O‘zbekistonda 2015–2023-yillarda kambag‘allikni qisqartirishda erishilgan natijalar

O‘zbekistonda 2015–2023-yillarda kambag‘allikni qisqartirishda erishilgan natijalar



Jahon bankining 2024-yil 9-maydagi “O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish yo‘li: xalqaro taqqoslash dasturi xulosalari” hisobotida O‘zbekistonda 2015-2022-yillarda kambag‘allik darajasi 2 barobarga qisqarib, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori natijaga erishgan mamlakatlardan biri ekanligi ma’lum qilinmoqda. (Jahon banki ma'lumotlari).

Bunda, o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kiruvchi davlatlar uchun foydalaniladigan xalqaro kambag‘allik chegarasi[1] bo‘yicha O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2015-yildagi 35,9 foizdan 2022-yilda 17,3 foizgacha pasayib, 5,1 mln aholi kambag‘allik holatidan chiqarildi.

Shu bilan birga, hisobotda milliy kambag‘allik chegarasi (minimal iste’mol xarajatlari[2]) asosida hisoblangan kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizgacha pasaygani ta’kidlangan.

Jumladan, 2021-2023-yillarda qishloq joylarida 1,2 mln aholi (kambag‘allik darajasi 2021-yil – 19,8 foiz; 2023-yil – 12 foiz) va shaharlarda 400 ming (13,9 foiz; 10,1 foiz) aholi kambag‘allikdan chiqarilgan.



O‘z navbatida, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi iqtisodchilari tomonidan kambag‘allikning qisqarishi va aholi turmush darajasining o‘zgarishini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar tahlil qilindi. Xususan:

1. 2015-2023-yillarda uy xo‘jaliklar soni 6,2 milliontadan 7,3 milliontaga yetganiga qaramasdan 2015-yilda 10 ta uy xo‘jaligidan 4 tasida avtomobil bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda mazkur ko‘rsatkich 6 tagacha yetdi (jami 2,6 milliondan 4 milliontaga yetdi).

Xususan, ichki bozorda sotilgan yangi yengil avtomobillar soni 2015-yildagi 186 mingdan (mahalliy i/ch – 178,4 mingta; import – 7,2 ming) 2023-yilda qariyb 500 mingtaga (420 mingta; 80 mingta) yetdi.

2. 2017-2023-yillarda 419 mingta fuqaroga 67 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilib, jami 358 mingta kvartiralik yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.

Ma’lumot uchun: 1991-2016-yillarda 105 mingta kvartirali ko‘p qavatli uylar qurilgan.



3. 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan konditsionerlar soni 2015-yildagi 32 tadan 2023-yilda 47 taga (o‘sish – 47%), kompyuterlar 47 tadan 66 taga (40%) va changyutgichlar 53 tadan 71 taga yetdi (34%).

4. Internet tarmog‘iga ulangan abonentlar soni 2015-yildagi 8,3 milliontadan 2022-yilga kelib, 26,7 milliontaga (3,2 baravar) yetib, aholini internet xizmatlari bilan qamrov 26 foizdan 71 foizga yoki 15 yoshdan yuqori aholi soniga nisbatan to‘liq qamrab olindi.

5. Aholi daromadlarining oshishi xususiy maktablarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirib, ularning sonini 2018-yildagi 30 tadan 2023-yilga kelib 350 tagacha oshirish imkonini berdi.

Oliy ta’lim muassasalarida talabalar soni 2016/2017-o‘quv yilidagi 270 ming nafardan 2023/2024-o‘quv yilida 1,4 mln nafarga yetib, oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizgacha oshdi.

Shuningdek, 2018-2023-yillarda 26 mingdan ziyod nodavlat bog‘chalar tashkil etilib, hozirda ularda 788 ming nafar bola maktabgacha ta’limga jalb qilindi. Natijada maktabgacha ta’lim qamrovi darajasi 2017-yildagi 25,4 foizdan 2023-yilda 74,4 foizga yetdi.

6. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, turizm maqsadlarida xorijga chiqqan fuqarolar soni 2016-yildagi 295 ming kishidan 2023-yilga kelib 661 ming kishiga (o‘sish – 2,2 baravar), turizm xizmatlari importi 340 mln dollardan 1,3 mlrd dollarga yetdi.

Bunda, “Haj” va “Umra” safariga boruvchi aholi 2016-yildagi 13 ming nafardan 2023-yilda 115 ming nafarga yetib, so‘nggi 8 yil ichida 537 ming ziyoratchi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi.

Shu bilan birga, birgina Turkiya shaharlariga O‘zbekistondan haftasiga o‘rtacha reyslar soni 2016-yilda 10 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda mazkur ko‘rsatkich 90 taga yetdi.

2015–2023-yillarda mehmonxonalarga tashrif buyuruvchilar soni 1 millionga oshib, mazkur davrda qo‘shimcha 24,4 ming o‘rinlik 506 ta mehmonxonalar ishga tushirildi.

7. Aviatsiyada yo‘lovchi tashish hajmi 2015-yildagi 2,5 milliondan 2023 yilda 10,4 milliontaga yetdi, shundan ichki yo‘lovchi tashuvlar soni 602 mingtadan 1,9 milliontaga yetdi.


8. 2015–2023-yillarda o‘rtacha oylik ish haqi 4 barobarga (2023-yil – 4,6 mln so‘m), rasmiy sektorda bandlar 5,3 milliondan 6,5 millionga oshdi hamda 2020-2023 yillarda 2,5 mln dan ortiq aholining o‘zini-o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlandi.

Faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 2016-yildagi 491 mingtadan 2023-yilga kelib, 811 mingtaga yoki 1,7 barobarga oshdi.

Shu bilan birga, 2022–2023-yillarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan qariyb 200 ming gektar yer maydonlari uzoq muddatli ijara asosida 675 mingta oilaga ajratildi.

Umuman olganda, aholi daromadlarining oshishi kreditlar hajmining o‘sishiga zamin yaratib, jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qoldig‘i 2017-yildagi 14 trln so‘mdan 2023-yilda 150 trln so‘mga yetdi yoki 11 barobarga oshdi.

Aholini masofaviy bank xizmatlari bilan qamrab olish 2019-yildagi 10 mln foydalanuvchidan 2023-yilda 44 milliongacha o‘sdi.

[1] – jon boshiga kunlik daromad xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha 2017-yil narxlarida kuniga 6,85 dollar;

[2] – minimal iste’mol xarajatlar qiymati jon boshiga o‘rtacha oylik 2023-yilda 621 ming so‘mni tashkil etgan.


O'zbekiston Respublikasi Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Axborot xizmati




Report Page