O‘zing aybdorsan (hajviya)

O‘zing aybdorsan (hajviya)

Aziz Nesin

Ishdan haydalganingda dunyo koʻzingga qorongʻi koʻrinadi. Hammasidan qiyini qiziquvchan doʻstlar va tanish-bilishlarga nima sababdan haydalganingni tushuntirishdir.

 

Yoʻq-yoʻq, men bu gal boshimga tushgan gʻurbatlarni gapirmoqchi emasman.

 

Odatda birontasi yordam qoʻlini choʻzarmikan yoki sal yengil tortarmikanman deb doʻstlarga dardimni aytaman. Bunga javoban esa ular meni iskanjaga olib soʻroq qilishadi, sabablarini kovlashtirishadi, oqibatda barcha koʻngilsizliklarning aybdori oʻzim boʻlib qolaveraman. Men undoq qilmaganimda, bundoq yoʻl tutganimda xoʻjayin menga tegmas emish. Xullas,qovun tushiribmanmi – demak oʻzim aybdorman!

 

-Oʻzing aybdorsan!- deya hukm chiqarishadi va shu asno yuzlarida mamnun bir ifoda paydo boʻladi.

 

Kunlardan bir kuni oʻz yogʻimga oʻzim qovurilib, koʻchada xayol surgancha ketayotgan edim. Toʻsatdan kimdir yelkamdan ushlab qoldi. Qayrilib qarasam – Usmon Kamol... U yonimda shaxdam kelayotgan edi. Basharamdagi tushkunlikni koʻrishi hamon koʻzlarini pastga tushirib, boshqa qiyofaga kirdi.

 

-Men... tushunaman...- dedi u maʼnodor qilib.

 

Demak, u mening ishdan haydalganimni biladi. Endi undan qutulib boʻpsan. Hoziroq hammasiga yolgʻiz oʻzim aybdor ekanimni isbotlash uchun pashshadan fil yasay boshlaydi.

 

Soxta xayrixohlik qiyofasidagi yashirolmayotgan quvnoq ifodaga monand emas edi. Men goʻyo uning “Tushunaman” deganini anglamagandek soʻradim:

 

- Nima boʻldi? Boshingga biron mushkulot tushdimi?

 

- Menga jin ham urgani yoʻq, ammo eshitishimcha, sen yana ishsiz emishsan...- dedi u.

 

- Hechqisi yoʻq, — dedim dadil, bu mavzuda mijgʻovlashgim kelmay.

 

- Qanaqasiga hechqisi yoʻq boʻlarkan, azizim... — U koʻcha oʻrtasida turvolib, taʼkidlardi: “Eh-eh!” — Qahvaxonaga kiraylik, bittadan qahva ichamiz va sen bu voqea qanday boʻlganini soʻzlab berasan... — deya taklif qildi.

 

- Aytishga arzirli narsaning oʻzi yoʻq, — dedim.

 

-Qanaqasiga yoʻq boʻlarkan! Basharangga qara – kimga oʻxshab qolding! Ketdik, ketdik! Dardingni aytsang yengil tortasan.

 

- Goʻyo shu bilan bir nima oʻzgaradigandek...

 

- Sen meni xafa qilyapsan... Axir men senga doʻst emasmanmi?

 

Biz qahvaxonaga kirdik.

 

- Xoʻsh, qani ayt-chi endi, nima boʻldi oʻzi?... -qahvani hoʻplay boshlashimiz bilan u qistovga oldi.

 

- Xoʻjayin meni ishdan haydab yubordi...

 

- Nima uchun?

 

- Men qayoqdan bilay. Oʻzidan soʻra...

 

- Sen ishdan kech qolarmiding? — soʻroq boshlandi.

 

- Yoʻq, men hamisha ishga oʻz vaqtida kelardim.

 

- Topshiriqlarni bajarmasmiding?

 

- Yoʻq... U ishimdan rozi edi.

 

- Ehtimol, xoʻjayiningni ishi yurishmay qolgandir? — doʻstim xuddi boshqotirma yechayotgandek tusmollardi.

 

- Aksincha, uning omadi chopib turgandi.

 

U qoʻllarini jagʻiga tirab, oʻylanib qoldi:

 

- Ehtimol unga gap qaytargandirsan?

 

- Yoʻq... Men hamisha xoʻjayin nima desa xoʻp deb turganman.

 

Kamol betoqat boʻlib, tirnoqlarini gʻajiy boshladi:

 

- Yaxshi! Sen maoshing oshirilishini soʻraganmiding?

 

- Yoʻq...

 

- U haqda biron nima degandirsan, ehtimol, noxayrixoh...

 

- E yoʻgʻ-e, baraka topgur!

