O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PQ–113-son, 05.04.2023 y.) qarori imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PQ–113-son, 05.04.2023 y.) qarori imzolandi

agropress

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2023-yilda amalga oshirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, ichki bozorda aholi talabini ta’minlash va narxlar barqarorligini saqlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni iqtisodiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. Respublikada 2023-yil hosili uchun asosiy maydonlarning 3,2 mln gektar, takroriy maydonlarning 783 ming gektar, bog‘-tok qator oralarining 140 ming gektar, dala chetlarining 34,6 ming gektar, lalmi yerlarning 373 ming gektar maydoniga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish rejalashtirilgan.

2. 2023-yil 15-apreldan boshlab eksperiment tariqasida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi huzuridagi “Agroservis operator” DUK orqali tashabbuskorlar loyihalarini moliyalashtirishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi, unga ko‘ra:

a) tashabbuskorlar tomonidan ishlab chiqilgan meva-sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash, logistika quvvatlarini yaratish, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish hamda maxsus texnikalarni, jumladan oziq-ovqat sanoatidagi texnologiyalarni xarid qilish yo‘nalishidagi loyihalar Agentlikning tumandagi loyiha ofislariga taqdim etilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligining yagona elektron axborot platformasi orqali “Agroservis operator” DUKka yetkaziladi. Bunda:

Agentlik “Agroservis operator” DUK bilan birgalikda belgilangan tartibda loyihalarni shakllantiradi hamda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markaziga taqdim etadi;

Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi belgilangan tartibda loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etadi;

b) “Agroservis operator” DUK mazkur mablag‘lar hisobidan intensiv bog‘ va tokzorlar, agrologistika obyektlarini hamda texnologik liniyalarni (zamonaviy issiqxonalar, laboratoriyalar, kichik agrologistika markazlari, qayta ishlash quvvatlari), oziq-ovqat sanoatidagi liniyalarni qurib, tayyor holda tashabbuskorlarga lizing asosida topshiradi. Bunda lizing to‘lovi 10 foizi oldindan to‘lash, 10 foizi tashabbuskorlar ulushi, 80 foizi 10 yil davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi.

Belgilansinki:

mazkur tartib doirasida ajratiladigan mablag‘lar milliy valyutada 14 foiz stavkada ajratiladi. Bunda AQSh dollariga nisbatan o‘zbek so‘mining valyuta kursi tebranishlari tufayli yuzaga keladigan xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan qoplanadi;

jalb qilingan mablag‘lar foiz stavkasiga bir foizlik punkt qo‘shilgan holda xorijiy valyutada taqdim etiladi.

Vazirlik mazkur bandda nazarda tutilayotgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 130 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Vazirlikning Geoaxborot tizimida 8 ta asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi (paxta, g‘alla, sholi, piyoz, sabzi, kartoshka, makkajo‘xori hamda moyli) mahsulotlarining ekilishini, vegetasiya davrini monitoring va tahlil qilish joriy etiladi. Bunda, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integrasion platformasi doirasida tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalari bilan “Elektron hukumat” tizimining tegishli platformalari orqali o‘zaro integratsiya qilinadi.

Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Bojxona qo‘mitasi bir oy muddatda o‘zining tegishli platformalari Vazirlikning yagona integrasion platformasiga integratsiya qilinadi;

b) 2023-yil 1-iyunga qadar paxta, g‘alla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyilida xizmat ko‘rsatish uchun “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.

Bunda, tijorat banklari imtiyozli kredit ajratishlari uchun “Agroplatforma” axborot tizimi orqali idoralararo elektron ma’lumot almashinuvi yordamida taqdim etilgan yer ijara shartnomalari yoki ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida Davlat reestri ko‘chirmalaridan foydalanish joriy etiladi.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

2023-yil 1-maydan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, mol go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i tovarlarning chakana savdo obyektlarida xaridini amalga oshirganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matrisali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazganda ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi respublika budjetidan qaytariladi;

mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan to‘lovlar respublika budjetining daromadlar qismida qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishga rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;

2023-yil 1-iyundan boshlab qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar Vazirlikning “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–225-son qarori doirasida Agentlikning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 12 oy muddatga, shu jumladan 11 oylik imtiyozli davr bilan, 2023-yilda 400 milliard so‘m (birinchi yarim yillikda 200 mlrd so‘m) budjet ssudasini yillik 10 foiz stavkasida ajratsin.

