IMV oydinlik kiritadi

IMV oydinlik kiritadi

EconomyMoliyaPress

Soliq islohotlari doirasida tadbirkorlik subyektlariga teng raqobat sharoitini yaratish va iste’molchilarning huquqlarini yanada kafolatlashga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Navbatdagi bosqichda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PF-21-son Farmoniga asosan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar 2023-yil 1-maydan boshlab ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’iy nazar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari belgilandi.

Bu o‘z navbatida, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq bo‘lib, qonunchilik normalari doirasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natish xizmati qiymati Soliq qo‘mitasi bo‘linmasining hamda elektron hisobvaraq-faktura operatorlari hisoblangan tadbirkorlik subyektlarining ko‘rsatayotgan xizmati qiymatidan tashkil topadi (2023-yil 10-fevral holatiga 24 ta operator xizmat ko‘rsatmoqda)

Xizmatning qiymati operatorlar ko‘rsatadigan servisga qarab farqlanadi va o‘rtacha bitta hisob-faktura uchun 270 so‘mdan 450 so‘mgachani tashkil etadi.

Shu bilan birga, ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymatini keskin pasaytirish va elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natish tartibini soddalashtirish choralari ko‘rilmoqda. 

Bunda, elektron hisobvaraq-fakturalar operatorlari ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini mustaqil ravishda belgilasalarda, Soliq qo‘mitasi bo‘linmasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat qiymatining pasaytirilishi operatorlarga xizmat qiymatini ham pasaytirishga imkon beradi.

Soliq qo‘mitasi tomonidan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natishda ushbu operatsiyalar bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmat narxini 1 so‘mda belgilash bo‘yicha kompleks xizmatlarni taqdim qilishga qaratilgan tadbirlar amalga kiritilishi ustida ish olib borilmoqda.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page