PAXTA XOMASHYOSI YETISHTIRUVCHILARNING IMKONIYATLARI YANADA KENGAYTIRILADI

PAXTA XOMASHYOSI YETISHTIRUVCHILARNING IMKONIYATLARI YANADA KENGAYTIRILADI


Qishloq xo‘jaligi sohasida uzoqni ko‘zlagan holda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berib tizimda yetarlicha natijalarga erishishda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Buxoroga qilgan tashrifi chog‘ida viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari faol fermerlar va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari bilan o‘tkazgan ochiq suhbatida ham bu alohida e’tirof etildi. Unda ta’kidlanganidek, birgina Buxoro viloyatida emas, balki mamlakatimiz miqyosida klaster tizimi qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish imkonini berdi.

Uchrashuvda klasterlarning galdagi eng asosiy vazifasi mahallalardagi ishsiz aholini yangi ish o‘rinlari yaratish orqali ish bilan ta’minlash, hosildorlikni oshirish, xom ashyoni chuqur qayta ishlash va soha eksportini oshirishdan iborat bo‘lishi lozimligi belgilab olindi.

Bunda klasterlar mahallalarda 100 o‘rinli kichik fabrikalar, kasanachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali ishsizlikni to‘liq bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ayni paytga qadar qishloq xo‘jaligiga 1,2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 7 mingdan ortiq yangi yuqori unumli texnikalar olib kelindi, 152 ming gektarda suv tejovchi texnologiya joriy qilindi va 30 ming gektar yerlar foydalanishga kiritildi.

“Buxoro agroklaster” – 4,2 ming gektar yer maydonini qayta foydalanishga kiritgan. “VBM Romiteks” – 4,6 ming gektar, “Buxoro Agroklaster” – 3,6 ming gektar, “BST Agroklaster” – 2,5 ming gektarga suv tejovchi texnologiya o‘rnatgan.

Shuningdek, 4,1 milliard dollarlik 265 ta qayta ishlash quvvatlari ishga tushirilib, 288 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. Paxta tolasi to‘liq, ip –kalavaning 45 foizi qayta ishlanmoqda. To‘qimachilik sohasining yillik eksport salohiyati 3,2 milliard dollardan oshdi. 

Uchrashuvda aytib o‘tilganidek, 2023-yilda paxtani chuqur qayta ishlash bo‘yicha 14 trillion so‘mlik 160ta loyiha amalga oshirilib, 58 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Buxoroda 350 million dollarlik 37 ta loyiha ishga tushirilib, 25,7 ming tonna mato to‘qish, 21,7 ming tonna matoni bo‘yash va pardozlash, 36,8 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada 18,6 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Muloqot davomida hosildorlikni 50 sentnerdan oshirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, soha eksportini 7 milliard dollarga olib chiqish kelgusidagi eng asosiy vazifalardan biri bo‘lishi, buning uchun, klasterlar va paxta xomashyosi yetishtiruvchilar imkoniyatlarini yanada kengaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, klasterlarga g‘o‘za navlarini mustaqil joylashtirish, chetdan hosildor navlarni olib kelib, seleksiya qilishga ruxsat berildi. Lazerli tekislagichlarni sotib olishda, qiymatining 30 foizi byudjetdan qoplab beriladigan bo‘ldi. Paxta maydonlarini nasos bilan sug‘orishda elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizini qoplab berish yo‘lga qo‘yildi. (Bunga 117 milliard so‘m ajratiladi).

 

Keyingi masala klasterlar o‘zi faoliyat yuritayotgan tumanda ishsizlikni to‘liq bartaraf etishda tadbirkorlar namuna bo‘ladigan, o‘zi bilan yetaklaydigan “lokomotiv” bo‘lishlari kerakligi, har bir klaster to‘qimachilik sohasida kamida

3 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratishi zarurligi aytib o‘tildi.

Viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan kelgusi ikki yilda quvvati 115 MVt bo‘lgan muqobil energiya manbasini yaratish bo‘yicha istiqbolli loyihalar shakllantiriladi.

Bundan tashqari, fermerlarga dala chetlaridan samarali foydalanishda, uzum, terak, mevali daraxtlar, poliz ekinlarini ekish hamda parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirishda ko‘makdosh bo‘lishi qayd etildi.  


Report Page