O’zbekiston delegatsiyasi “Euromoney 2022” – Markaziy va Sharqiy Yevropa forumida ishtirok etmoqda

O’zbekiston delegatsiyasi “Euromoney 2022” – Markaziy va Sharqiy Yevropa forumida ishtirok etmoqda

MoliyaPress

Joriy yilning 23-24 may kunlari O’zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vena shahrida bo’lib o’tayotgan “Euromoney 2022” - Markaziy va sharqiy Yevropa forumida ishtirok etdi.

        Ma’lumot uchun: Nufuzli “Euromoney” nashri tomonidan 27 yildan beri tashkil etiladigan Markaziy va sharqiy Yevropa forumi ushbu mintaqaga qiziqqan moliya bozori ishtirokchilari va investorlar uchun eng muhim yig'ilish platformasi hisoblanadi.

Forum dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan 1200 ga yaqin delegatlar, 600 dan ortiq xalqaro banklar, investorlar va kompaniyalar hamda 100 dan ortiq spikerlar ishtirokidagi panel sessiyalar, muhokamalar va taqdimotlarni o’z ichiga oldi.

Forum doirasida 23 may kuni O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Olmaliq KMK” AJ, “Uzauto Motors” AJ va “O’zmetkombinat” AJ ishtikorida “O'zbekistonning IPO bo’yicha peshqadamlari” davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur davra suhbatida Moliya vazirligi tomonidan O’zbekiston Respublikasida yaratilgan imkoniyatlar, kapital bozorni rivojlantirish dasturi hamda rejalari batafsil taqdim etildi.

Shu bilan birga, tegishli Farmon va qarorlarga muvofiq, Toshkent Respublika fond birjasida va xorijiy birjalarda aksiyalari ommaviy joylashtirilishi (IPO) rejalashtirilgan uchta davlat korxonasidagi transformatsion jarayonlar, moliyaviy ko’rsatkichlar va kelgusi rejalar bo’yicha taqdimotlar qilindi.

Forum doirasida Polsha, Vengriya, Slovakia va Serbiya mamlakatlari Davlat qarzini boshqarish idoralari bilan uchrashuvlar o’tkazildi.

Mazkur uchrashuvlarda davlat qimmatli qog’ozlar bozorida birlamchi dilerlik va market-makerlik institutini joriy qilish, ikkilamchi bozorini rivojlantirish hamda mutaxassislar malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, Vengriya va Slovakiya Respublikalari Davlat qarzini boshqarish uchun mas’ul vakillari bilan joriy yilning 26-27 may kunlari batafsil texnik darajadagi muhokamalar o‘tkazishga kelishib olindi.

Qolaversa, Vengriya va Polsha bilan tarjiba almashish maqsadida O’zbekiston tomonininig, mos ravishda, Budapesht va Varshavada qisqa amaliyot o’tash imkoniyatlari o’rganib chiqilishi bo’yicha kelishib olindi.

Shuningdek, xalqaro banklar, jumladan Raifeissen Bank Internatinal (Avstriya), Citi (AQSh), OEKB eksport agentligi (Avstriya), SocGen (Fransiya), Natixis (Fransiya), Intesa San Paolo (Italiya) va Standard Chartered (Buyun Britaniya) bilan qator uchrashuvlar bo’lib o’tdi.

Uchrashuvlarda RBI banki bilan O’zbekistondagi davlat qimmatli qog’ozlari va kapital bozorlariga xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida “kastodian” (depozitariyda chet el investorlarining qimmatli qog’ozlarini saqlash xizmati) fuksiyasini bajarish bo’yicha kerakli chora-tadbirlarni yo’l xarita asosida amalga oshirish kelishib olindi.

Boshqa banklar bilan suveren va korporativ xalqaro obligatsiyalar bozori va yangi emissiyalarni muomalaga chiqarish istiqboli, davlat tashkilotlari va banklarining aksiyalarini ommaviy joylashtirish, derivative maxsulotlaari orqali moliyaviy risklarni boshqarish amaliyotini yo’lga qo’yish, eksport kredit agentliklari va davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida O’zbekistondagi yirik loyihalarga mablag’ kalb etish va boshqa mavzularda muzokaralar olib borildi.   

Uchrashuvlar davomida xalqaro investorlarga O’zbekiston Respublikasida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan samarali choralar, davomli islohotlar, 2022 - 2023 yillarda aksiyalarni mahalliy va xorijiy fond bozorlarida ommaviy joylashtirilishi rejalashtirilgan “Uzauto Motors” AJ, “O’zmetkombinat” AJ va “Olmaliq KMK” AJlarning moliyaviy holati va rejalari, shuningdek, davlatimizda investorlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan amaldagi qonunchilikdagi o’zgarishlar bo’yicha ma’lumotlar berildi.

Qo’shimcha ravishda Vena fond birjasi bilan bo’lib o’tgan muhokamada Vena fond birjasining likvidlikni oshirish, investorlarni kapital bozoriga jalb qilish, jumladan, instutsional investorlar bazasini kengaytirish, ularning birjadagi savdolar jarayoniga ishonchini kuchaytirish va birja biznesini rivojlantirish bo’yicha tajribasi o’rganildi.

Shuningdek, kapital bozori infrastuzilmasini rivojlantirish bo’yicha Vena birjasining tajribasi, optimal infratuzilma strukturasi, dasturlarni yangidan ishlab chiqish hamda tayyorini sotib olib amaliyotga tatbiq qilish afzalliklari va rivojlantirish bosqichlari bo’yicha fikr almashinildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropaning qator davlatlariga “roadshow” uchrashuvlari davom etmoqda.

 

Moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page