O'zbek yigiti Facebook’ka qanday qabul qilingani haqida gapirib berdi

O'zbek yigiti Facebook’ka qanday qabul qilingani haqida gapirib berdi


Qoraqalpog‘istonlik yigit Facebook’ka qanday qabul qilingani haqida gapirib berdi

Qoraqalpog‘istonlik Aziz Murtazoyev Facebook kompaniyasining Londondagi ofisiga ishga joylashib, bir zumda internetda mashhur bo‘lib ketdi. Yaqinda qozog‘istonlik videoblogerlardan biri undan olgan intervyusini YouTube’ga joylashtirdi.

Men Nukusda tug‘ilib o‘sdim. Shu shaharda maktab yillarini o‘tkazdim. Bolalikdan matematikaga qiziqdim, turli olimpiadalarda ishtirok etdim. Shuningdek, ingliz tiliga qiziqardim. Qaysi kasbni tanlash masalasi chiqqanida O‘zbekiston Milliy universitetining iqtisodiyot fakultetiga topshirishga qaror qildim. Dastlab hammasi qiziqarli boshlandi, ammo vaqt o‘tishi bilan gumanitar sohalar menga to‘g‘ri kelmasligini tushundim. Bir kuni, uchinchi kursligimda, kursdoshlarimdan biri talabalar uchun bepul dasturlash kursi ochilayotganini bilib berdi. Biz tanlovdan o‘tib, o‘qiy boshladik. Bir necha mashg‘ulotdan so‘ng dasturlash meni boshqa sohalardan ko‘ra ko‘proq qiziqtirishini tushundim. Uch oylik kursdan so‘ng yakuniy loyihalarni taqdim etdik. Loyihalar natijalariga ko‘ra Toshkent kompaniyalari stajirovka uchun talabalarni saralab olar edi. Shu tariqa men kompaniyalardan birida olti oy ishladim. Bu men uchun bebaho tajriba bo‘ldi. Olti oydan so‘ng o‘qishim tugashi kerak edi, va endi kim bo‘lib ishlash masalasini hal qilib bo‘lgandim. Men dasturchi bo‘lishimni va IT-kompaniyalardan birida ishlashimni aniq bilardim.

Foto: Tengri News


Men Toshkentdagi AQSh kompaniyasiga ishga joylashdim. U yerda ulkan miqdorda amaliy bilimlar oldim. Ammo ikki yillik mehnatdan so‘ng kompyuter fanlarining nazariy asoslari yetishmayotganini tushundim. Men kompyuter fanlari bo‘yicha magistraturaga hujjat topshirishga qaror qildim. Natijada Koreyaning Aju universitetiga kirdim. Umumiy hisobda Janubiy Koreyada besh yarim yil bo‘ldim. Universitetda kompyuter fanlari bo‘yicha olgan bilimlarim men uchun juda muhim edi, negaki dasturchi bo‘lganim uchun bu jarayonlar qanday o‘tishini taxminan tushunardim, ammo fundamental bilimlarim yo‘q edi. Ikki yillik o‘qishdan so‘ng tanlovdan o‘tib, Samsung Electronics jamoasiga qo‘shildim. Biz Samsung flagman telefonlari uchun foydalanish interfeysi ishlab chiqardik. Samsung Galaxy S3I, Galaxy S6 kabi uskunalar uchun. Umumiy hisobda men Samsung’da uch yarim yil ishladim. Bu vaqtga kelib menga yangi tajriba, yangi chaqiriq kerakligini tushundim.

Foto: Tengri News

Bir kuni oldimga Facebook vakili keldi va kompaniyada kuchimni sinab ko‘rishni taklif qildi. Bilasizki, Facebook dasturchilar uchun birinchi raqamli kompaniya hisoblanadi. Albatta, bu taklif meni qiziqtirib qoldi. Bizda uchta intervyu bo‘ldi, dastlabki ikkitasi Skype orqali o‘tdi. Har biri 60 daqiqa davom etdi, dastlabki 15 daqiqa ular mendan o‘tmish tajribam haqida so‘rar, qolgan vaqt davomida esa algoritmik vazifalar berilardi. Birinchi intervyudan yaxshi o‘tdim, ikkinchisi esa o‘zim o‘ylaganchalik silliq kechmadi. O‘tishimga amin emasdim. Ular hamma narsani umumiylashtirishini aytdi — birinchi intervyu natijalarini, tajribamni, Android tizimiga bo‘lgan qiziqishimni. Shunda men dastur yaratib, uni Google Play’ga joylashtirdim. Dastur ularga yoqdi. Ular meni Facebook’ning Kaliforniyadagi bosh ofisiga taklif qilish qaroriga keldi. Bosh ofisda men yetakchi mutaxassislar tomonidan ketma-ket to‘rt intervyudan o‘tkazildim. Barcha intervyular natijalariga ko‘ra kunlardan bir kun menga quvonchli xabar yetkazildi — men o‘tdim, meni ishga taklif qilishdi.

Foto: Tengri News

Facebook’dan tashqari, men parallel ravishda Amazon kompaniyasiga ham rezyume topshirgan edim. Men u yerda ham barcha bosqichlardan o‘tdim, u yerda ham meni ishga taklif qilishdi. Ammo meni Facebook’dagi ish ko‘proq qiziqtirdi. Bir yil muqaddam men kompaniyaning Londondagi ofisida ishlay boshladim. Bu yerda 800 kishi ishlaydi. Ish sharoitlari ajoyib. Samarali mehnat uchun xodimlarga har yerda ovqat, ichimliklar, choy, qahva qo‘yib qo‘yiladi — hammasi bepul. Uch martalik ovqat, erkin kelib-ketish tartibi. Biz oddiy firmalardagi kabi 9:00 dan 6:00 gacha ishlamaymiz. Xohlagan vaqtda kelish, hatto uydan turib ishlash mumkin. Chorshanba kunlari Facebook’da dam olish — o‘z ishlaringni qilishing ham, ishlashing ham mumkin. Ofisda o‘yin zallari, dam olish xonalari bor. Ya’ni kompaniya odamlar samarador bo‘lishi uchun, xodimlar boshqa tashvishlarni o‘ylamasligi uchun, ovqat yoki o‘yin uchun ko‘chaga chiqmasligi uchun qo‘lidan kelgan ishni qiladi.



Hozir esa men Facebook’ka kirish oson-qiyinligi haqidagi savolga javob beraman. Mening javobim quyidagicha: takomillashib borish kerak. Ikki yil oldin men bu yerda ishlashimni xayolga keltira olmas edim. Lekin bu amalga oshdi. Olti yil oldin Janubiy Koreyada o‘qiyman yoki Samsung’da ishlayman deb o‘ylamaganman. Sakkiz yil oldin dasturchi bo‘laman deb o‘ylamaganman, iqtisodiyotchi bo‘laman deb yurgandim. Lekin bari o‘zgardi, asosiysi — o‘zingni qidirish, yangi bilimlar olish. Men oddiy nukuslik bolaman va shuncha ishni qila oldim. Siz ham qila olasiz, asosiysi — o‘zingizga ishonish va o‘z ustingizda ishlash.



Report Page