O‘zbekiston Yaponiya kompaniyalarini yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishga taklif qildi

O‘zbekiston Yaponiya kompaniyalarini yangi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishga taklif qildi


Poytaxtimizda “davlat va biznes” formatida tashkil etilgan davra suhbatida Yaponiyaning Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bilan savdo bo‘yicha ROTOBO uyushmasiga a’zo yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Yaponiya tomonidan ROTOBO prezidenti Masami Iijima va Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev rahbarligida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekistonning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi. 

Joriy qo‘shma loyihalar va O‘zbekiston-Yaponiya savdo-investitsiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish doirasida mamlakatimizda tadbirkorlar va investorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida imtiyoz va preferensiyalar amal qilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, kichik biznes sohasida ikki yuzdan ortiq turdagi litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi, soliqlarning umumiy soni qisqartirildi, ayrimlarining stavkalari ikki baravarga pasaytirildi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda yapon tadbirkorlari duch kelayotgan muammolar ham ko‘tarilib, ularni hal etish mexanizmlari muhokama qilindi. 


Ishtirokchilar ustuvor tarmoqlarda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari taqdimotiga alohida e’tibor qaratdilar.   

“Ma’lumki, Yaponiya dunyoda birinchilardan bo‘lib 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan. U “yashil energiya” sohasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Gidroelektr stansiyalar va issiqlik elektr stansiyalariga muqobil qurilma yaratish kelajakda energiya taqchilligining oldini olish uchun zarur chora-tadbirlardan biridir. 2026-yilgacha O‘zbekistonda 5 GVt quyosh energiyasi va 3 GVt shamol energiyasini o‘z ichiga olgan qo‘shimcha energiya quvvatlarini yaratish rejalashtirilmoqda. Yaponiya kompaniyalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida quyosh va shamol elektr stansiyalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qurish bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishga taklif qilamiz”, - deya ta’kidlab o‘tdi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev davra suhbati ishtirokchilariga murojaatida.

O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligining boshqa muhim yo‘nalishlari qatorida tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalar ham belgilab o‘tildi. 

IT va innovatsiyalar sohasida Yaponiyaning eng yaxshi kiber, bio va nanotexnologiyalarini transfer qilishga, shuningdek, Yaponiya innovatsiyalari va ilmiy ishlanmalarini O‘zbekiston infratuzilmasi va kadrlar salohiyati bilan uyg‘unlashtirishga qiziqish bildirildi. 

O‘zbekistonning tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari alohida ma’ruza va takliflar bilan chiqishdi. Ular bilan birga Yaponiyaning “ITOCHU Corporation”, “Sumitomo Corporation”, “Sojitz Corporation”, “Mitsubishi Corporation”, “Mitsui& Co., Ltd” kompaniyalari rahbarlariga so‘z berildi. Yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rishga o‘zaro tayyorlik fikri bildirildi.

O‘zbekiston tomoni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) orqali moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatilayotganini qayd etgan holda, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga tashrifi do‘stona aloqalarni chuqurlashtirish va faollashtirish yo‘lida muhim turtki bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va erishilgan kelishuvlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib oldilar. Ishtirokchilar mazkur tadbir O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirishga hamda o‘zaro hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Ma’lumot uchun: 

ROTOBO haqida batafsil: https://www.rotobo.or.jp/main/russian.pdf


Report Page