“O‘zagroinspeksiya”da sinov laboratoriyalari

“O‘zagroinspeksiya”da sinov laboratoriyalari

kompleksining ochilish marosimi bo‘yicha

MAʼRUZA

 

Assalomu alaykum hurmatli mehmonlar va tadbirimiz ishtirokchilari!

“O‘zagroinspeksiya” boshlig‘i tashabbusi bilan barpo qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini baholash bo‘yicha markazlashgan laboratoriyalar kompleksining ochilish marosimiga xush kelibsiz!

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini kafolatlash, yaʼni sertifikatlash oziq - ovqat xavfsizligida muhim ahamiyatga ega. Chunki, mahsulotni sertifikatlash orqali daladan xalqimiz dasturxonigacha bo‘lgan jarayonda mahsulot narxining barqarorligi taʼminlanadi, shuningdek, dehqon va ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarning isteʼmolchilar bilan munosabatlarini tartibga soladi va mahsulotning nafaqat mamlakatimiz isteʼmol bozoridagi o‘rnini belgilash, balki jahon bozorida ham raqobat qila olish imkonini beradi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini kafolatlash – bu shunchaki sifatni baholash va sertifikatlash jarayoni emas, balki isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiluvchi asosdir.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida ana shunday muhim vazifalarni amalga oshirishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash uchun barcha shart-sharoitlarga ega, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya binosini barpo etish va eng malakali mutaxassislarni jalb etish ayni muddao bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Qarshingizda qad ko‘tarib turgan ushbu bino- urug‘chilik, paxta va don mahsulotlari sifatini baholash laboratoriyalari majmuasi ham jahon andozalari asosida barpo qilindi, barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratilib, yangi laboratoriya uskunalari va jihozlari o‘rnatildi hamda malakali mutaxassislar bilan taʼminlandi.

Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasida ham yangi xalqaro sinovlar joriy qilindi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi.

Bu majmua - yuqori sifatga ega bo‘lgan, isteʼmolchilar talablariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishini taʼminlashning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib, kelgusida ushbu yo‘nalishda yuqori natijalarga erishish va ishlab chiqarishdagi salbiy oqibatlarning oldini olish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Majmuani barpo qilishdan asosiy maqsad Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan ishlab chiqarilgan paxta tolasi, texnik chigit va undan olinadigan yog‘ mahsulotlarining sifatini yuqori aniqlikdagi zamonaviy uskunalarda inson omilisiz va shaffof tizimda baholash ishlarini amalga oshirishdir.

Shuningdek, yangi laboratoriyaning yana bir afzallik tomoni shundaki, Yevropa va g‘arb mamlakatlarida bugungi kunda dolzarb hisoblangan bug‘doy tarkibidagi “Glyuten indeksi”ni ISO 21 415 xalqaro standarti bo‘yicha aniqlash sinovlari respublikamiz hududida ilk bor joriy etiladi.

Maʼlumot sifatida, “Glyuten” moddasi mavjud mahsulotlarni isteʼmol qilish inson salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi, “tez semirish va boshqa kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkinligini taʼkidlab o‘tish joiz deb xisoblaymiz.

Shu bilan birga, jahon bozori va xalqaro birjalarda bug‘doy donlarini savdoga chiqarishda uning narxini belgilash “Glyutin indeksi”ga muvofiq amalga oshirilishi ushbu sinov laboratoriyasining muhim ekanligi bildiradi. 

Shuningdek, markazimiz O‘zbekiston Xalqaro urug‘larni sinash assotsiatsiyasi - ISTA uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi.

Laboratoriyada urug‘lik ishlab chiqaruvchilari tomonidan eksport-import va mahalliy yetishtirilgan urug‘lar, yaʼni kartoshka urug‘lari, o‘simlik yog‘i hisoblangan soya va kungaboqar urug‘lari, barcha turdagi sabzavot-poliz urug‘lari hamda mevali va manzarali ko‘chatlarning ekinboplik sifat ko‘rsatkichlarini xalqaro talablar asosida zamonaviy uskunalarda shaffof va xolislik tizimida baholash ishlari amalga oshiriladi.

Qolaversa, bugungi kunda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Respublikamizga chetdan kirib keladigan urug‘ va ko‘chatlarning tarkibida GMO mavjudligi va miqdorini hamda hozirgi kunda dolzarb hisoblangan kartoshka urug‘laridagi xavfli yashirin virusli kasalliklarni ishonchli va tezkor PSR usulida aniqlaydigan sinov laboratoriyasi tayyorlanmoqda.

Shu maqsadda Jahon banki tomonidan ajratilgan 4 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga AQSH, Yaponiya, Germaniya, Gollandiya hamda Xitoy kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy o‘lchov vositalari va sinov uskunalari bilan jihozlangan, xalqaro talablarga javob beradigan hamda raqobatbardosh zamonaviy sinov laboratoriyalar kompleksini yaratish jarayonidamiz.

Bu orqali sifati kafolatlangan, virusli kasalliklardan holi va biologik havfsiz urug‘larni dehqonlarimizga yetkazib berilishiga hamda xorijga eksport qilinishiga erishiladi.
Pirovardida, Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanib, import-eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ va ko‘chat mahsulotlarida uchraydigan GMO va yashirin virusli kasalligi bor urug‘liklarni Respublikamizga kirib kelishining oldi olinadi.

Ahamiyatlisi, Yevropa Ittifoqi bozorlariga imtiyozli huquq asosida O‘zbekistondan tovarlarni eksport qilish imkonini beruvchi “GSP+” tizimi shartlaridan biri bo‘lgan Kartaxen protokoli talabi bajarilishi taʼminlanadi.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu majmua kelgusida qishloq xo‘jaligi sohasiga hamda mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga o‘zining samarali hissasini qo‘shadi.

Hurmatli mehmonlar, yangi barpo etilgan ushbu markaziy laboratoriya majmuasi hamda uning maqsad va vazifalari bilan batafsil tanishish uchun barchangizni binoga taklif qilamiz.

Marhamat.



Report Page