Pauerlifting
O'zbekiston Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasiSport turining rivojlanish tarixi
1964-yilda ushbu sport turi Tokio shahrida o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlarida “Og‘ir atletika” nomi ostida ilk bor namoyish etilgan bo‘lib, bu musobaqalarda faqatgina orqa miyasi jarohatlangan erkak sportchilar ishtirok etgan.
Keyingi yillar davomida sport turiga boshqa guruhlar ham qo‘shila boshlandi.
1992-yilda esa ushbu sport turi Paralimpiya o‘yinlari dasturida “og‘ir atletika” emas, balki “pauerlifting” nomi bilan yuritilishi haqida qaror qabul qilindi. Barselonadagi Paralimpiya o‘yinlarida 25 ta mamlakat sportchilari medallar uchun kurash olib bordi.
1996-yilda Atlantada bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlariga kelib, ishtirokchi mamlakatlar soni 58 taga yetdi. 2000-yilda Sidney Paralimpiya o‘yinlarida esa ayollar ilk marotaba ishtirok etishdi va sportchilar besh qit’adan medallar uchun bellashdilar.
Bugungi kunda ushbu sport turi 100 dan ortiq mamlakatlarda rivojlangan.

Musobaqalarning asosiy qoidalari
Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (MPQ) tasarrufidagi pauerlifting — bu sport turi bo‘lib, unda atlet tana yuqori qismining kuchini namoyish etadi. Ba’zida sportchining shtangani o‘z tana vaznidan 3–4 barobar og‘irlikda ko‘tarayotganini ko‘rish mumkin.
Pauerlifting bilan erkaklar ham, ayollar ham shug‘ullanishi mumkin. Ularda turli xil jismoniy nuqsonlar (mushak distrofiyasi, passiv harakat amplitudasining cheklanishi, oyoq-qo‘l yetishmovchiligi, oyoq uzunliklari farqi, past bo‘y, gipertoniya, ataksiya va atetoz), harakat funksiyasining pasayishi (miya falaji, orqa miya jarohatlari, pastki oyoq-qo‘l amputatsiyasi, poliomielit) bo‘lishi mumkin. Ushbu nuqsonlar MPQ pauerlifting qoidalarida belgilangan talablarga mos bo‘lishi lozim. Barcha sportchilar bitta sport sinfida, ammo turli vazn toifalarida musobaqalashadi.
Sportchi shtangani yotgan holda, tirsaklari to‘liq yozilgan holatda ushlab turishi, so‘ngra uni ko‘kragiga tushirib, ko‘krakda to‘liq harakatsiz holatda to‘xtatishi, keyin esa shtangani yana yuqoriga itarib, tirsak bo‘g‘imida to‘liq fiksatsiya qilishi shart. Sportchiga uch marotaba urinish beriladi; eng katta og‘irlikni muvaffaqiyatli ko‘targan sportchi g‘olib deb topiladi.
Sportni Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi boshqaradi, texnik nazoratni esa MPQ pauerlifting texnik qo‘mitasi amalga oshiradi.
Sportchilar pauerlifting musobaqalariga 14 yoshdan kichik bo‘lmagan taqdirda qo‘yiladi.
• Erkaklar vazn toifalari: 49 kg, 54 kg, 59 kg, 65 kg, 72 kg, 80 kg, 88 kg, 97 kg, 107 kg va 107+ kg.
• Ayollar vazn toifalari: 41 kg, 45 kg, 50 kg, 55 kg, 61 kg, 67 kg, 73 kg, 79 kg, 86 kg va 86+ kg.
Pauerliftingda erkaklar ham, ayollar ham shtangani maxsus o‘rnatilgan skamyada yotgan holda ko‘taradilar, barcha harakatlar hakam buyrug‘i bilan bajariladi. Har bir sportchi uchta urinishga ega. Ammo agar sportchi rekord o‘rnatish maqsadida qo‘shimcha urinmoqchi bo‘lsa, unga to‘rtinchi urinish qilishga ruxsat beriladi.
Yosh guruhlari.
Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan pauerlifting musobaqalari uchun Paralimpiya o‘yinlari bundan mustasno, uchta yosh guruhi mavjud. Paralimpiya o‘yinlarida esa faqat bitta — vazn toifasi ichida kombinatsiyalangan yosh guruhi qo‘llaniladi.
1. O‘smirlar guruhi (yoshlar): 14 yoshdan 23 yoshgacha.
(Ular xohlagan taqdirda kattalar guruhida ham ishtirok etishlari mumkin. Bunday hollarda musobaqalar amaldagi vazn toifasida o‘tkaziladi yoki muayyan cheklovlar joriy qilinadi.)
2. Kattalar guruhi: 23 yoshdan boshlab.
3. Ustozlar (masterlar) guruhi: 40 yoshdan boshlab.
(Bu sportchilar ham xohlagan hollarda kattalar guruhidagi ochiq musobaqalarda qatnashishlari mumkin. Bunday hollarda musobaqalar mavjud vazn toifasi doirasida o‘tkaziladi yoki cheklovlar belgilanadi.)
Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasining pauyerlifting musobaqalarda qatnashish yoshi bo‘yicha mezonlar; sportchilari quyidagi belgilangan yoshdan boshlab qatnashishlari mumkin:
• Tasdiqlangan (ruxsat etilgan) musobaqalar: 14 yoshdan boshlab.
• Mintaqaviy musobaqalar yoki mintaqaviy o‘yinlar: 15 yoshdan boshlab.
• Jahon chempionati va Paralimpiya o‘yinlari: 16 yoshdan boshlab.

