O‘zbekistonning ilm olamini boyitmoqdasiz, aziz ustozlar!
Nurafshon shahar hokimligi axborot xizmatiMamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda.
Nurafshon shahrida mehnat qilayotgan barcha o‘qituvchi va murabbiylar, ziyolilar timsolida bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni deb e’tirof etmoqdamiz. Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-e’tiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, sha’ni va g‘ururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pog‘onaga ko‘taramiz.
Ishonchim komil, xalqimiz ziyolilarining ilg‘or vakillari bo‘lgan siz, hurmatli ustoz va murabbiylar mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan ishlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, hayotda o‘zini oqlagan maktab, oila va mahalla hamkorligiga asoslangan ijtimoiy tizim samarasini oshirishda faol ishtirok etib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lasizlar.
Siz, azizlarning ana shu ezgu maqsadlarga erishish, inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston davlatini barpo etish, jonajon Vatanimizni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli mehnatingizni munosib qadrlash uchun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga tayyormiz.
Sizning, musaffo osmoni bor O‘zbekistonning ilm olamini boyitishda o‘z hissangizni qo‘shayotganingiz, bu yo‘lda zaxmatlarni pisand etmay faoliyat yuritayotganingiz cheksiz tahsinga loyiq.
Yaratganning sizga in’om etgan buyuk tuhfasi ushbu kasb egasi bo‘lganingizdir. Yuksak e’tirof va ehtiromlar qurshovida bo‘ling mudom.
Sizlarni 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab,barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-baraka tilayman.