O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidangrant va subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidangrant va subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida

Yoshlar ishlari agentligi axborot va media xizmati

NIZOM

 

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan grant va subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik kengashi) — Agentlik huzurida direktor, Agentlikning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, jamoatchilik hamda fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari hamda faol yoshlardan iborat tarkibda tuziladigan kengash;

grant — yoshlarga oid dasturlar va loyihalarni moliyalashtirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ularning buyurtmalari bo‘yicha tanlov asosida beriladigan pul mablag‘lari va moddiy resurslardir;

subsidiya — yoshlarga oid dasturlar va loyihalarni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning o‘rnini qisman qoplash uchun Agentlik mablag‘lari hisobidan beriladigan pul mablag‘lari va moddiy resurslar;

talabgor tashkilotlar — nodavlat notijorat tashkilotlariva fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari (siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va diniy tashkilotlar bundan mustasno).

3. Agentlik o‘zining asosiy vazifalariga va faoliyat yo‘nalishlariga muvofiq quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha grant va subsidiya ajratadi, ulardan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlaydi:

O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini yana-da rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish vazifalarini qamrab olgan beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish;

yoshlarning ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalari, tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

davlat organlari va tashkilotlari, taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektualva tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilganchora-tadbirlarni amalga oshirish;

mahalliy va xalqaro tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlikda ularning yuqori malakali mutaxassislari ishtirokida treninglar, konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar o‘tkazish;

yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini amalga oshirish.

Jamoatchilik kengashi qarori asosida qonun hujjatlarida taqiqlanmagan va Agentlikning faoliyat maqsadlariga mos bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham grant va subsidiyalar ajratilishi mumkin.

4. Agentlikka yuborilgan loyihalarni ko‘rib chiqish va ularni baholash Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Jamoatchilik kengashining qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bayonnomasi jamoatchilik kengashi kotibi tomonidan yuritiladiva Jamoatchilik kengashi raisi, kotibi va ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanadi.

Jamoatchilik kengashi yig‘ilish bayonnomalarining saqlanishi uchun Jamoatchilik kengashi kotibi masʼuldir.

2-bob. Agentlik tomonidan grant ajratish tartibi

5. Agentlik grant ajratish maqsadida ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, elektron ommaviy axborot vositalarida hamda Agentlikning internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida tanlov o‘tkazilishi haqida tanlov o‘tkazilishidan kamida 30 kun oldin eʼlon joylashtiradi.

6. Tanlovda ishtirok etish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar Agentlikka talabgor tashkilotlar tomonidan bevosita, pochta orqali yoki elektron ko‘rinishda taqdim etilishi mumkin.

7. Talabgor tashkilotlar tomonidan tanlovga taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati va shakli, taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilish va Jamoatchilik kengashiga yo‘naltirish tartibi Jamoatchilik kengashi tomonidan belgilanadi.

8. Tanlov g‘olibi Jamoatchilik kengashi tomonidan tanlovga taqdim etilgan loyihalarni ko‘rib chiqish, umumlashtirish va ularni baholash natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

9. Jamoatchilik kengashi qaroriga muvofiq grant ajratishga tavsiya etilgan loyihalar moliyalashtirish uchun Agentlikka yuboriladi.

10. Agentlik Jamoatchilik kengashining ijobiy qarori nusxasi kelib tushgan kundan eʼtiboran:

uch ish kunida grant oluvchilarning ro‘yxatini Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiradi;

o‘n besh ish kunida grant mablag‘ini ajratish to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnoma loyihasini tayyorlaydi;

shartnoma imzolangan paytdan boshlab bir oy muddatda dastlabki moliyalashtirishni amalga oshiradi.

 

3-bob. Yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, innovatsion, amaliy va istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun grant berish tartibi

11. Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 133-son qarorida belgilangan tartib asosida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, innovatsion, amaliy va istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun grant ajratilishi mumkin.

4-bob. Agentlik tomonidan subsidiya ajratish tartibi

12. Talabgor tashkilotlar subsidiya ajratishni so‘rab Agentlikka ariza va unga aloqador hujjatlarni ilova qilgan holda yozma ravishda murojaat qiladi. Bunda, subsidiya yo‘nalishining yoshlarga oid davlat siyosati bilan bevosita aloqadorligi, loyihaning ijtimoiy ahamiyati, qamrovi, buyurtma byudjeti tahlillar asosida asoslantirilgan holda ko‘rsatib o‘tilishi shart.

13. Quyidagilar talabgor tashkilotlarga subsidiya ajratilmaydi:

tugatilayotgan, tugatish jarayoni nihoyasiga yetkazilmagan yoki tashkil etish jarayoni tamomlanmagan;

subsidiya ajratish uchun barcha zarur hujjatlarni belgilangan tartibda va muddatda taqdim etmagan;

ilgari Agentlik ajratgan grant hisobiga amalga oshirgan loyihalari bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarni lozim darajada bajarmagan yoki ilgari Agentlik ajratgan subsidiyani belgilangan maqsadlarga yo‘naltirmagan;

ushbu Nizomda ko‘rsatilgan talablarni buzgan.

