O‘zbekiston vakillari Portugaliyaning Vianu-du-Kashtelu politexnika institutida
@eduuzYevropa Ittifoqining Erasmus+ CBHE dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “MechaUz-O‘zbekistonda Mexatronika va robototexnika bakalavriat ta’lim yo‘nalishini innovatsion g‘oyalar va raqamli texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish” loyihasining navbatdagi hamkorlar uchrashuvi va maxsus trening Portugaliyaning Vianu-du-Kashtelu politexnika institutida o‘tkazilmoqda.
Mexatronika va robototexnika ta’lim yo‘nalishini milliy ustuvorliklarga asoslangan va oliy ta’limda ta’lim-malaka-innovatsiya sikli asosida innovatsion g‘oyalar va raqamli texnologiyalar orqali rivojlantirish loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Uchrashuv dastlabki kuni Gediminas nomidagi Vilnyus texnika universiteti doktori Vitautas Buchinskas mexatronika va robototexnika bo‘yicha yangi bakalavriat dasturini ishlab chiqish jarayonini yakunlovchi ma’lumotni taqdim etdi.
Uchrashuv Vianu-du-Kashtelu politexnika institutining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Anna Paula Valening tabrik nutqi bilan davom etdi. Prorektorga ko‘ra, Yevropa va O‘zbekiston universitetlarining ushbu loyiha doirasidagi hamkorligi loyiha faoliyati yakunlangan davrdan keyin ham davom etishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Loyiha mahalliy koordinatori hisoblangan Andijon mashinasozlik instituti vakili Javlonbek Rahmatillaev loyihaning hozirgi holati haqida taqdimot qildi.
Ta’kidlanishicha, Vianu-du-Kashteludagi trening loyihaning rivojlanishi bilan bog‘liq ishlar sur’atini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, yig‘ilishda loyiha doirasidagi laboratoriyalarni tashkil etish bo‘yicha barcha O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari yaxshi natijalarga erishganligi qayd etildi.
Uchrashuvda vazirlikning Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i A.Xoliqov ham ishtirok etmoqda.
Loyiha yig‘ilishi va treningi belgilangan kun tartibiga ko‘ra 23-iyulga qadar davom etadi.