O‘zbekistonliklar kelgusida Qatarga ham borib ishlashi mumkin

O‘zbekistonliklar kelgusida Qatarga ham borib ishlashi mumkin


O‘zbekiston – Qatar munosabatlari oxirgi yillarda izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, 2023-yilda Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy mamlakatimizga ikki marotaba tashrif bilan keldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham o‘tgan yilning oktyabr oyida davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. 

Bugungi kunda dunyoning ko‘pgina iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlari O‘zbekiston bilan mehnat munosabatlari sohasida ham hamkorlik qilishga intilyapti. Barchamizga ayon jahonga ishchi kuchiga bo‘gan talab kun sayin ortib bormoqda. Xususan, Qatar davlatida ham. 

Bugun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida Qatar davlat Mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Asosiy e’tibor, O‘zbekistondan Qatarga ishchi kuchini jalb etish, ularni tayyorlash va uyushgan tarzda yuborish masalalariga qaratildi. 

2023-yilning 6-iyun kuni Samarqand shahrida ikki davlat Hukumatlari o‘rtasida “Qatar Davlati hududida ishchi kuchi bandligini tartibga solish to‘g‘risida”gi bitim imzolangan. Uchrashuvda ushbu bitimni hayotga tatbiq etish mexanizmlariga to‘xtalib o‘tildi.  

Qatar davlat Mehnat vazirining ta'kidlashicha, ushbu mamlakatda ayni vaqtda tibbiyot, ta’lim, IT, mahsulotlarni sanoat usulida qayta ishlash, mehmonxona xizmati va OAV sohalarida xorijlik ishchi kuchiga talab yuqori. Ushbu davlatda ishlash istagida bo‘lganlarni qiynayotgan eng katta masala bu til to‘sig‘i ekanligi aytib o‘tildi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev ushbu muammoni yechish bo‘yicha shu yerdagi mavjud tajribadan kelib chiqib ishchi kuchini maqsadli tayyorlash bo‘yicha o‘z takliflarini berdi. 

Qatar davlat Mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri xorijdan borib ishlovchilarning huquqlari davlat tomonidan mustahkam himoya qilinishi, ayni maqsad va ko‘rsatkichlar 2008-yilda tasdiqlangan “Qatar Vision – 2030” dasturida ham o‘z aksini topganligini ma’lum qildi. Shuningdek, xorijlik ishchilarning ijtimoiy himoyasi, tibbiy sug‘urtasi, oylik, transport va yashash joylari xarajatlarini ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplash yo‘lga qo‘yilganligini, hamda chetdan borib ishlovchi ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘mita tashkil etilganligini aytib o‘tdi. 

Uchrashuvda qayd etilganidek, ikki davlat vazirliklari o‘rtasida qo‘shma komissiya tuzilib, uning navbatdagi yig‘ilishi Qatarda o‘tkaziladi va unda hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid bitim imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Report Page