Musobaqalar o‘tkazish uchun mo'ljalangan joy
Tayyorlov maydoni. Sportchilarni musobaqaga tayyorlash uchun nazorat qilinadigan qizish (razminka) zonasi taqdim etilishi kerak. Bu zona qulay joylashgan, musobaqa zonasiga bevosita yaqin, hamda yaqinida foydalanish mumkin bo‘lgan hojatxonalar mavjud bo‘lishi lozim.
Tayyorlov maydoniga va mashg‘ulot zonasiga bir vaqtning o‘zida trenerlar tarkibidan ikki nafardan ortiq vakilning kirishiga ruxsat etilmaydi.
Tayyorlov maydoni quyidagi jihozlar bilan ta’minlanishi kerak:
• Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi pauerliftingi qoidalariga mos ravishda ma’lum miqdordagi tasdiqlangan skameykalar;
• ishtirokchilar soniga mos shtanga va disklar to‘plamlari, qulfchalar, belbog‘lar, magniy qutilari va boshqalar;
• ishtirokchilar soniga qarab yetarli miqdorda suv;
• diktor mikrofoniga ulangan ovoz kuchaytirgichlar;
• musobaqa jadvaliga ulanadigan, sportchilar ismlarini ishtirok tartibida ko‘rsatadigan videoekranlar;
• musobaqa maydoni sekundomerini ko‘rsatadigan videoekran;
• platformada bo‘layotgan jarayonlarni aks ettiradigan videoekran(lar).
Mashg‘ulot maydoni. Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi pauerliftingi yoki sanksiyalangan musobaqalarda sportchilarga mashq qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etilishi shart.
Bu maydonlar sport inshootida yoki alternativ joyda bo‘lishi mumkin, biroq har qanday holatda nazorat qilinishi va yaqinida foydalanish mumkin bo‘lgan hojatxonalar bo‘lishi kerak.
Mashg‘ulot maydoni quyidagilar bilan ta’minlanadi:
• Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi pauerlifting qoidalariga mos tasdiqlangan skameykalar.
• ishtirokchilar soniga mos shtanga, disklar, qulfchalar, belbog‘lar, magniy qutilari va boshqalar;
• ishtirokchilar soniga mos suv zaxirasi;
• sportchilar o‘z vaznini aniq nazorat qilishi uchun kalibrlangan tarozilar.
Platforma / sahna.
Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi tomonidan tan olingan pauerlifting musobaqalari sahnada yoki zalda, haqiqiy platforma mavjud bo‘lsa platformada, aks holda polga kontrast rangdagi material yordamida belgilangan zonada o‘tkaziladi.

Talablar:
• Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi pauerlifting musobaqalari uchun platforma 4 × 4 m bo‘lishi shart.
• Poldagi qoplama tekis, qattiq, sirpanmaydigan va gorizontal bo‘lishi lozim.
• Sahna balandligi 700 mm dan oshmasligi, kamida 10 m chuqurlik × 10 m kenglik, maksimal 12 m × 12 m bo‘lishi mumkin.
• Agar maxsus platforma mavjud bo‘lsa, alohida sahna talab qilinmaydi. Platforma yo‘q joyda pol ustida kontrast rang bilan 4 × 4 m zona belgilanadi.
• Platforma ishlatilsa, uning balandligi 50 mm dan oshmasligi kerak, shuningdek, qiya yon tomoni/rampa bo‘lishi shart.
• Sahnaga chiqish va undan tushish uchun aravachadagi sportchilar va harakati cheklangan shaxslarga mos bir necha qoplamali panduslar bo‘lishi zarur. Bundan tashqari, sahna odatiy zinalar bilan ham ta’minlanadi.
Sport anjomlari.
Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi tomonidan tan olingan barcha musobaqalarda mashg‘ulot zonasida va musobaqa o‘tkaziladigan hududda har doim Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi paуerlifting qoidalariga muvofiq keladigan va ular tomonidan tasdiqlangan shtangalar ishlatilishi shart. Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi tomonidan tan olingan pauerlifting musobaqalarida mashg‘ulot va musobaqa zonalarida hech qachon og‘ir atletikaga mo‘ljallangan shtangalar qo‘llanilmaydi.
