PIYOZNING BA’ZI TURLARI HAQIDA QISQACHA MA’LUMOT

PIYOZNING BA’ZI TURLARI HAQIDA QISQACHA MA’LUMOT

Q. Davletov

 

Piyozning 400 dan ortiq navi bo‘lib, ular achchiq, yarim achchiq va chuchuk turlarga bo‘linadi. Ulardagi achchiqlik piyoz tarkibidagi efir moylari miqdori bilan aniqlanadi.

Oddiy boshpiyoz (luk repchatiy) – ikki yillik o‘simlik bo‘lib, urug‘idan ekilganida birinchi yili bosh tugadi, ikkinchi yili esa urug‘ beradi. Uning urug‘i 2-3 C da unib chiqa boshlaydi, ammo yaxshiroq unib chiqishi uchun harorat 18-20 C bo‘lgani ma’qul.

 

 

Shalot piyozivegetativ usulda ko‘paya oladigan piyoz turi bo‘lib, uning piyozi umumiy asosga birlashgan bir necha mayda qismlarga bo‘linadi, lekin ular sarimsoqqa o‘xshab, bitta po‘stloq ichida bo‘ladi. Piyozlar qishga juda yaxshi saqlanadi va ekilganidan so‘ng 18-20 kunlarda ko‘k piyoz hosil qiladi. Shalot barglarining ta’mi juda yaxshi, piyozlari ham mayda bo‘lishlariga qaramay, juda mazalidir.

Porey piyozitashqi ko‘rinishi keng bargli sarimsoqqa o‘xshash bo‘ladi. Uning barglari tekis va ustki qismi parafin qoplanganga o‘xshaydi. Yoshi katta piyozda 9-13 dona barglar bo‘ladi. Hayotining ikkinchi yilida porey piyozi strelka (gulbarg) chiqaradi va u gullab, urug‘lar beradi. Ushbu piyoz uncha achchiq bo‘lmagan ta’m va yoqimli hidga ega bo‘ladi. Uning ko‘kat barglarini va gulbarglarini ovqatga ishlatish mumkin. Poreyning piyozida shakar, oqsil, turli xil vitaminlar, natriy, kaliy, kalsiy, temir va fosfor tuzlari bor bo‘lgani uchun uni iste’mol qilish juda ham foydali. Uning boshqa sabzavotlarda uchramaydigan qimmatli xususiyatlaridan biri barglaridagi askorbin kislotasi miqdori barglar saqlab qo‘yilganida ikki barobar ko‘payishidir. Porey piyozini oshqozon-ichak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarga, podagra, revmatizm, buyraklarda tosh yig‘ilishi va semirish kasalliklariga mubtalo bo‘lganlarga iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ushbu piyoz sovuqqa juda ham chidamli bo‘lib, 7 darajagacha sovuqqa bemalol chidaydi. Uni orasi 20 sm l ikki qatorli lentalar shaklida 10-12 sm oralatib ekiladi. Uning eng ko‘p ekiladigan navlari Karatanskiy (tezpishar) va Bolgarskiy (kechpishar) hisoblanadi.

 

Batun piyozibu piyozda S vitamini miqdori oddiy piyozdagiga qaraganda ikki marta ko‘p bo‘lib, u qishga chidamli bo‘lgan o‘simlik. Urug‘lari 2-3 oS haroratda unib chiqa boshlaydilar. Batun piyozi namlikni tuproqning chuqur qatlamlaridan olgani uchun u qurg‘oqchilikka juda chidamli va suv tanqis bo‘lgan yerlarda ham bemalol o‘sishi mumkin. O‘simlikni 140 sm li egatda 20-25 sm oralatib ekiladi. Ushbu piyozning urug‘lari 14-17 kun davomida unib chiqadilar. Urug‘ni ekishdan oldin bir sutka davomida suvda ivitilib qo‘yiladi. Lekin bu vaqt mobaynida suvni 2-3 marta almashtirish lozim bo‘ladi. Undan so‘ng urug‘ni sochiladigan holatgacha quritilib, so‘ngra dalaga, nam tuproqka sepiladi.

 

Shnitt piyozsovuqqa juda ham chidamliligi bilan farqlanib, u erta bahorda ichi kovak bo‘lgan bigizsimon barg chiqaradi. Bu bargning mazasi sal achchiqroq va yoqimli bo‘ladi. Uning strelkasi va barglari ovqatga ishlatiladi, chunki unda karotin va vitamin S ning miqdori juda yuqori bo‘ladi. Askorbin kislotasining miqdori bahorgi barglarda ko‘p bo‘ladi. Uning piyozi mayda bo‘lib, diametri 1 sm dan oshmaydi. Har bir piyozcha ikkinchi va keyingi yillar gulbarglarni beradi va ular uzoq muddat davomida (5 oy) gullab turadilar. Ushbu piyoz guli juda ham chiroyli – to‘q qizil yoki siyohrang guli asalarilar uchun bamisoli xazina.

 


 



Report Page