Kuchli oʻqituvchini qanday vaziyatga tashlab qoʻysangiz ham mavzuni tushuntirishning eng muqobil yo'lini topa oladi

Kuchli oʻqituvchini qanday vaziyatga tashlab qoʻysangiz ham mavzuni tushuntirishning eng muqobil yo'lini topa oladi


Prezidentimiz maktab taʼlimini rivojlantirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida bugungacha bir nechta o'quvchilari fan olimpiadasi, bilimlar bellashuvining Respublika bosqichida faxrli o'rinlarni egallab kelayotgan, Xalq ta'limi a'lochisi, Xalq o'qituvchisi, Samarqand viloyati Kattaqoʼrgʼon tumani 11-maktabning Fizika fani oʼqituvchisi — Sayyora Imomovaning kasbiy faoliyatini keng ommalashtirish vazifasini qo'ydi.

Respublika ta'lim markazi Axborot xizmati Sayyora Imomovaning ta'lim haqidagi fikrlarini o'rganish maqsadida o'qituvchi bilan suhbat uyushtirdi.

Quyida suhbatni hukmingizga havola qilamiz.


"PISA yoki TIMSS kabi xalqaro baholash dasturlarining koʻrsatkichlariga qaraganda oʻquvchilar Fizika fani mavzulariga qiziqish bildirib, bu fan real hayotda muhim rol oʻynashini tan olishsa-da, ularning Fizika fanidan xalqaro baholashdagi koʻrsatkichlari aʼlo darajada emas. Bu esa koʻp jihatdan ularning maktablarida fan qanday oʻqitilishiga bogʻliq. TIMSS maʼlumotlariga koʻra, 1995-yildan 2015-yilgacha hech bir davlat oʻquvchilarining Fizika boʻyicha koʻrsatkichlari sezilarli oʻsishiga erisha olmagan.

Bu maʼlumotlar bilan tanishganimda aynan Fizika oʻqituvchisi boʻlganim uchun yelkamda qanchalik katta masʼuliyat turganini his qilganman. Oʻquvchilar uncha xushlamaydigan bu fanga ularni qanday qiziqtira olaman, Fizika deganda tasavvurida doskadagi bir uyum tushunarsiz formulalar shakllanadigan oʻquvchilarimga bu fanning aslida hayotiy fan ekanligini qanday isbotlayman, degan savollar meni doim qiynab keladi. Shu bilan birga, aynan mana shu savollar meni oʻz ustimda koʻproq ishlashga undaydi.


Bugunning oʻqituvchisi qanday boʻlishi kerak?

Bugunning oʻqituvchisi, oʻzi umuman eng yaxshi oʻqituvchi “Umrbod talaba” boʻlishi kerak. Har kuni oʻquvchilariga uyga vazifa bergani kabi oʻzi ham dars qilishi, oʻrganishdan toʻxtamasligi, oldiga har kunlik maqsad qoʻyishi lozim.

Masalan, bugun 4 ta sinfda darsingiz bor deylik, bu — 4 xil sinf va 4 xil mavzu degani. O'sha 4 ta sinfdagi oʻquvchilar nimani oʻrganishi kerak, qaysi koʻnikmaga ega boʻlishi kerakligini aniq belgilab oling. Imkon qadar mana shu maqsadingizni maktabga borishdan oldin yozib yoki jadval qilib qoʻying. Oʻquvchilardan test yoki yozma ish olib, bilimini sinab koʻradigan kunni kutib oʻtirmang, darsning oʻzidayoq maqsadingizga erishdingizmi yoʻqmi, yaʼni ular olishi kerak bilimni oldimi yoʻqmi aniqlab oling. Kuchli oʻqituvchi buni dars oxirida kichkina yozma ish oʻtkazib yoki hatto intuitiv tarzda ham aniqlay oladi. Eng yaxshi o'qituvchi shunday dars oʻtishi kerakki, oʻquvchi darsdan keyin olgan “shuncha bilimi”ni qayerga qoʻyishni bilmay qolsin. Koʻchada oʻrtoqlariga, uyida ota-onasiga ham gap bermasdan oʻsha dars haqida gapirib yursin!

Ammo bu hali qilishingiz kerak boʻlgan eng muhim ish emas, eng muhimi — har bir oʻquvchining ishida nima kamchilik borligi haqida tushuntirish berish. Fikr-mulohaza oʻquvchilarga ulardan qanday bilim va koʻnikmalarni kutayotganingizni bilishlariga yordam beradi.


Darslaringizda oʻzingiz foydalangan va natijasi samarali boʻlgan taʼlimiy metodlar?

Maktabda ishlayotganimga 34 yil boʻlibdiki, har bir fizik tushunchani oʻquvchiga koʻz bilan koʻrsa, qoʻl bilan ushlasa boʻladigan tushuncha orqali oʻrgatishga harakat qilaman.

