O‘zbekiston iqtisodiyotini karbonsizlashtirish masalasida Jahon banki vakillari bilan uchrashuv
EconomyMoliyaPressJoriy yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Jahon Banki vakillari bilan O‘zbekiston iqtisodiyotini dekarbonizatsiyalashni rejalashtirish masalalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jahon Bankining energetika bo‘yicha bosh iqtisodchisi Silviya Dokzi boshchiligidagi energetika bo‘yicha vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvning maqsadi iqtisodiyotni dekarbonizatsiyalash rejasini tahlil qilish, Iqlim va rivojlanish bo‘yicha milliy hisobot (CCDR - Country Climate and Development Report) asosida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berish, asosiy taxminlarni taqdim etish va uglerod neytralligini ta'minlash senariylari ro‘yxati bo‘yicha dastlabki natijalar va keyingi qadamlarni muhokama qilish bo‘ldi.
Uchrashuvda Iqlim va rivojlantirish bo‘yicha milliy hisobotning (CCDR) analitik yondashuvlari va aloqalari hamda iqtisodiyotni dekarbonizatsiyalash bo‘yicha Uzoq muddatli strategiya (LTS), mavjud siyosiy choralar va tendentsiyalari, energiya, transport, sanoat va boshqa sohalarda uglerod neytralligiga erishish yo‘li kabi masalalar muhokama qilindi. Shu jumladan, mutaxassislar muqobil va qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish, binolarni ta'mirlash orqali energiya sarfini kamaytirish va yuqori samarali, kam uglerodli texnologiyalardan foydalanish senariylarini taklif qilishdi. Shu bilan birga, sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda, shuningdek aholi orasida yoqilg‘i-energetika resurslarini (ko‘mir, tabiiy gaz, neft mahsulotlari, elektr energiyasi va boshqalar) ishlab chiqarish, qazib olish va iste'mol qilish senariylari taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Iqlim va rivojlantirish bo‘yicha milliy hisobotning dastlabki natijalari taqdimotini joriy yilning fevral oyida o’tkazish hamda joriy yilning birinchi yarmida mazkur hisobotni yakuniga etkazish boyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlal kelishib olindi.
Iqtisodiyot va Moliya vazirligi
Axborot xizmati