O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yagona nanotexnologiyalarga asoslangan kimyoviy vositalar ishlab chiqarmoqda

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yagona nanotexnologiyalarga asoslangan kimyoviy vositalar ishlab chiqarmoqda


Bugungi kunda zamonaviy qishloq xo‘jaligining asoslarini ilm-fan yutug‘isiz tasavvur etish mushkul. Bu hosildorlikni karrasiga oshirish, mahsulot organik hususiyatlarini yo‘qotmasligiga e’tibor berish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga chambarchas bog‘liq. Jahonda bu borada keng ko‘lamli islohotlar ketayapti-ki, O‘zbekiston bundan istisno emas.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning navbatdagi tashrif obyekti ana shunday innovatsiya maskani bo‘ldi. Samarqand viloyati, Nurobod tumani, Urgut EIH, “Sazog‘on” massivida qad rostlagan “Shelkovo agroxim O‘zbekiston” qo‘shma qorxonasi. Zavod o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha kimyoviy vositalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik quvvat bo‘lib, Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. 30 million AQSH dollarlik sarmoya evaziga bu yerda nanotexnologiyalarga asoslangan preparatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayapti. 2017 yilda tashlandiq, cho‘l hududida barpo etish boshlangan zavod, bugungi kunda 120 ta doimiy ish o‘rni yaratgan yirik majmuaga aylanib ulgurdi. Ishga tushirilgan 1-bosqichga ko‘ra bu yerda 15 ming tonnadan ziyod kimyo vositalari tayyorlanayotgan bo‘lsa, 2-bosqich ishlari yakunlangach bu yerda 50 ming tonna mahsulot tayyorlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Uchrashuv chog‘ida Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov mutasaddilar bilan ayni kunlarda yerni shudgorlash ishlari jadal boshlangani, yerni kimyoviy vositalar yordamida ishlov berish ahamiyatidan kelib chiqib, zavod mahsulotlarini maqbul shartlarda fermerlarga yetkazib berish masalalarini muhokama qildi. Shu bilan birga bu yerda tayyorlanayotgan gerbitsid, fungitsid, insektoakaritsid va insektitsidlarga talab oshib borayotgani, mahalliy bozorga mazkur vositalarni yetarli miqdorda yetkazish masalalari ham muloqot asosini tashkil qildi.

Bundan tashqari zavodda turli defoliantlar, biostimulyator va bioo‘g‘itlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tasnifiga ko‘ra xorijning muqobil mahsulotlaridan sifat jihatidan raqobatbordosh ekanini ko‘rsatmoqda. Bu esa yer unumdorligi va mahsulot hosildorligini ta’minlovchi omillardan biridir. Ayni kunda bu yerda 40 turdagi mahsulot tayyorlanib, buning uchun 3 ta asosiy va 1 ta yordamchi majmua, 11 ta reaktor hamda 1 ta yirik sig‘im faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mahsulotlarni sintez qilish orqali esa mahalliy iqlimga mos va hudud bo‘yicha ajratilgan yer imkoniyatlariga to‘g‘ri keladigan preparat tayyorlash talabi qondirilmoqda. 

Kimyoviy vositalarning nafaqat odam organizmi uchun, balki zararkunanda bo‘lmagan hayvonot dunyosi vakillari va nabodot olamiga ta’siri yo‘q. Nanotexnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulot jahonda amal qilayotgan barcha xavfsizlik talablariga javob berishi bilan ahamiyatli.


Report Page