14. Subsidiyaga talabgor tashkilotlarning buyurtmalari Agentlik tomonidan varaqlari raqamlangan va tikilgan maxsus daftarda ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxatga olish daftari Agentlikda saqlanadi.

15. Subsidiyani ajratish to‘g‘risidagi buyurtmalarni qabul qilish, ko‘rib chiqish, saralash va Jamoatchilik kengashiga taqdim etish tartibi Jamoatchilik kengashi tomonidan belgilanadi.

16. Subsidiyani ajratish Jamoatchilik kengashi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi va ushbu qaror ijrosini taʼminlash uchun Agentlikka yuboriladi.

17. Agentlik Jamoatchilik kengashining ijobiy qarori nusxasi kelib tushgan kundan eʼtiboran:

uch ish kunida subsidiya oluvchilarning ro‘yxatini Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiradi;

o‘n besh ish kunida subsidiya mablag‘ini ajratish to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnoma loyihasini tayyorlaydi;

subsidiya ajratish to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnoma imzolangandan so‘ng o‘ttiz kalendar kunida dastlabki moliyalashtirishni amalga oshiradi.

18. Jamoatchilik kengashi va Agentlik vakolatlari:

subsidiya amalga oshirish jarayonini bevosita va bilvosita usullar bilan monitoring qilib borish;

subsidiya doirasidagi yillik ish rejani amalga oshirish jarayonida o‘tkazilgan tadbirlarning, bajarilgan ishlarning, ko‘rsatilgan xizmatlarning moliyaviy mablag‘lari manbasi sifatida Agentlik nomini qayd etishni talab qilish;

subsidiyani oluvchi tugatilish jarayonida bo‘lgan holatlarda mablag‘larni qaytarib olish choralarini ko‘rish;

subsidiya mablag‘lari hisobidan sotib olingan tovar-moddiy boyliklar, jihozlar va boshqa uskunalarning saqlanishini tekshirish

va inventarizatsiya qilish;

subsidiya doirasida amalga oshirilgan ishlarni va erishilgan yutuqlarni keng targ‘ib etish;

subsidiya oluvchining uchinchi shaxslar hamda nazarda tutilgan faoliyati bo‘yicha tegishli maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olishi bilan bog‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaslik;

belgilangan subsidiya mablag‘laridan tashqari har qanday maqsadlar uchun qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash majburiyatini olmaslik;

subsidiya ishlatilishining yakuniy hisobotlariga ko‘ra, ishlatilmay qolgan, ortiqcha yoki maqsadsiz sarflangan deb topilgan mablag‘larni qaytarib olish choralarini ko‘rish.

19. Amalga oshirish muddati tugagan subsidiya hujjatlari varaqlanib, tikilib Agentlik tomonidan arxivga topshiriladi.

5-bob. Grant va subsidiya ajratish haqidagi shartnomani tuzish

va ijrosini monitoring qilish

20. Jamoatchilik Kengashi qaroriga ko‘ra, grant va subsidiya ajratilishi belgilangan talabgor tashkilotlar hamda Agentlik o‘rtasida shartnoma tuziladi.

Shartnomaning namunaviy shakli Agentlik tomonidan belgilanadi.

21. Shartnoma imzolangandan so‘ng grant va subsidiya mablag‘lari tashkilotlarning hisob raqamiga shartnomada belgilangan tartibda o‘tkazib beriladi.

Mablag‘lar g‘olib tashkilotning hisob raqamiga o‘tkazilgan kundan eʼtiboran grant va subsidiyani amalga oshirish boshlangan hisoblanadi va shartnomada ko‘rsatilgan muddatda yakunlanadi (asoslantirilgan sabablarga ko‘ra loyiha muddatini uzaytirish hollari bundan mustasno).

22. Loyiha muddatini uzaytirishga grant va subsidiya loyihasini amalga oshirayotgan talabgor tashkilotlarning yozma asoslantirilgan murojaatlariga asosan Agentlik tomonidan ruxsat berilishi mumkin.

23. Agentlik ajratilgan grant va subsidiyaning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlarni (ko‘rsatilayotgan xizmatlarni) hamda uning alohida bosqichlarini nazorat qiladi.

Bunda, talabgor tashkilotlar ajratilgan grant va subsidiyadan samarali, oqilona va maqsadli foydalanilayotgani va bu boradagi hisobotni belgilangan tartibda va muddatlarda Agentlikka taqdim etishlari lozim.

24. Foydalanilgan mablag‘lar yuzasidan hisobot taqdim etish hamda grant va subsidiya mablag‘laridan oqilona va maqsadli foydalanilishini monitoring qilish tartibi Jamoatchilik kengashi tomonidan belgilanadi.

25. Nazoratni amalga oshirishda Agentlikning tegishli hududiy bo‘linmalari xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini jalb qilinishi mumkin.

26. Shartnoma doirasida ajratilgan mablag‘lardan to‘g‘ri

va maqsadli foydalanish, shuningdek, shartnomada ko‘rsatilgan yoshlarga oid dasturlar va loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun talabgor tashkilotning rahbari javobgar hisoblanadi.

27. Amalga oshirish muddati tugagan loyihalar bo‘yicha hujjatlar Agentlik tomonidan belgilangan tartibda arxivga topshiriladi.

 5-bob. Yakuniy qoida

28. Mazkur nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Report Page