda bu ko‘rsatkich 15 foizga yetishi kutilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish bo‘yicha quyidagi takliflar ishlab chiqildi.
Birinchi yo‘nalish — pensiya xizmatlarini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy qilish.
2027–2028-yillarda Pensiya jamg‘armasining barcha 25 turdagi xizmatini elektron va proaktiv shaklga o‘tkazish, sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan Call-markaz va «Pensiya» mobil ilovasini joriy etish taklif etilmoqda.
Bunda fuqaroning ish staji, to‘lagan ijtimoiy solig‘i va kutilayotgan pensiyasi yagona profilda ko‘rinadi. Stajdagi kamchiliklar haqida fuqaro oldindan xabardor qilinadi va pensiya yoshiga yetganda pensiyani ariza hamda qog‘oz hujjatlarsiz proaktiv tayinlash imkoniyati yaratiladi.
Ikkinchi yo‘nalish — pensiyani hisoblash tartibini takomillashtirish.
Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini amaldagi 5 yildan bosqichma-bosqich 20 yilgacha oshirish taklif etilmoqda. Bunda mehnat faoliyati davrida kasallik yoki boshqa sabab bilan past ish haqi olgan 10 foiz davr pensiya hisoblashdan chiqarib tashlanadi.
Bundan tashqari, 2028-yildan yangi pensiya tayinlashda ish haqining chegarasi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 barobaridan 13 barobariga, ya’ni 6 million so‘mdan 6,6 million so‘mgacha oshiriladi.
Uchinchi yo‘nalish — jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish.
Kam daromadli, ya’ni 7,6 mln so‘mgacha ish haqi oluvchi fuqarolar ish haqidan ixtiyoriy 5 foiz miqdorida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga o‘tkazgan badalining 50 foizigacha miqdoridagi mablag‘ davlat tomonidan qo‘shimcha to‘lash taklif etilmoqda.
Shuningdek, yuqori ish haqini rasmiylashtirishni rag‘batlantirish maqsadida ish haqining 7,6 mln so‘mdan yuqori qismining 1 foizi, to‘langan ijtimoiy soliq hisobidan fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga yo‘naltirish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, 2027-yil yakuniga qadar xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etish, ularning aktivlarini boshqarish va fuqarolar mablag‘larini himoya qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
To‘rtinchi yo‘nalish — Pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash.
Ijtimoiy soliq bo‘yicha yangi imtiyozlar berishni to‘xtatish va mavjud imtiyozlarni 2030-yilgacha to‘liq bekor qilish taklif etilmoqda.
Beshinchi yo‘nalish — pensiya va ijtimoiy sug‘urta qamrovini kengaytirish.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi o‘zgartirilmagan holda, bu amalda yiliga 440 ming so‘m to‘lovlarni majburiy shaklga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bunda fuqarolarga to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, misol uchun har oyda 36 ming so‘mdan to‘lash imkoniyati beriladi.
Buning evaziga fuqarolarga bir yillik ish staji, kelgusida pensiya kafolati, shuningdek, qo‘shimcha ravishda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalari ham to‘lanadi.
Bundan tashqari, rasmiy daromadga ega fuqarolarga ishlamaydigan oila a’zolari ish stajiga va kelgusida pensiya kafolatiga ega bo‘lishi uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash huquqini berish taklif etilmoqda.
Oltinchi yo‘nalish — pensiya tayinlash uchun minimal ish stajini oshirish.
Pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal ish staji talabi amaldagi 7 yildan 2027-yildan boshlab har yili 1 yildan oshirilib, 2034-yilda 15 yilga yetkaziladi.
Bunda yetarli ish stajini to‘play olmagan fuqarolar uchun amaldagi tartib bo‘yicha pensiya yoshidan 5 yil o‘tgach yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi.
Yettinchi yo‘nalish — pensiya yoshini bosqichma-bosqich o‘zgartirish va kechroq pensiyaga chiqishni rag‘batlantirish.
Pensiya yoshi 2028-yildan boshlab bosqichma-bosqich har yili 3 oydan oshirilib, 2039-yilda erkaklar uchun 63 yosh va ayollar uchun 58 yoshga yetkaziladi.
Misol uchun, 2028-yil yanvar oyida 55 yoshga to‘lgan ayol 3 oydan so‘ng, ya’ni 2028-yil aprel oyida pensiyaga chiqadi.
Shuningdek, 2027-yildan umumiy belgilangan yoshdan bir yil oldin pensiyaga chiqish tartibini bekor qilish taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, yuqori ish haqidan ijtimoiy soliq to‘lab, mehnat faoliyatini davom ettirayotgan va pensiyaga kechroq chiqish istagini bildirgan fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmlari ham taklif etilmoqda. Ya’ni, belgilangan pensiya yoshidan 6 oyga kech chiqish istagini bildirgan fuqarolarga pensiya hisoblashda ish haqining yuqori chegarasini pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 14 baravarigacha, ya’ni 7,1 mln so‘mga, 12 oyga kechiktirganda esa pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravarigacha, ya’ni 7,6 mln so‘mgacha oshirish orqali pensiya miqdorini 8–15 foizgacha oshirish huquqi taqdim etilmoqda.
Alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda pensiya va nafaqa olayotgan fuqarolarga tayinlangan pensiyalar qayta ko‘rib chiqilmaydi va to‘lovlari kamaytirilmaydi.
Mazkur islohotlarning asosiy maqsadi amaldagi pensiyalarni qisqartirish yoki mablag‘larni iqtisod qilish emas, asosiy maqsad — fuqaroning butun mehnat faoliyati, rasmiy ish haqi, ish staji va to‘lagan ijtimoiy solig‘i pensiyasida adolatli aks etadigan, aholini ijtimoiy himoya bilan qamrab oladigan hamda kelgusi avlodlar uchun ham ishonchli ishlaydigan tizimni shakllantirishdir.
Mazkur islohotlar natijasida pensiya miqdorining mehnat faoliyati bilan bog‘liqligi kuchayadi, shaxsiy, xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalari rivojlantiriladi, fuqarolarda pensiya mablag‘larini jamg‘arish uchun tanlov imkoniyati yaratiladi hamda barcha pensiya xizmatlari elektron va proaktiv shaklga o‘tkaziladi.