 

Shu zaylda yana uzoq soʻroqqa tutildim.

 

- Yo olloh, yo olloh!... Nima uchun u seni ishdan haydab yubordiykin? Ehtimol, sen uning yuziga ham xuddi hozir menga qaraganday surbetlik bilan qaragandirsan?

 

- Bilmadim... Qarasam qaragandirman.

 

- A-ha.Mana gap qayerda! Men aytdim-a bir sababi bor deb. Hech narsadan hech narsa yoʻq odamni ishdan haydamaydilar. Oʻzingdan boshqa hech kim aybdor emas. Xuddi seni yeb qoʻygudek baqrayib tikilib turadigan odam kimga ham yoqardi? Toʻgʻrisini aytsam, sen oʻzing aybdorsan!

 

Shunday deya u yengil tortdi...

 

Doʻstim bilan beholgina xayrlashib, qahvaxonadan chiqdim. Xoʻjayin ishdan haydaganda ham koʻnglim bunchalik gʻash tortmagandi.

 

Men avtobus bekatiga bordim.

 

-Biz eshitgan uzun-quloq gaplar toʻgʻrimi? — avtobus ichkarisiga kirishim hamon qulogʻimga shu gap chalindi. Orqa oʻrindiqda boshqa bir tanishim oʻtirardi.

 

- Toʻgʻri...

 

-Afsus... Xoʻsh, nima uchun?

 

-Bilmadim.

 

Gʻaroyib jinoyat ustida bosh qotirayotgan politsiyachi misol gap qotdi:

 

- Voh, voh! Sababsiz odamni ishdan haydashmaydi, bir balosi bordirki...

 

- Har holda...

 

- Ehtimol, sen haqingda maʼlumot yetkazishgandir...

 

- Yoʻgʻ-e...

 

- Balki oʻrningga boshqa — munosibroq odam topgandir.

 

- U hamisha ishimdan rozi edi.

 

- Balki u kamroq maoshga ham rozi boʻladigan odam topgandir?

 

- Bunaqasini topib boʻpti!

 

— Unday boʻlsa nega seni ishdan boʻshatdi? Ehtimol sen u bilan muomalani yoʻlga qoʻyolmagandirsan?

 

— Qanaqasiga qoʻyolmaganman? Oddiygina muomala qilganman...

 

— Voh, mana endi hammasi ravshan.

 

— Nimasi ravshan ekan?

 

— Hammasi ravshan... Axir xoʻjayin bilan oddiy muomala qilib boʻlarkanmi? Aslo mumkin emas... Sen unga senlab gapirgansan, u esa bundan xafa boʻlgan...

 

— E yoʻq, ogʻayni... Oʻzi xoʻjayinning basharasini oyda bir marta koʻrardim. Koʻrganimda esa u men bilan gaplashmasdi ham...

 

-Hammasi tushunarli... Sen behuda gaplaring bilan uning boshini qotirgansan, bundan xoʻjayinning ensasi qotgan. Albatta, xoʻjayin haq. Sen oʻzing aybdorsan...

 

Shundan keyin uning ham koʻngli joyiga tushdi.

 

Birinchi bekatdayoq avtobusdan tushdim. Koʻnglim shu qadar xijil ediki,kimgadir dardimni aytmasam boʻlmasdi. Birinchi bekatdayoq avtobusdan tushdim. Koʻnglim shu qadar xijil ediki,kimgadir dardimni aytmasam boʻlmasdi. Men eski doʻstimning uyiga bordim.

 

- Meni ishdan boʻshatishdi,- dedim unga ostonadan hatlaboq,- ammo sendan juda ham iltimos qilaman – mendan hech narsa soʻrama va sababini ham surishtirma...

 

 Mening gaplarimdan keyin u battar qiziqib qoldi:

 

 — Demak, muhim sababi bor ekan-da...

 

- Xudo haqqi soʻrama...

 

- Sen uni bayramlar bilan tabriklab turarmiding? Uyiga borib yoʻqlarmiding?

 

 Men hech qachon xoʻjayinning uyiga bormagandim, ammo doʻstimni chalgʻitish uchun dedim:

 

- Albatta...Har bayramda, har yangi yilda, hamisha, har bir qulay fursatda...

 

-Hammasi tushunarli..Hadeb boraversang...

 

-Yoʻq, men unaqa... tez-tez bormasdim...

 

U boshqalar kabi meni savollarga koʻmib tashladi.

 

-Qiziq, sen uning asabiga tegmasmiding?

 

- Aksincha...U meni yoqtirardi.

 

- Unda yana nima boʻlishi mumkin? Aqlim bovar qilmayapti...

 

 Toqatim toq boʻldi va xonada hovliqib yura boshladim.

