O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Yonayotgan tirik haykallar” kitobi taqdimoti

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Yonayotgan tirik haykallar” kitobi taqdimoti

https://t.me/natlibuz

2021-yil 14-sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yosh ijodkor Muzaffar Muhammadnazarning “Yonayotgan tirik haykallar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda shoirlar va yozuvchilar, teatr va kino aktyorlari, noshirlar va muallifning yaqinlari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar muallifni yangi kitob bilan muborakbod etib, uning yozuvchilik mahorati, hayotni teran baholab yozilgan asarlari, kitbxonlar ko‘ngliga osongina kirib borish kuchiga ega she'rlari va hikoyalariga yuksak baho berdilar.

“Kitob muallifi dilidagi alam va iztiroblarini qo‘lidagi qalam bilan ifodalaydi. Muzaffarning adabiy mashqlari bilan 20 yildan buyon tanishman. Bugun uning hikoyalari, she'rlari va suhbatlari bir to‘plam – yagona sarlavha ostida chop etilganidan xursandman. U o‘z asarlarida turfa fe'l-atvorga ega zamondoshlar obrazlarini, hayotiy manzaralarni ustalik bilan ifodalaydi, kitobxonni o‘yga toldiradi, atrofga xushyorroq qarashga, odamlarning dardu quvonchini yurakdan his etishga undaydi”, - deya o‘z taasurotlari bilan o‘rtoqlashdi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, adib, dramaturg va tarjimon Abduqayum Yo‘ldoshev.

Filologiya fanlari nomzodi, dosent, “Turon” va “Antik dunyo” xalqaro fanlar akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov Muzaffar Muhammadnazarning “Yonayotgan tirik haykallar” kitobiga kirgan asarlarni tahlil qilar ekan, uning iqtidoriga, inson tuyg‘usini, uning kechinmalarini badiiy ifodalay olish barobarida uning o‘zigagina xos publisistik maqolalar va dilkash suhbatlariga alohida urg‘u berdi. “Ukamiz Muzaffar Muhammadnazar yozgan hikoyalari, she'rlari, jurnalistik surishtiruvlari, o‘tkir publisistik ruhdagi maqolalari, fotomuhbir sifatida turli jarayonlarni muhrlashi bilangina emas, balki o‘zining kamtar, odamshavanda va dilkash insonligi bilan ajralib turadi”, - dedi.

Taqdimot ishtirokchilari muallifni qutlar ekanlar, unga ijodiy parvozlar tiladilar va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.


Report Page