O‘zbekiston va Buyuk Britaniya Adliya vazirliklari tartibga solish ta'sirini baholash sohasida tajriba almashdi

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya Adliya vazirliklari tartibga solish ta'sirini baholash sohasida tajriba almashdi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Adliya vazirligi tomonidan Buyuk Britaniyaning qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta'sirini baholash sohasidagi tajribasi bilan yanada kengroq tanishi maqsadida joriy yilning 14-yanvar kuni O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchihonasi ko‘magida Buyuk Britaniya Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Qonunchilik hujjatlari va ularning loyihlarini tartibga solish ta'sirini baholash: Buyuk Britaniya tajribasi” mavzusida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

O‘quv-amaliy seminarda Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Buyuk Britaniya Adliya vazirligining mas'ul xodimlari Jonatan Xant va Endryu Mids tomonidan Buyuk Britaniyada tartibga solish ta'sirini baholashning asosiy prinsiplari va ularning tartibga solish siyosatga ta'siri, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda “aqlli tartibga solish” usullarining roli va bunday tartibga solishni qo‘llash amaliyoti haqida batafsil ma'lumot berildi.

Buyuk Britaniyalik mutaxassislar tomonidan tartibga solish tizimnining amalda samarali qo‘llanilishi uchun davlat tomonidan doimiy ravishda e'tibor qaratilishi, jumladan, baholash jarayonlariga katta miqdordagi moliyaviy mablag‘lar ajratilishi, bu orqali biznes sub'ektlari hamda davlat byudjeti uchun yuzaga keladigan ortiqcha resurslar sarflanishining oldi olinishi a'lohida ta'kidlab o‘tildi.

Tadbir ishtirokchilari Buyuk Britaniyada tartibga solish ta'sirini baholash jarayonida davlat organlari va jamoatchilikning ishtiroki, baholashni amalga oshirishda e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlar, tartibga solish ta'sirini baholash tizimini samarali yo‘lga qo‘yishdagi qilingan amaliy ishlar kabi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Tadbir ishtirokchilarga O‘zbekistonda joriy etilgan tartibga solish ta'sirini baholashning yangi tizimi, shuningdek, sohada 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma'lumot berildi.

Seminar yakunida tomonlar, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya Adliya vazirliklari o‘rtasida qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta'sirini baholash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, tajriba almashish maqsadida amaliy tashriflarni tashkil etishga kelishib oldilar.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Report Page