Xalqaro hamkorlik: ta’lim tizimi va avtosanoat sohalari bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi

Xalqaro hamkorlik: ta’lim tizimi va avtosanoat sohalari bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi


2023-yil 16-18-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. 

Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirini o‘rinbosari Ilxom Norqulov ishtirok etdi. 

Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida uch tomonlama Texnik yordam berish shartnomasi imzolandi. 

Hamkorlik doirasida respublika hududlarida bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida yangi davlat umumta’lim maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, ularga xususiy sheriklar tomonidan xizmat ko‘rsatilishi va ta’mirlanishi belgilangan. Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan davlat umumta’lim maktablarini rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha binolar qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jarayonning dastlabki bosqichi sifatida YETTB mutaxassislari tomonidan grant olish va maslahatchilarni yollash bo‘yicha ichki tahlillar o‘tkazildi. Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 15 ta maktab loyihaga qamrab olindi. Loyihaning kapital qiymati 55-75 million dollarni tashkil etadi.

Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilxom Norqulov o‘z nutqida mazkur bitim doirasidagi amaliy ishlar kelajakda faqat yangi maktab infratuzilmasiga sarmoya kiritish bilan cheklanib qolinmasligini ta’kidladi. Maktablarning qurilishida bugungi zamon talablariga mos yondashuvlar asosida eng avvalo, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan barcha qulayliklar yaratishga alohida ahamiyat beriladi. Shuningdek, loyihaning davlat-xususiy sheriklik mexanizmi orqali amalga oshirilishi maktab infratuzilmasini rivojlantirishning yangi amaliyotini o‘zida ifoda etadi.

Mazkur bitim kelgusida mamlakatimiz bo‘ylab davlat-xususiy sheriklik asosida maktablar qurilishi bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlarning boshlanishi hisoblanadi. Ilgari Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu dastur O‘zbekistonda yoshlarning iqtidor va bilim olish salohiyatini yanada rivojlantirish uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan zamonaviy ta’lim muassasalarini barpo etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Shuningdek, YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilxom Norqulov Janubiy Koreyaning “KSP” dasturi mutasaddi rahbarlari ishtirokidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Muzokaralarda Janubiy Koreyaning “Korea EXIMbank” moliyaviy ko‘magi asosida transport sohasidagi istiqbolli loyihalar, xususan, elektromobillar uchun quvvatlash punktlarini qurilishi borasida o‘zaro strategik hamkorlikni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. 

Qayd etish joiz, bugun mamlakatimizda elektromobillarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu albatta, bojxona to‘lovlari, aksiz solig‘i va avtotransport yig‘imlaridan ozod etilishiga oid imtiyozlarning berilishi bilan bog‘liq. Prognozlarga ko‘ra, elektromobillar bozorining yanada o‘sishi kutilmoqda. Ammo, mamlakatimizda elektromobillar texnik xizmat ko‘rsatish va ularni quvvatlash nuqtalari yetarli darajada emas. Bu esa, sohada ko‘pyillik tajribaga ega hamkorlar bilan mazkur yo‘nalishga oid loyihalarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Koreya Respublikasi delegatsiyasi a’zolari bilan mazkur sohani amalga oshirishga oid bitim imzolandi. 

Uchrashuvlarda tomonlar imzolangan hujjatlar kelishuvlar, ular asosida ishlab chiqilgan yo‘l-xaritalarini amalga oshirish chora-tadbirlari xususida fikrlashib oldilar.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi



Report Page