O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi faoliyati bo‘yicha daryo.uz saytida eʼlon qilingan maqolaga rasmiy munosabat

O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi faoliyati bo‘yicha daryo.uz saytida eʼlon qilingan maqolaga rasmiy munosabat

Yoshlar ishlari agentligi axborot va media xizmati

Joriy yilning 5 oktyabr kuni daryo.uz informatsion saytida eʼlon qilingan muallif Otabek Qo‘ldoshevning maqolasi yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz. Mazkur holat bo‘yicha barcha masʼullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi va unda maqolada keltirilgan har bir masala chuqur muhokama qilindi. 


Aytish o‘rinliki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi markaziy apparatiga 75 nafar, hududiy boshqarmalarda 154 nafar, tuman (shahar)lardagi bo‘linmalarda 406 nafar masʼul xodimlar faoliyat olib bormoqda.


  Yoshlar ishlari agentligining 2020 yil 19 avgust kungi tegishli xati bilan agentlikning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi apparati xodimlari va tuman (shahar) bo‘limi boshliqlari lavozimiga saralangan nomzodlarning tavsiya etilgan ro‘yxati yuborilgan.


Ushbu ko‘rsatmada agentlikning G‘uzor tumani bo‘limi rahbarligi uchun N. Saidov, Shahrisabz shahri bo‘limiga Sh. Islamov, Chiroqchi tuman bo‘limiga A. Beknazarov, Dehqonobod tumaniga A.Qulmamatov nomzodi tavsiya etilgan. Biroq ular viloyat boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tasdiqlanmagani aniqlandi.


O‘rganishlar davomida agentlikning viloyat boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida faoliyat olib borgan nomzodlar bilan suhbat tashkil qilingani va natijalariga ko‘ra Dehqonobod tuman bo‘limi rahbarligiga O.Normurodov, Shahrisabz shahri bo‘limiga D.Ahmedov, Chiroqchi tuman bo‘limiga J.Xursandovni tayinlangani aniqlandi.


Go‘yoki boshqarmaning munosabatida taʼkidlangan “tavsiya etilgan ayrim nomzodlarning ish haqidan qoniqmagani, sohada tajribasi yetarli emasligi, muammolardan bexabar, ish rejasi yo‘q, ish haqidan bexabar” kabi sabablar va baholar mutlaqo asossizdir.


Vaholanki, agentlik tavsiya etgan barcha nomzodlarning malakasi, bilimi va sohani yaxshi tushunishi o‘tkazilgan suhbatlar chog‘ida aniqlangan hamda ular o‘z roziligi bilan bu lavozimlarga ishlash uchun qiziqish bildirishgan.


Yig‘ilish davomida lavozimiga tayinlanmagan har to‘rt nomzod bilan agentlik direktori tomonidan telefon orqali muloqot o‘tkazildi.


Mazkur muloqot davomida, Chiroqchi tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tavsiya etilgan Alisher Beknazarov hozirda tumandagi 170-son umumiy o‘rta taʼlim maktabi direktori bo‘lib ishlayotgani, o‘z istiqbolini taʼlim sohasida ko‘rayotganini bayon qildi. Uning o‘rniga tayinlangan Jamshid Xursandov faoliyatini davom ettirishi belgilangan. Shuningdek, Shahrisabz tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tavsiya etilgan Sherzod Islamov hozirda Shahrisabz shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri lavozimida ishlayotgani, faoliyatini tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davom ettirishi maʼlum qilgan. Uning o‘rniga tayinlangan Davron Axmedov faoliyatini davom ettirishi belgilangan. G‘o‘zor tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tavsiya etilgan Nodirjon Saidov hozirda salomatligini tiklash jarayonida ekanligi hamda Xalq deputatlari G‘uzor tumani Kengashi deputati sifatida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan.


Dehqonobod tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tavsiya etilgan A.Qulmamatov o‘z ishini boshlashi belgilandi.


Mazkur holat yuzasidan, o‘z vazifa yo‘riqnoma talablarini qo‘pol ravishda buzgani, yuqori turuvchi organning qarorlarini noto‘g‘ri talqin etgani va obro‘sizlantirishga harakat qilgani va jurnalistning haqli eʼtiroziga sabab bo‘lgan savollarni tug‘dirgani uchun viloyat boshqarma boshlig‘i Sh.Omonovga qatʼiy ogohlantirish belgilandi. Hujjatlar almashishdagi qo‘pol xatolari uchun boshqarmaning kadrlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassisi F.Eshmurodovga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.


Bugungi kunga kelib agentlikning Qashqadaryo viloyat boshqarmasida 11 ta, tuman (shahar) bo‘limlarida 45 ta shtat jadvali asosida 56 nafar rahbar va masʼul xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistondagi yetakchi internet nashrlaridan biri hisoblangan daryo.uz sayti jurnalistlarining yoshlar masalasi bo‘yicha tanqidiy va tahliliy chiqishlari va bu mavzuga doimiy eʼtiborini yuqori baholagan holda, agentlik faoliyatiga daxldor OAVdagi har qanday chiqishlarga tezkor, xolis va haqqoniy munosabat bildirib borilishi taʼminlanishini, jurnalistlar bilan hamkorlik uchun doimo ochiqligini yana bir bor taʼkidlaymiz.

Report Page