O‘zbekiston valyuta bozori: so‘m nega mustahkamlanmoqda?
CBU Press poolSo‘nggi oylarda ichki valyuta bozorida muhim tendensiya kuzatilmoqda,
so‘m dollarga nisbatan qadrsizlanish fazasidan mustahkamlanish fazasiga o‘tdi.
Ichki valyuta bozoridagi talab va taklif omillari:
Joriy yilning 10 oyi davomida chet el valyutasiga talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24% ga oshdi. Valyuta taklifi esa 26% ga o‘sdi. Bunda, yuridik shaxslarning valyutaga bo‘lgan talab va taklifi mos ravishda 24% va 38% ga oshdi.
Mazkur tendensiya, talab bilan bir qatorda, taklifning o‘sish sur’ati ham yuqori bo‘lganini ko‘rsatib, aynan shu omil so‘mning barqarorligi va mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi.
Eksport tushumlari (oltinsiz) 14,5 mlrd dollarga yetdi. Shundan 8,1 mlrd dollari ichki valyuta bozorida sotildi. 2024-yilga nisbatan yuqori darajada o‘sishni qayd etgan mazkur omillar ichki bozorda qo‘shimcha valyuta manbai bo‘lib xizmat qildi.
Jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 17,5 mlrd dollar sotildi (2024 yil yanvar-oktabr – 13,2 mlrd dollar) va 9,7 mlrd dollar sotib olindi (o‘tgan yilga nisbatan 25% ga ko‘p).
Mamlakatimizga 15,8 mlrd dollar miqdorida pul o‘tkazmalari kelib tushdi (o‘tgan yilga nisbatan 25% ga ko‘p). Bu esa ichki valyuta bozoridagi taklifni rag‘batlantirdi, buning natijasida milliy valyuta qadri mustahkamlandi.
So‘mning mustahkamlanishi:
2025-yilning yanvar–oktabr oylarida milliy valyuta almashuv kursi mustahkamlanish tendensiyasida shakllandi (yil boshiga nisbatan 7% ga mustahkamlandi.
Bu quyidagi omillar bilan izohlanadi, jumladan:
● eksport tushumlarining oshishi;
● xalqaro pul o‘tkazmalarining sezilarli darajada o‘sishi;
● xorijiy kreditlarni jalb qilinishi;
● import to’lovlari hajmlarining nisbatan barqarorlashuvi;
● investitsiya hajmlari, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning oshishi.