Paris vous attend

Paris vous attend

t.me/fazoda_tukhlieva

Ishdan erta chiqdim. Qaytishda Galley xiyoboni yaqinidagi cherkovga kirib oʻtish xayolimga keldi-yu, soʻngra zum oʻtmasdan bugun chorshanba ekanligi esimga tushdi. Oʻtgan oqshomda doʻstim Viktor bilan koʻrishmoqchi ekanligimni, bugun soat sakkizda uni markaziy bulvar atrofida kutishimni aytgandim. Ammo huddi muhim narsasini yoʻqotgan yoʻlovchi kabi kalovlanib, koʻchaning sharqiy muyulishidagi peshtoqiga «Paris vous attend!» deya yozib qoʻyilgan binoning chap burchagida joylashgan telefon budkasiga qanday borib qolganimni hanuz bilmayman. Keyin Viktorga qo'ng'iroq qildim, bugun u bilan uchrasha olmasligimni, bundan hijolatda ekanligimni aytdim. U boʻlsa, buning sababini soʻramadi, zero aytarli sabab ham yoʻq edi. Budkadan chiqayotganimda boyagi peshtoqdagi soʻzlarga yana bir bor tikildim, va yoʻlimda davom etdim.


Avtobusga chiqar ekanman, meni yana parishonxotirlik chulgʻab oldi. Oyoq tagi qor aralash loy ekanligi kayfiyatimni tushirgandi. Eng orqadagi oʻrindiqqa oʻtirdim. Baxtimga, uzoq manzil uchun suhbatdosh yoʻq edi. Yoʻlovchilarni kuzatish - kim shoshayotgani-yu, kim sukutga choʻmganligi, birov kulib gaplashayotgan boʻlsa, boshqa birovi avliyodek hech nimaga diqqat qilmasdan ketayotganini tahlil qilish - bari ajoyib edi. Eng koʻp diqqatimni tortgan toʻrtinchi qatorda oʻtirgan, poxol shlyapali keksa xonim boʻldi. Uning peshonasini ajin qoplagan, qoʻlida esa mis krujog bilan aftidan qoʻlqop toʻqiyotgan edi. Yoʻl boʻyi shu ayolni kuzatib ketdim, aslida bunga majbur edim, sababi gazetamni allaqayerda unutib qoldirgan edim.


Qor yogʻib oʻtgandan keyingi manzara menga hech qachon yoqmagan. Osmonning boʻzarishi, qor uchqunlari yer bilan yuzlashgani zahoti odam izlari ostida qolishi, osmon tuhfasining borgan sari oʻlik rangni olishi meni doim umidsizlikka tushirgan. E'tibor bermay, deyman-u, ammo odatda shularning oʻzigina meni qiynalishimga sababchi boʻla oladi.


Sharler avenyusining katta chorrahasida tushib qoldim. Aslida, yashaydigan uyim bundan ikki bekat orqada qolgandi, meni avtobusda xayolimni oʻgʻirlagan haligi keksa ayol boʻlgandi. Gap shundaki, u ikki juft qoʻlqopni aynan Sharler koʻchasiga yetganimizda tayyor holga keltirgandi, bu uchun uning oʻzidan ham koʻra koʻproq men zavqlangan boʻlsam kerak.


Piyoda yurib borar ekanman, avtobus derazasidan koʻringan manzara endi koʻrib borayotganlarimdan nimasidir bilan farq qilishini angladim, ammo buni koʻp oʻylab oʻtirmadim, hozir ikki xayolim faqat qornimni toʻqlashda edi. Nihoyat sakkizinchi avenyudagi eski binoning toʻrtinchi qavatiga chiqdim (bu yerda ham baxt nasib qilgandi, menga, lift ishlamayotgandi). Zinalarning kir va rasvo ekanligi huddi boyagi qor parchalarining shum taqdirini eslatgandek boʻlardi. Xona eshigini ochayotganimda nogahon "qaniydi, kalitni unutib qoldirgan boʻlsam", degan fikr oʻtdi. Xonaga kirishim bilanoq, sumkamni tartiblanmagan karavotimga uloqtirdim, qoʻlimni yuvdim-u, yeyish uchun nimadir tayyorlashga oshiqdim. Shu payt makaron va loviyali qarsildoq yegim kelib qoldi, buni oʻtgan qishda, ukam Fredlarnikiga borganimda oʻrganib olgandim. Sabzavotlarni tayyor holga keltirganimdan soʻng, dudboʻroni qorayib ketgan gazni yoqdim, qozonga suv solib, barcha masalliqlarni qaynatishga qoʻydim.