Professional oʻqituvchi biror mavzuni tushuntirib berish uchun atayin qandaydir metodni oʻrganib kelishi shart emas. Tinmay oʻz ustida ishlaydigan oʻqituvchini qanday vaziyatga tashlab qoʻysangiz ham oʻquvchiga mavzuni tushuntirishning eng maqbul variantini tezda topa oladi. Bu, menimcha, kuchli bilimni amaliyotda qoʻllayverish natijasida shakllanadigan koʻnikma. Shuning uchun sizga hozir metodlarni sanab oʻtirmasdan, bir fizik tushunchani bolalarga qanday tushuntirib berganimni hikoya qilaman:

Oʻquvchilarga bosim nimaligini tushuntirib berishim kerak edi. Hayolimdan bir fikr yarq etib oʻtdi. Ularga oyogʻimdagi ingichka poshnali tuflini koʻrsatib, “bunda yurish qulay deb oʻylaysizmi, yoki noqulaymi", deb soʻradim. Baʼzilar qulay baʼzilar noqulay, baʼzilar esa(baʼzi qizlar) noqulay boʻlsa ham chiroyli deyishdi. Shunda men ularga savol berdim: “tasavvur qiling, men xuddi shu poyabzal bilan qumli sahroga tushib qoldim. Yonimda tovonlari katta tuyalar ham bor. Mening vaznim, deylik, 60 kg, tuyaniki 800 kg. Qumda tuya osonroq yuradimi, yoki men. Kim qumga botib qoladi?”

Ular tuya sizdan koʻra ogʻirroq boʻlgani uchun qumga botib ketadi deyishdi. Shunda ularga yana savol berdim: “unda nega odamlar sahroda yuk tashish uchun tuyalarni tanlashgan?” Oʻquvchilar jim.

“Ana endi mavzuning qaymogʻiga yetib keldik” — dedim men. “Bolalar, siz tuyaning tovoni katta va yapaloq ekanligini hisobga olmadingiz. Tabiatda kuchga oʻxshash, ammo undan biroz farq qiluvchi bosim degan tushuncha bor. Bosim bu kuchning jism yuzasida taqsimlanishidir. Mening bor kuchim ingichka poshnalarimda toʻplanadi. Shuning uchun men qumga botib ketaman. Ammo tuya ogʻir va kuchli boʻlmasin, uning kuchi keng, katta tovonining sirti boʻylab tarqaladi. Shuning uchun u qumga kamroq botadi. Koʻrdingizmi, odamlar qadimdan fizikaning hayotdagi ahamiyatini juda yaxshi bilganlar. Tuyaning sahroda yurish uchun juda koʻp imkoniyatlari bor. Ammo odamlar qumda yurish uchun eng maʼqul hayvon sifatida tuyani tanlayotganlarida uning keng tovonlari borligini ham inobatga olganlar.

Shunga oʻxshash yana bir nechta misol keltirdim. Ulardan ham misol keltirishni soʻradim. Oʻsha darsda bosim nimaligini butun sinf tushundi.


Oʻquvchilar bilan til topishish, ularga motivatsiya berish uchun qoʻllaydigan usullaringiz haqida:

Har birimizning maktabda eng yaxshi koʻrgan oʻqituvchimiz, kamroq yaxshi koʻrgan oʻqituvchimiz, tan olib aytish kerakki, hatto yomon koʻrgan oʻqituvchimiz boʻlgan. Ammo biz oʻqituvchilarni bu kategoriyaga qanday bilim berishiga koʻra ajratmaganmiz. Bu esa taʼlim muhitida shaxsiyat qanchalik muhimligini isbotlaydi. Chunki bola yaxshi koʻrgan oʻqituvchisining darsini ham yaxshi koʻradi. Va aksincha, yomon koʻrgan oʻqituvchisining darsini ham yomon koʻradi.

Xoʻsh, bolalarning yaxshi koʻrgan oʻqituvchisi bo'lish va faningizni sevimli fanga aylantirish uchun nima qilish kerak?

Eng avvalo, har bir oʻquvchiga qoʻldan kelgancha individual yondashish kerak. Har birining qiziqishlarini bilib olish va shundan kelib chiqib muomala qilish, ishning avvalidir.

Turli fikrlar teng hurmat qilinadigan va tengdoshlari yoki oʻqituvchisi tomonidan masxara qilinishdan qoʻrqmaydigan oʻquv muhitini yaratish oʻquvchilar oʻrtasida yaxshi munosabatlarni oʻrnatish uchun juda muhimdir. Oʻquvchi savol berayotganda oʻzini erkin his qilishi kerak.

Oʻquvchilarga ularning qobiliyatli ekanini aytish va ularni maʼqullash, tez-tez tabassum qilish, ularni sabr bilan eshitish, har bir yutugʻini bayramona olqishlar bilan maqtash — bularning barchasi, oʻquvchi yanada koʻproq muvaffaqiyatga erishishiga olib keladi.

Xulosa o'rnida aytish kerakki, o'quv jarayoni faqat fanni o'rgatish jarayoni emas, bu o'quvchilarni hayotga tayyorlaydigan jarayon. Aristotel aytganidek, “bolalarni yaxshi tarbiyalaganlar ularga bilim berganlardan koʻra koʻproq hurmatga sazovordirlar; chunki ular bolaga yaxshi yashash sanʼatini oʻrgatadilar”.


Kanalga obuna bo'lish:👇👇👇

Telegram |Facebook |Instagram





Report Page