 

 — Tufling gʻarchillayapti-ku!..- doʻstim nogoh xitob qildi.

 

 — Ha, gʻarchillaydi!- deya tan oldim.

 

 — Qachondan buyon?

 

 — Sotib olganimdan buyon,besh oydan beri kiyaman, hamma vaqt gʻarchillaydi.

 

 — Sen shuni kiyib ishga ham borgandirsan?

 

 — Ha.

 

 — Voh, voh... Men aytdim-a,ishdan bekorga haydashmaydi deb.

 

 — Sen meni nima uchun ishdan haydashgani sababini topdingmi?- deb soʻradim.

 

 Doʻstim oʻrindiqqa qulay yaslanib olgach, iddaosini boshladi:

 

 — Ertadan kechgacha tuflining gʻarchillaganiga qaysi ahmoq toqat qilardi! Xoʻjayining haq!..Mana, ogʻaynichalish, aybing qayerda...

 

- Toʻppa-toʻgʻri, ayb menda... – jahl bilan qichqirdim,- aybdorman, aybdorman! Ammo boshimga kulfat tushgan kuni oldingga buni eshitish uchun kelmovdim.

 

 Men eshikni qarsillatib yopdim-u chiqib ketdim.

 

 Oqshomda paromga chiqib, Kadikoʻyga joʻnarkanman, xayolimdan hamon oʻsha majoro ketmasdi.

 

- Namuncha uzoq oʻylanib qolding?- deb soʻradi bir notanish. - Biron koʻngilsizlik boʻldimi?

 

- Yoʻq, hechqisi yoʻq...

 

 — Yuzingdan koʻrinib turibdi, tabing tirriq. Aytaver, balki yordamim tegib qolar.

 

 — Xoʻjayin meni ishdan haydab yubordi...

 

 — Nima uchun?

 

- Bilmayman.

 

- Balki biron ayb qilgandirsan?

 

- Mening tuflim gʻarchillaydi...Bundan xoʻjayinning asabi buziladi.

 

- Azizim, axir shugina uchun ishdan boʻshatishmaydi. Bu yerda boshqa bir gap boʻlsa kerak.

 

- Men xoʻjayinning basharasiga sinchkov tikilardim, bu unga yoqmasdi...

 

- Buniyam toʻqib chiqaryapsan.

 

- Men u bilan kamdan kam gaplashardim.

 

- Arzimaydigan gap.

 

 Men notanish odamning yuziga qarab turib kulib yubordim.

 

- E-ha, sen hoynahoy xoʻjayinning yuziga qarab turib ham xuddi shunday masxaraomuz kulgandirsan-da?

 

-Ha, ha, aynan shunday – masxara qiluvdim. Va oqibat xoʻjayin meni ishdan haydavordi.  Aybdor oʻzimman.Endi tushungandirsan? Koʻngling joyiga tushdimi?

 

Men shartta qayrilib, joʻnab qoldim.

 

Noxush kunni shu zaylda oʻtkazib, uyga qaytdim. Kechki taomdan keyin Ibrohim kelib qoldi. U juda tajang edi. Oʻn kun oldin uni ishdan boʻshatishgandi.

 

- Voh, voh-voh... - Nima uchun boʻshatishdi ?- deb soʻradim.

 

- Bilmadim... Xoʻsh, oʻzingni nega haydashdi?

 

- Bilmadim...

 

- Albatta,sababi bor.

 

- Seni ham bekorga boʻshatishmagandir... Ishga tez-tez bormasmiding?

 

- Sen kasalliging haqida maʼlumotnoma bermaganmiding?..

 

 Biz bir-birimizni soʻroqqa tuta boshladik. Suhbat davomida Ibrohim tez-tez aksirib, yoʻtalar, roʻmolcha bilan burnini artar edi.

 

 — Sen, Ibrohim, hoynahoy tumov boʻlib qolgansan? - deb soʻradim.

 

 — Men eskidan shunaqaman. Surunkali tumov...

 

 Men oʻrnimdan sakrab turdim va qoʻllarimni yoyib:

 

-Mana endi tushunarli – nega seni ishdan haydashgani!.. - dedim. --- Aybdorni qidirib oʻtirma, aybdor oʻzingsan...

 

Ibrohim hangu-mang boʻlib, menga qarab qoldi.

 

- Sen mana shunaqa qilib doimo burningni roʻmolchada artib yurasan,boyoqish xoʻjayinga bu yoqarmidi?.. Albatta seni ishdan haydash kerak edi? Shunday emasmi?

 

 Men yengil tortib qoldim. Hatto xursand ham boʻldim. Xuddi yangidan ishga kirganday.

 

Report Page