Bu yerdagi anjomlarni tartiblab yotoqxonamga oʻtdim va kiyimlarimni alishtira boshladim. Shimimni kiyayotganimda chap oyogʻimning tizzasida ogʻriq borligini payqadim, ammo bu qaygʻurishga arzimas edi. Shundan keyin yotdim, hatto koʻzlarim biroz tin olgandek ham boʻldi. Keyin zilzila tugagan zahoti sezib qolgan odam kabi, sapchib oʻrnimdan turdim-u oshxonaga chiqdim. Ovqat allaqachon pishib boʻlgan, undagi makaron men xohlaganim kabi ezilib ketgandi (odatda, koʻp qaynab pishgan taomlarni zoʻr ishtaha bilan yerdim). Ovqatni suzib boʻlganimdan soʻng uni dasturxon ustiga tortiq qildim, oʻng burchakda turgan muzlatkichdan shved saryogʻi va yarim shishalab qolgan vinoni oldim. Ammo hozir menga hech nima tatimasdi. Dasturxondagilarning birortasidan hatto tatib ham koʻrmadim, aynan hozir haligi Galleydagi cherkovga borishni qattiq istab qoldim. Apil-tapil poyabzalimni kiydim-u yoʻlga otlandim.


Endi men zinalarga e'tiborsiz edim, hatto shu onda qordagi izlar ham mening koʻzimga ilohiyotning bir boʻlagi boʻlib koʻringan boʻlsa ajab emas. Garchi shoshishimga birorta sabab koʻrinmasa-da, bekat tomon yugurgancha borardim. Bu yerdagilar menga oʻqrayib qaraganining sababini avtobusga chiqqanimdagina bildim, men xona kiyimida edim. Bu ham men uchun oyogʻimdagi ogʻriq qanchalik ahamiyatsiz boʻlsa, shunday edi. Qizigʻi, men qayta, bundan salkam ikki soat oldin kuzatganim ayolni koʻrishni, va bu gal u bilan suhbat qurishni xohlardim. Ammo endi boshqa odamlar, men ham boshqa oʻrindiqda, tashvishlangan koʻyim oʻtirib borar edim. Nihoyat bugungi sayohatim boshlangan manzilda tushib qoldim, yoʻlning ikkinchi yoqasiga oʻtarkanman, aloqa budkasi, uni soyasi bilan toʻsib turgan, ulugʻvor bino, undagi fransuzcha yozuvlar ancha yillar oldingi xotirimni qayta junbushga keltirgandek boʻldi. Ayniqsa, hech qachon yetib boʻlmaydigandek, osmon bilan qoʻshilib ketgan "Paris vous attend!" soʻzining qay bir qismida qachonlardir men yashaganligim muqarrarligi, oʻshanda shlyapali xonim bilan yaqindan tanish boʻlganligim, va mening ancha oldin yoʻqolgan Luna laqabli mushugim gavdalanib turardi, goʻyo. Sabr kosam toʻlib, binoning orqa tomoniga oʻtdim, va liftda koʻtarila boshladim. Menimcha, bundan oʻn yil keyin soʻrasangiz ham, oʻshanda toʻrtinchi qavatga chiqqanimni aniq-tiniq aytib bera olsam kerak. Soʻngra oshpazlar hududiga oʻtdim, ehtimolki bu yerdagilar ham menga yomon qarashgandir, ammo bu bilan meni ishim yoʻq edi. Boʻyi menikidan biroz daroz ofitsiantga joʻja goʻshti qaynatmasi va kartoshka pyure keltirishini soʻradim, gapimni tugatishim bilanoq, yigit tirjaygancha oldimdan joʻnab qoldi.


Oʻsha tunda vaqt bir muddatga toʻxtab qolgandek edi. Negadir hanuz Galley cherkoviga qadam ranjida qilmaganim meni oʻylantirib qoʻyardi. Biroq endi men odatdagidan ancha xotirjam edim, ortiq narsalarga ehtiyojim yo‘qligi, ehtimol, barchasining sababi bo'lishi mumkin.



Report Page