6. Vazirlik:

a) 2023-yil 1-noyabrga qadar xalqaro moliya institutlarining 2 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobidan hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, Marhamat, Toshloq, Mingbuloq, Nukus, Ellikqal'a, Urganch, Buxoro, Xatirchi, Bulung‘ur, Jomboy, Qamashi, Yakkabog‘, Sherobod, Denov, Sharof Rashidov, Boyovut, Ohangaron va Chinoz tumanlarida xususiy sektorni jalb qilgan holda meva-sabzavot, kartoshka, poliz ekinlarini intensiv usulda yetishtirish bo‘yicha ko‘rgazmali dala maydonlarini tashkil qilish choralarini ko‘rsin;

b) 2024-yil 1-yanvarga qadar xalqaro moliya institutlarining 3 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobidan Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali huzurida xalqaro akkreditasiyadan o‘tgan oziq-ovqat va meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi laboratoriyani tashkil etsin;

v) har oyda bitta hududda xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘lari hisobidan Bilim va innovasiyalar milliy markazi, tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa ilmiy muassasalarni jalb qilgan holda xorijiy va mahalliy malakali mutaxassislar ishtirokida meva-sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlar, dorivor o‘simliklar yetishtirish, ularni qayta ishlash, eksport qilish bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazib borsin;

g) 2023-yil 1-noyabrga qadar Bilim va innovasiyalar milliy markazi huzurida Yuqorichirchiq tumanida, agrar biznes sohasidagi mutaxassislar, tadbirkorlik sub'ektlari, shu jumladan agroklasterlar, fermerlar, dehqon xo‘jaliklarining bilimlarini oshirish, ularda yangi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish, shuningdek, biznes loyihalarini tayyorlash bo‘yicha agrar sohada Biznes maktab tashkil qilsin.

Bunda, ushbu maktab “Agrobank” ATBning joylardagi agromarkazlari, ma'muriy bo‘ysunuvidan qat'i nazar, agrar sohadagi agromaslahat va tavsiyalarni berish faoliyatini olib borayotgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tegishli tuzilmalari va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro muvofiqlashgan holda tashkil etiladi;

d) respublika hududlaridagi oziq-ovqat bozorlari va savdo komplekslarida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi yuzasidan monitoring olib borsin hamda ushbu ma'lumotlarni Vazirlik saytida hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib borsin.

Bunda, Vazirlik huzurida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tahlil qilish markazi (yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan) tashkil etiladi.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Suv xo‘jaligi vazirligi, Vazirlik 2023-yilda 3-ilovada keltirilgan prognoz ko‘rsatkichlariga muvofiq 100,4 ming gektar yer maydonlarining qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritilishini ta'minlasin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hamda tumanlar hokimliklari, Vazirlik, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bir oy muddatda mahsulot yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, ta’minotchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi, savdo-xarid tashkilotlari va qishloq xo‘jaligi kooperativlari o‘rtasida 2023-yil hosili uchun mahsulot yetkazib berish va xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzishga va ularning o‘z vaqtida bajarilishiga mas’ul etib belgilansin.

9. Agentlik:

qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat import mahsulotlarini, shu jumladan 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini respublikada ishlab chiqarish va ko‘paytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashsin va xizmat ko‘rsatsin;

Akademik Maxmud Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda 2023-yilda mevali bog‘ va uzumzorlar barpo etadigan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari talabidan kelib chiqqan holda muvofiqlik sertifikatiga ega mevali bog‘ va uzum ko‘chatlari yetkazib berishni tashkil etsin;

hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, 2023-yil bahor va kuz oylarida har bir viloyatda o‘rtacha 250-300 gektardan namunaviy bog‘-tokzorlar barpo etsin;

uch oy muddatda bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini to‘liq raqamlashtirgan holda ularning pasportlari yaratilishini ta’minlasin.

10. Suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda sug‘orish mavsumida tasdiqlangan suv olish limitlari doirasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini suvga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, sug‘orish jadvallari asosida o‘z vaqtida suv bilan ta’minlasin.

11. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvaga ozuqa yetishtirish uchun aholiga dehqon xo‘jaligi yuritish maqsadida beriladigan yerlarning hajmi 2 gektardan 5 gektarga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Axborot xizmati

Report Page