Parij koʻchalarida

Parij koʻchalarida

t.me/fazoda_tukhlieva

Oradan shuncha vaqt oʻtsa ham, nima sababdan oʻshanda yigʻlay olmaganimni haligacha bilmayman.


Bundan taxminan bir yilcha oldin, ayni kuz pallasida Parijning malʼunlik va mashʼumlik hidi burqigan bir koʻchasida edim. Ertasi oilam bilan birgalikda tugʻilgan kunimni nishonlash rejasini tuzgandik, shuning uchun oʻsha kun bemalol edim, men bilan birovni ishi yoʻq edi. Men va oilam oʻrtasidagi boʻshliq borgan sari kengayishda davom etar, tong otdi deguncha, uyni tark etardim. Aslida, xona men uchun faqat tunni oʻtkazish uchungina edi, xolos, kun boʻyi uydan meni hech kim topa olmasdi (meni izlaydigan inson bitta edi va hanuz u meni topmadi). Sogʻligʻimda noqislik ham yoʻq, tuppa-tuzuk, kelishgan yigitman, hayolparastlik alomatlari ham avval kuzatilmagan menda. Ammo negadir, yoshligimdan koʻcha odami boʻlib oʻsdim, achinarlisi esa, mana shu koʻchada men doʻst ottira olmadim. Qarshimda chiqadiganlarning bari ana shu daqiqalik, ikkinchi bora hech kimni qayta uchratmas edim; oramizda boʻladigani salom-alik, oddiygina jilmayishdan iborat edi.


Egnimda tizza boʻyi keladigan qora palto, oyogʻimda qor yoqqanda kiyaman deb olganim lokli etik, shimimning chap choʻntagida Volterning sheʼrlari tushirilgan daftar ikki bukilgan holda turardi. Yurib borar ekanman, osmonning qizilligi, atrofning och-sariq tusda ekanligi, barglar ichida yashil ranglilari ham uchrab turishini oʻylab borardim. Parijda koʻnglingga xush keladigan, sokin joyni topish - jannatning bir qismiga egalik qilishdek bir gap, men xohlaydiganim bu ham emasdi, ammo hafsala bilan ishga kirishsam, albatta shovqindan qutula olishimga, koʻcha daydilaridan uzoqda boʻlishimga ich-ichimdan astoydil ishonar edim. Yurib-yurib katta chorrahaning gʻarb tomonidagi, yoʻlga teskari qilib oʻrnatilgan skameykaga borib oʻtirdim, bu yerda boʻlgan inson shahar bilan uygʻunlashib, qalbining olis bir chekkasida dejavuni his qilishi turgan gap edi. Axloqsizlik butun Parij oilalarida urchigan, koʻchalarda yarim-yalangʻoch ayollarning tortinmasdan suykalib oldimdan oʻtib ketishi, ketganda ham, koʻzlari koʻp yesa-da, toʻymaydigan boʻriniki kabi yonib, oʻzidan uchqun qoldirishi biroz tanani qitiqlar edi. Biroq, oʻsha kunda men har qanday koʻngilochishlardan ham koʻra yolgʻizlik ichra qolishni, tevarak-atrof bilan suhbatlashishni, zerikkanimda esa Volterni oʻqishni afzal bilgan edim ( har holda, keyingi kunlar bunga vaqtim boʻlmasdi, dabdaba ketidan dabdabaga toʻla hayot, odamlar va uydagilar bilan oʻtadigan masumlik boshlanardi). Kun boʻyi qorni eng koʻp sogʻingan qargʻalarni kuzatdim, kunning tund koʻrinishini olishi ham, Sena daryosining qon yigʻlashi ham, shu bilan birga, toʻkilgan barglarning shamol bilan qayta raqsga tushishiga ham qargʻalarning qagʻillashini ayblar edim. Koʻcha mashinalarining harakati, odamning tumonat ekanligi, yoʻlning chetidagi toʻxtab turgan mashinalar, katta - katta binolar (bularga umuman qiziqmaganman) meni oʻziga jalb qila olmadi, oʻshanda. Toʻgʻri, undan avval ham bunaqa boʻlmagandir, ehtimol, balki oʻzgacha bir kuch meni dunyodan ancha olisga uloqtirgan, oʻzimni borliq bilan toʻliqligimcha seza olishimga imkon bergandir...


Soat ham toʻqqizdan ogʻgan, ayni ov payti, toʻp-toʻp boʻlib men tomon kelayotgan alkashlarning qadam tovushini eshitdim. Shuncha vaqt men shovqindan uzilgan, qay holatda turganimga eʼtibor bermay qoʻygan, va anchagina sovqotgan edim. Oʻrnimdan sekin turdim-u, haligi daftar yerda yotganini koʻrib qoldim; shundagina bugun Volterni oʻqish yodimga keldi, uygacha yoʻl boʻylab daftarga qaragancha ketaman deb, uni choʻntagimga qayta solmadim.


Eski yoʻldagi daydi mushuklar, koʻp qavatli uylarda yashaydigan parijliklarning tapir-tupuri, tunda hayotlari qaynaydigan juftliklar - barcha-barchasi keyinchalik koʻp vaqt koʻz oldimdan ketmadi. Hatto uyga yetib olganimda ham, eshik qulfini ochayotganimda tonggi bir xil kayfiyat meni tark etmaganini, mana shu eshikdan qanday chiqqan boʻlsam, shu yoʻsinda qaytganimni angladim. Ehtimol, barchasiga mening ertangi tugʻilgan kunim sababchi boʻlgandir, balki bu ham oddiy kun boʻlganida men qayta uyga kelmagan boʻlarmidim...


Report Page