O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishi o‘tkazildi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishi o‘tkazildi


Joriy yilning 26-dekabr kuni Turkiyaning Anqara shahrida O‘zbekiston–Turkiya Hukumatlararo komissiyasining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Turkiya tomonidan Vitse-prezident Jevdet Yilmaz raislik qildi.

Uchrashuvda bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Turkiyaning farmatsevtika, qurilish materiallari, charm-poyabzal, to‘qimachilik, mebelsozlik, zargarlik, shisha ishlab chiqarish sohasidagi tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishlarda malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Mazkur sohalarda mavjud asosiy muammolar ro‘yxatini shakllantirib, yil davomida ularni bartaraf etish bo‘yicha birgalikda ishlashga kelishib olindi.

O‘zbekistonda Turkiya tajribasi asosida milliy malaka tizimi va kasb standartlarini takomillashtirish, “O‘zbek-Turk” monomarkazini tashkil etish orqali malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turkiya Savdo vazirligi tomonidan yuqorida keltirilgan 6 ta soha bo‘yicha yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga yuborish masalasi tez orada ishlab chiqilishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston–Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi 7-yig‘ilishining bayonnomasi va “harakatlar rejasi” hamda 7 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.



Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page