“O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish istiqbollari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi
EconomyMoliyaPressJoriy yilning 15–16-may kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda vazirlik huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish istiqbollari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminarni tashkil etishdan maqsad “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish tadbirlarini rejalashtirish, amalga oshirish va natijalarni doimiy baholab borish bo‘yicha davlat hamda xususiy tashkilotlarning texnologik salohiyatlarini mustahkamlash, ushbu yo‘nalishda doimiy faoliyat yurituvchi mahalliy trenerlar tayyorlash hisoblanadi.
Tadbirda vazirlik va idoralar hamda mahalliy korxona va tashkilotlarning “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha mas’ul etib belgilangan xodimlari, oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” direktori Temur Malik Narziqulov, GIZ Barqaror iqtisodiy rivojlanish dasturi menejeri Beate Shorayt hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shoxzod Islamov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng vazirlik va idoralar mas’ul xodimlariga quyidagi mavzularda ma’ruzalar qilindi:
“Yashil” iqtisodiyot asosida barqaror rivojlanishni ta’minlash, issiqxona gazlarini qisqartirish, xalqaro uglerod bozorlari, emissiya savdosi tizimlari (ETS, CDM, JCM), Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG), xalqaro va mahalliy ekologik huquq, “yashil” urbanizatsiya, shaharsozlik, binolar va qurilish, infratuzilma, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasi hamda uning amaliy ahamiyati, iqlim moliyasi va vositalari, “yashil” soliqqa tortish tizimi, “yashil” moliya, “yashil energiya” sertifikatlari, iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish, “yashil” kreditlar va obligatsiyalar.
Shuningdek, seminar davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining “yashil” texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga ko‘maklashish, emitent tashkilotlarni “yashil” obligatsiyalar tarkibini ishlab chiqishda, tashqi sertifikat olishda hamda ta’sir va daromadlar to‘g‘risidagi hisobotlarni nashr etishda qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish manbalarini shakllantirish hamda texnik hamda moliyaviy ko‘mak jalb etishga ko‘maklashish masalalari keng muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Ushbu seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–436-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil qilindi.
Seminar-trening yakunida seminar mavzulari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy testni ijobiy yakunlagan ishtirokchilar tegishli sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati