POMIDOR yetishtirish.

POMIDOR yetishtirish.

t.me/ykfoundation

        Ahamiyati. Pomidor mevasi yangi uzilgan holida hamda tuzlangan, mari-nadlangan, turli salatlar holida iste’mol qilinadi. Pomidor hosilining yarmi sharbat, pyure, pasta, sous sifatida qayta ishlanadi. Pomidorning mevasi to‘yimli mazali va shifobaxsh xususiyatlarga ega.

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar. Pomidorni ertapishar Do‘stlik, Saxiy, Shafaq, Sevara, o‘rta-ertapishar Toshkent ton-gi, o‘rtapishar TMK-22, O‘zbekiston–178, Surxon–142, Bahodir, Sharq yulduzi, Sitora, kechpishar Namuna–70, Doni 2000 navlari ekiladi.

Ko‘chat tanlash. Urug‘ ekishdan oldin virus kasalliklariga qarshi 48 soat davomida    50–52 C va 24 soat 80 C haroratda qizdirilsa, keyin 3 minut 5 foizli sho‘r suvda ivitilsa yaxshi natija beradi. Pomidor ko‘chatlari 40–45 kunlik, poyasi va ildizlari baquvvat rivojlangan, 6-7 chinbarglarga ega bo‘lgan, to‘q yashil, sog‘lom bo‘lishi lozim.

  Yerni tayyorlash. Pomidor ekish rejalashtirilgan yerlarni tayyorlash ishlari kuz oylaridan boshlanadi. Hosildan bo‘shagan maydondagi o‘simlik qoldiqlari tozalanib, mahalliy o‘g‘it sochib chiqiladi. Yer maydoni 28–30 sm chuqurlikda yumshatiladi. Erta bahorda yer 14–16 sm chuqurlikda yumshatiladi. Yirik kesaklar xaskash yordamida maydalanib bir yo‘la yer tekislab olinadi, ke-yin 70 sm yoki 90 sm qator oralig‘ida ekish uchun egatlari tortib chiqiladi.

        Ekish muddati va sxemasi. Pomidor ko‘pincha ko‘chatida ekib o‘stiriladi. Ko‘chatlar janubiy viloyatlarda ertagi navlar martning uchinchi o‘n kunligida, o‘rta va kechpishar navlar aprelning 1–2 o‘n kunligida; markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda ertapi­ shar navlar aprelning 1-o‘n kunligida, o‘rta va kechpishar navlar aprelning 2–3 o‘n kunligida hamda mayning 1–2 o‘n kunligida ekiladi. Pomidorning ertapishar va o‘rtapishar navlari ochiq da-lalarda 70x40 sm va 90x30 sm sxemada ekiladi. Ekilgandan so‘ng ko‘chatlar albatta sug‘oriladi. 1 sotix maydonga ekish sxemasiga qarab 280–570 ta ko‘chat sarflanadi.

Parvarishlash. O‘simliklarga birinchi ishlov berish ko‘chatlar tutib olgach, ya’ni ekilganidan 10–12 kundan keyin boshlanadi. Bunda egatlar ichi, pushta va qatordagi ko‘chatlar orasi yengil chopiq qilinib yumshatiladi. Yengil chopiqdan so‘ng 12–15 kun o‘tgach, sug‘oriladi va oziqlantiriladi. Pomidorni o‘suv davrida 3-4 marta qo‘lda chopiq qilinadi. Pomidor suvga talabchan o‘simlik bo‘lib, sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda o‘suv davri mo-baynida 18–20, sizot suvi yuza joylashgan yerlarda 12–15 marta sug‘oriladi. Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda hosil yetilgun-cha har 8–12 kunda, hosil yoppasiga pishganda esa 5–7 kunda sug‘oriladi. Kuz boshlangandan keyin ekin kamroq sug‘oriladi. Po-midor qiyg‘os pishganda yorilib ketmasligi uchun navbatdagi hosil terib olingandan keyin suv beriladi.

  O‘g‘itlash. Pomidor yetishtirishda sof holda 1 sotix maydonga 7,6 kg sulfat ammoniy, 2,6 kg ammofos, 1,6 kg kaliy xlor o‘g‘itlari beriladi. Pomidor qo‘shimcha oziqlantiriladi, bunda oksigumat, gummat natriy roslin kabi moddalar bilan bargidan oziqlantirilsa, o‘simlikni rivojlanishi va hosildorligi ortadi.

Kasallik va zararkunan­dalarga­ qarshi kurashish­. Agrotexnik tadbirlardan biri almashlab ekishga amal qilish, urug‘ni ekishga tayyorlashda ishlov berish ularni virusli va bakteriyali kasalliklar-dan xoli qilishdir.

Pomidorda asosiy zararkunandalaridan pomidor kuyasi, shira, oqqanot, trips, zang kanaga qarshi 10 sotixga Perfekto 17,5 sus.k. (20-30 ml), Karate 5% em.k., Mospilan 20% n.kuk. (25–30 g), Koragen­ 200 k.e (xlorat-raniliprol) - 10l suvga 1,5-2 ml va g‘o‘za tunlamga Avaunt 15% em.k. (40 ml), Tayshin s.d.g. (10–12 g) preparatlari qo‘llaniladi.

        Hosilni yig‘ishtirish. Pomidor mevalari poyasida to‘liq pishgan, lekin hali qattiq bo‘lganda yetilgan hisoblanadi. Uning pishganini rangidan bilamiz, och yoki to‘q qizil rangga kirgan mevalarni yig‘ib olinadi. Terilgan pomidorlarni salqin joyga qo‘yish lozim. Ba’zida ko‘k pomidorlarni birinchi qattiq sovuq tushishidan oldin terib olib, salqin nam joyda saqlashga qo‘yiladi. Pishgan pomidor vaqtida terib olinmasa poyasidan chirishi mumkin. Hosil o‘suv davri davomida qo‘lda 12-16 marta terib olinadi.

     Iqtisodiy samarasi. 10 sotix maydonga 4760 dona ko‘chat uchun 3 362 ming so‘m sarflanadi. Umumiy xarajatlar 5 700 000 so‘mni tashkil etadi. Hosilning bir kilogrammi eng past narxda 6000 so‘mdan sotilganda 21 mln. so‘m bo‘ladi. Shunda 10 sotix maydondan 15 mln. 250 ming so‘m sof foyda olish mumkin.

Menyuga qaytish.

Report Page