O‘zLiDeP safi kengaymoqda

O‘zLiDeP safi kengaymoqda

Zuxro Mirzohamdamova, O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi


Bekobod shahridagi "O‘zmetkombinat" aksiyadorlik jamiyatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) faollari navbatdagi ochiq muloqot hamda targ‘ibot uchrashuvini tashkil etishdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan targ‘ibot tadbiri partiyaning korxona va tashkilotlardagi faoliyatini kengaytirish, aholining keng qatlamlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish borasidagi tizimli ishlarining uzviy davomi bo‘ldi.

Tadbirda O‘zLiDePning viloyat miqyosidagi mas’ul vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak, O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, viloyat Kengashining mutasaddi xodimlari hamda kombinatda faoliyat yurituvchi bir guruh partiya xayrixohlaridan iborat boshlang‘ich partiya tashkiloti (BPT) faollari ishtirok etishdi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda so‘zga chiqqan partiya viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev o‘z nutqida Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamiz xalqimizning azmu shijoati, milliy o‘zligimiz, erkin va farovon kelajak barpo etishga bo‘lgan qat’iy irodamizning o‘lmas timsoli ekani borasida fikr yuritdi. 

Bu yilgi bayramni xalqimiz ulug‘ maqsadlar va yangi bosqichdagi islohotlar ruhida kutib olganini ta’kidladi. 2023 yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan Konstitutsiyaviy islohotlar xalqchil boshqaruv, inson qadrini yuksaltirish, adolat va qonuniylikni ta’minlash, jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi uchun esa mazkur islohotlar biznes va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratish, erkin iqtisodiy muhitni kuchaytirish borasida yangi huquqiy zamin yaratib berganiga urg‘u berdi. Partiyaning asosiy maqsadi – mamlakat iqtisodiy qudratini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, har bir insonning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratishdan iboratligiga e’tibor qaratdi.

Yangi Konstitutsiya ruhi barchani birlashtirib, Vatan taraqqiyoti, xalq manfaati yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishga undashini aytdi.

Shuningdek, partiyaning joriy faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. U, ayniqsa, O‘zLiDePning Saylovoldi dasturida belgilab olingan ustuvor maqsad va vazifalar, davlat va jamiyat hayotini tubdan yaxshilash, xalqni rozi qilish, aholining turmush farovonligini oshirish yo‘lida ko‘rsatilayotgan muhim tashabbuslar borasida batafsil ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda kechayotgan islohotlar markazida inson – uning huquqlari va manfaatlari turibdi. Shu bois O‘zLiDeP ham o‘z elektorati bo‘lgan aholining barcha qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak esa o‘z so‘zida palatadagi O‘zLiDeP fraksiyasining qonun ijodkorligi jarayonidagi faol ishtiroki xususida ma’lumot berdi. Deputat o‘z faoliyatiga ham e’tibor qaratarkan, davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki va erishgan yutuqlarini aynan O‘zLiDePning dasturiy maqsadlari hamda qo‘llab-quvvatlashi bilan chambarchas bog‘ladi.

Targ‘ibot tadbirining tantanali qismida kombinatda ishlovchi, partiya safiga birlashish istagini bildirgan bir guruh xayrixohlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, yangi a’zolar orasida "O‘zmetkombinat" AJ raisi, yirik va salohiyatli tadbirkor Bahodir Abdullayevning ham bor. Bu partiyaning tadbirkorlar orasidagi nufuzi ortayotganining yorqin dalilidir.

Tantanali marosimda so‘z olgan Bahodir Abdullayev yig‘ilganlarni bayram munosabati bilan muborakbod etarkan, partiya safiga qabul qilinganidan xursandligini bildirdi. U tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidan og‘ishmay borayotgan partiya mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, O‘zLiDePning liberal tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Kombinatdagi "O‘zmetkombinat" AJ BPT raisi Davlat Xolmurodov ham korxonada tashkil etilgan tayanch tuzilmaning a’zolar safi kengayganidan xursand ekanini qayd etdi. U korxonaning eng ilg‘or ishchi-xodimlari va yetuk mutaxassislari endilikda BPT atrofida jipslashib, yagona maslak yo‘lida birlashish imkoniyatiga ega bo‘lishganini ta’kidladi. Bu, o‘z navbatida, korxonada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va xodimlar manfaatlarini himoya qilishda partiyaviy mexanizmlardan yanada kengroq foydalanishga zamin yaratadi.

Bekoboddagi mazkur tadbir O‘zLiDePning iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida, ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida o‘z pozitsiyasini mustahkamlayotgani, shuningdek, tadbirkor va ishbilarmon doiralarning partiyaga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatdi.

Tadbir davomida partiya siyosati, islohotlar mazmun-mohiyati, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar muhokama qilindi. Eng muhimi, yangi a’zolarning partiya safiga qo‘shilishi nafaqat kombinat, balki hududdagi partiya faoliyatini ham yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz.

Report Page