O'zbek tilidagi foydali o'quv manbalar

O'zbek tilidagi foydali o'quv manbalar

Muhammadjavohir Suratov

Avvaliga ingliz tilini o'rganish haqidagi bilgan manbalarimiz haqida ma'lumot beramiz. Sababi - dasturlash bilan jiddiy shug'ullanmoqchi bo'lgan odam albatta ingliz tilini bilishi kerak. IELTSdan 8 yoki 9 ball olish shart emas, boshlanishiga ingliz tilidagi ma'lumotni o'qib yoki eshitib to'g'ri tushuna olish yetarli. Chunki, dasturlashni o'rganishning boshlang'ich bosqichlarida odatda biron videodars yoki o'quv qo'llanmadan foydalaniladi. O'zbek tilidagi manbalar hozircha nisbatan (!) kamroq bo'lganligi uchun chet tillaridagi darsliklardan foydalanib turishga to'g'ri kelishi mumkin.

LISON.uz - @lison_uz_abdulazim

Agar siz ingliz tilini eng boshidan yoki xalq tilida aytganda "noldan" o'rganmoqchi bo'lsangiz, Abdulazim akaning LISON.uz kanallarini tavsiya qila olaman. Abdulazim aka kanal a'zolariga qulay bo'lishi uchun darslarni video, audio va rasmli ko'rinishda berib boradilar. Kanal 2016-yil 6-noyabrdan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Kanaldagi darslarni puxta o'rganish bilan ingliz tilini bilish darajangizni pre-intermediate yoki intermediate darajasiga ko'tara olishingiz mumkin, deb o'ylayman. Telegramdagi kanaldan tashqari Abdulazim aka YouTubega ham videodarslarni joylagan ekanlar. U yerda umumiy va bolalar uchun mo'ljallangan darslar berilgan.

Telegram kanal: https://t.me/lison_uz_abdulazim

YouTubedagi umumiy darslar: https://www.youtube.com/playlist?list=PL3XZrLoKYM0181ImWFeBfx7vnN00urQmu

YouTubedagi bolalar uchun mo'ljallangan darslar: https://www.youtube.com/playlist?list=PL3XZrLoKYM02JNkaYuHgs24JvVE7_StPd


Alisher Mahmudov videodarslari

Frontend dasturlashda ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan mutaxassis Alisher aka Mahmudov HTML va CSS bo'yicha puxta videodarslar tayyorlab ularni YouTube va Mover.uz saytlariga joylab kelmoqdalar. Kanalda o'zlarining UzGeeks yig'ilishida bergan ma'ruzalari, bir saytni boshidan oxirigacha tuzish, HTML, CSS, frontend dasturlash muhiti va dasturlari va boshqa mavzulardagi videolari joylangan. Ketkazga vaqtingizga achinmaysiz :)

YouTube: https://www.youtube.com/channel/UC8st6HmY7EpgR7BaQnMvutQ

Mover: https://mover.uz/channel/amakhmudov/


Farhod Dadajonov videodarslari

Farhod akaning YouTube kanallarida juda ko'p mavzulardagi o'zbek tilida tayyorlangan videodarslarni ko'rishingiz mumkin. Katta ehtimol bilan kanaldagi videolardan dasturlashni o'rganib, biron joyga ishga ham kirib keta olasiz. Kanal bir boshidan aylanib chiqadigan bo'lsangiz, unda kompyuter va tarmoqlar, Microsoft Excel va Visual Studio dasturlari, C#, SQL, JavaScript tillari va JavaScriptning Angular freymvorki haqidagi videolarni ko'rishingiz mumkin. Shu kunlarda Farhod aka full-stek, ya'ni veb saytlarni boshidan oxirigacha mustaqil tuza olish haqida videodarslar turkumini boshladilar.

YouTube: https://www.youtube.com/user/Farkhod1982/


CODE LEADER - @thetechguide

Bu kanalda HTML, CSS, PHP, Java, Android dasturlash tillari, ma'lumotlar ombori bilan ishlatiladigan MySQL va talqinlar boshqaruvi uchun ishlatiluvchi Git texnologiyasi haqida videodarslar berib boriladi. Bundan tashqari, kanal administratorlari dasturlash va unga yaqin sohalar bo'yicha qiziqarli va foydali ma'lumotlar ham berib turishadi.

Telegram: @thetechguide

YouTubedagi kanal: https://www.youtube.com/channel/UCM6DtP50pEMkZ6jYTnaOsFA/

Moverdagi kanal: https://mover.uz/channel/Codeleader/


Clean Code - @cleancodeEdu

Kanal Clean Code o'quv markaziga tegishli bo'lib, unda dekabr oyidan boshlab Java dasturlash tili bo'yicha matn ko'rinishidagi darslar berib borilmoqda. Darslarda Java tili asoslari, obyektga yo'naltirilgan dasturlash bo'yicha ma'lumotlar bor.

Kanalga havola: https://t.me/cleancodeEdu


Beruny Academy

Bu kanal asoschisi bilan Westminsterda o'qish davomida tanishganmiz. Dostonbek Toirov hozirda Amerikada grant asosida ta'lim olyaptilar, dasturlash bo'yicha tajribalari ko'p. YouTubeda BerunyAcademy nomli kanal ochib unda do'stlari bilan Python dasturlash tili va ingliz tili bo'yicha videodarslar joylab borishyapti. Yaqin kunlardan Python bo'yicha videodarslarni yanada to'ldirib borishni boshlashdi.

YouTube: https://www.youtube.com/channel/UCs34Kib3T1nKCvnvL7YkIag

developers.uz - @UzbDevelopers

Hozirda masofaviy o'quv kurslarini taklif qilayotgan kanal asoschilari dasturlash sohasiga oid bir qancha maqolalar va foydali ma'lumotlarni berib borishadi. Ayniqsa, malaka oshirish haqidagi postlari sizni qiziqtirishi mumkin, deb o'ylayman. Vaqti-vaqti bilan bepul onlayn vebinarlar ham o'tkazib turishadi. Kanal manzili - @UzbDevelopers

Ha, aytgancha, men ishlaydigan o'quv markazi Personal Development Process (PDP - @PdpUzOfficial) ham yaqin orada onlayn o'quv kurslarini yo'lga qo'yish niyatida. Yangiliklarni kuzatib boring.


Ustoz-Shogird kanali - @UstozShogird

To'g'ri, bu kanalda o'quv materiallar berib borilmaydi. Lekin, dasturlash sohasida bo'lganlar uchun foydali kanal. Unda dasturlash sohasidagi ish o'rinlari, o'quv kurs va manbalar, ish qidirish bo'yicha e'lonlar berib boriladi. Kanalda e'lon berish bepul, e'loningizni 3500 dan oshiq odam ko'radi.

Kanalga havola: https://t.me/UstozShogird


Bu o'quv manbalar dasturlashni o'rganishingizda foydali bo'ladi, degan umiddamiz. Dasturlashni o'rganishda chin dildan omadlar tilab, Muhammadjavohir Sur'atov - @mayoquz kanali asoschisi.

Report Page