O'zbekiston Respublikasida ko'chmas mulkni ro'yxatga olish va kadastr tizimini modernizatsiya qilishga bag‘ishlangan davra suhbati

O'zbekiston Respublikasida ko'chmas mulkni ro'yxatga olish va kadastr tizimini modernizatsiya qilishga bag‘ishlangan davra suhbati

MoliyaPress

Joriy yilning 16-noyabr kuni Jahon bankining “O'zbekiston Respublikasida ko'chmas mulkni ro'yxatga olish va kadastr tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha missiyasi doirasida Moliya vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda ko'chmas mulk obyektlarini hisobga olish, ro'yxatga olish va baholash, shuningdek, yer munosabatlarini isloh qilish masalalariga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi.

Davra suhbatida Jahon bankining yer va geofazoviy masalalari bo‘yicha global lideri Vael Zakut, Jahon bankining yer va geofazoviy masalalar bo'yicha jamoasi, xalqaro ekspertlar, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi hamda Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi kadastr agentligi vakillari ishtirok etdi.

Moliya vazirligi davra suhbati ishtirokchilari bilan Toshkent shahrining “tajriba-sinov”  Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazilgan ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sinovining dastlabki natijalari bilan bo’lishdi. 83 108 ko'chmas mulk obyektlarining test ommaviy bahosi bozor ma'lumotlariga asoslangan qiyosiy yondashuv bilan amalga oshirildi. Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kvartiralarning amaldagi va taklif etilayotgan kadastr qiymati o‘rtasidagi farq tuman bo‘yicha o‘rtacha 5,3 baravar, yakka tartibdagi uy-joylar bo‘yicha 4,2 baravarga teng.

Qayd etilishicha, amaldagi metodika bo’yicha Darxon va TTZ dahalarida joylashgan xonadonning 1 kv. m deyarli bir xil narxga ega (1,2–1,3 mln. so'm), ammo qiyosiy yondashuvdan foydalanganda 1 kv. m qiymati mos ravishda 9,1 mln. so'm va 5,4 mln. so'mni tashkil etdi.

Ishtirokchilar amaliyotda yakka tartibdagi uy-joylar yagona obyekt (yer uchastkasi va uy) shaklida amalga oshirilayotganini va yangi yondashuvda ularni yagona obyekt sifatida baholash usuli qo'llanilishiga ahamiyat berishdi.


Islohotning maqsadi – ko'chmas mulkni soliqqa tortishning yangi va adolatli tizimini yaratish, soliq solinadigan baza sifatida kadastr qiymatini bozor qiymatiga imkon qadar yaqinlashtirish orqali amalga oshirishligiga ahamiyat qaratildi. Bunda, yangi kadastr qiymatiga o'tishda soliq tushumlarining o'sishini ta'minlash rejalashtirilmaydi, ya'ni daromadlarning umumiy o'sishi soliqlarni adolatli qayta taqsimlash orqali soliq stavkasining miqdori bilan tenglashtiriladi.

Jahon banki ekspertlari bozor qiymatidan kelib chiqqan holda soliqqa tortish ko'plab mamlakatlarda qo'llaniladigan ko'chmas mulk obyektlarini adolatli soliqqa tortish elementlaridan biri ekanligini ta'kidladilar.

Bundan tashqari, Jahon banki ekspertlari yer munosabatlari va yer resurslarini boshqarish masalalari bo'yicha ilg'or xalqaro tajribalar bilan o'rtoqlashdilar.

Davra suhbati ishtirokchilari ko'chmas mulk obyektlari qiymatini aniqlashning ilg'or tajribalari, yer va ko'chmas mulk obyektlarini baholashni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashdilar.

Moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page