O’z ustida ishlash muhimmi yoki iste'dod?
Element oʻquv markazi
Agarda siz bu meni qo'limdan kelmas ekan qobiliyatim yo'q, boshqalar mendan ko'ra ancha iqtidorli deb o'ylasangiz va taslim bo'lmoqchi bo'lsangiz biroz shoshmang balkim qunt bilan mehnat qilsangiz hammasi boshqacha bo'lar! Pastdagi maqola shu haqida.
Internetda, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ushbu kitobga ko'p ko'zim tushganligi sababli qiziqish uyg'ondi va olib o'qib chiqdim, kitobda e'tiborimni tortgan Jihatlarini sizlarga ulashishni niyat qildim. O'ylaymanki farzand tarbiya qilayotgan ota-onalar va oldiga katta maqsadlar qo'ygan o'quvchilarimizga foydali bo'ladi!
1965 yi Vengriyalik Laslo Polgar ismli odam Klara ismli ayolga bir nechta antiqa hat yozgan.
Laslo qunt bilan ishlashga qattiq ishonardi. Lasloning dunyoda ishongan yakkayu yagona narsasi shu edi. U tug’ma iste'dod haqida eshitishni ham xohlamasdi. Uning fikricha, o’z ustida astoydil ishlash va yaxshi odatlarni shakillantirish orqali bola har qanday sohaning dahosiga aylanishi mumkin. Uning hayotidagi shiori “Daholar tug’ilmaydi, balki ta’lim va tarbiya natijasida paydo bo’ladi” edi.
Laslo ushbu g’oyaga shu qadar ishonar ediki, ularni o’z farzandlarida sinab ko’rishga ham tayyor edi. Uning Klaraga hat yozishdan maqsadi ham tajriba uchun ko’ngilli turmush o’rtoq qidirish edi. Klara o’qituvchi edi, garchi uning bu g'oyaga ishonchi Laslonikidek mustahkam bo’lmsa ham, to’g’ri tarbiya berish bilan har qanday inson o’z ko’nikmalarini kuchaytirishi mumkin deb hisoblardi.
Laslo shaxmat o’yini tajriba uchun mos tushadi degan qarorga kelib, o’z farzandlarini ushbu sportning chinakam ustalariga aylantirish rejasini ishlab chiqdi. U farzandlariga uyda ta’lim berishga qaror qildi. Bunday ta’lim Vengriyada juda kam uchrardi. Rejaga ko’ra, ularning uyi shaxmat haqidagi kitoblar va buyuk shaxmatchilarning suratlariga to’la bo’lar, bolalar esa bir-biri bilan shaxmat o’ynab, eng nufuzli musobaqalarda qatnashishi kerak edi. Bolalar duch kelgan har bir raqibning o’yini kuzatilib, maxsus fayllarda ipidan ignasigacha qayd etib borilardi. Ularning hayoti shaxmatga bag’ishlandi.
Lasloning sa’y-harakatlari zoye ketmadi. U Klara bilan turmush qurdi va bir necha yil ichida Polgarlar oilasida uch qizaloq Syuzan, Sofiya va Yudit dunyoga keldi.
To’ng’ich qizi Syuzan to’rt yoshligida shaxmat o’ynashni, olti oydan so’ng esa kattalarni yutishni boshladi.
O’rtancha qizi Sofiya yanada yuqori natijalarga erishdi. 14 yoshida u dunyo chempioni, bir necha yildan so’ng esa grossmeyster unvoniga sazovor bo’ldi.
Kenja qizi Yudit hammasidan ham o’tib tushdi. Besh yoshida u otasini yenga olardi. 12 yoshida u dunyodagi eng yaxshi shaxmat o’yinchilari yuztaligiga kirgan eng yosh o’yinchiga aylandi. U 15 yosh 4 oylik bo’lganida avvalgi rekordchi Bobbi Fisherni ortda qoldirib, tarixdagi eng yosh grossmeysterga aylandi. 27 yil davomida u jahonning eng yaxshi ayol shahmatchisi unvonini saqlab qoldi...
Oiladagi muhit, o’z ustida astoydil ishlash va yaxshi odatlarni shakillantirish ushbu qahramonlarimizni katta natijalar ko'rsatishiga sabab bo'ldi!