O'zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi raisi Muxriddin Xamzayevning viloyatimiz bitiruvchi-yoshlariga tabrigi

O'zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi raisi Muxriddin Xamzayevning viloyatimiz bitiruvchi-yoshlariga tabrigi

O'zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi

Aziz bitiruvchi yoshlar,

Bugun 11 yil davom etgan maktab davrlaringiz o'z yakuniga yetib, katta hayotga ilk va muhim qadamlarni qo'yish arafasidasiz. Avvalo, o'quv yilini, umuman olganda, umumta'lim bosqichini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan muborakbod etaman.


Endi esa zimmangizdagi mas'uliyat yana bir karra ortdi desam, mubolag'a bo'lmaydi. Shaxsiy izlanish va mehnatlaringiz, bilimga chanqoqligingiz, qolaversa, ota-onangiz bildirgan ishonch va qo'llab-quvvatlash, jonajon ustozlaringiz bergan beminnat ta'lim-tarbiya kelajak hayotingiz poydevori, ulkan yutuqlaringizning zamini bo'lajak. 


Bu yil viloyatimizda 31 010 nafar o'quvchi-yoshlar o'quv yilini muvaffaqiyatli tamomlashdi. Ulardan namunali xulqi va a'lo baholari ila 851 ta oltin, 132 ta kumush medallariga sazovor bo'lib turgan yoshlar barchamizni quvontirishi tabiiy.


Aziz yoshlar,

Hali oldingizda qilinishi zarur bo'lgan ishlar talaygina. Yakuniy davlat imtihonlari, oliy ta'lim muassasalariga kirish sinovlari va shu kabi baland dovonlar siz bosib o'tishingizga muntazir turishibdi. Ularning barchasida sizga omad va zafarlar tilab qolaman. Uzoq yillik mehnatlaringiz mevasi - bilimlaringiz bilan yuksak cho'qqilarni zabt eting. Ortingizda esa ota-onangiz, ustozlaringiz va xalqning ishonchi turibdi. Bunday mas'uiyatni ado etishdek yuksak vazifada sizga muvaffaqiyatlar yor bo'lsin. 


Kelajakda o'z sohangizning yetuk mutaxassisi, xalq va jamiyatga manfaati teguvchi komil inson bo'lib yetishing. Muvaffaqiyatlaringiz ila nafaqat viloyatimiz nomini, balki, yurtimiz bayrog'ini jahon marralarida yuksak ko'tarishingizga tilakdoshman.


Orzularingiz ro'yobi va eng yaxshi tilaklarni tilab,

Hurmat bilan,

Muxriddin Xamzayev

O'zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi raisi

Report Page