O’z-o’ziga marhamatlilik

Yangi talabalik davrimda katta bir bazmga soatlab tayyorgarlik ko’rganimdan so’ng, qallig’imga sochlarim, pardozim va ustimdagi libosdan ko’nglim to’lmayotganligi haqida noliganim yodimda. U esa “Xavotirlanma, ko’rinishing yaxshi” deya tasalli berishga urinardi.
“Yaxshi? Xayriyat, men har doim yaxshi ko’rinishda bo’lishni istardim…”
Tengsizligingizni his etish istagiga izoh berishga xojat yo’q. Muammo shundaki, hammaning bir vaqtda bir pog’ona yuqorida bo’lishi imkonsiz. Qaysidir tomondan ilg’orlashimiz mumkin bo’lsa-da, bizdan ko’ra aqilli, malohatli, muvaffaqiyatliroq inson hamisha topiladi. Biz bu holatga qanday munosabat bildiramiz? Yaxshi deb bo’lmaydi. O’zimizni ijobiy sur’atda ko’rish uchun, o’z qadr-qimmatimizni boshqalarnikidan yuqori qo’yishga intilamiz, ammo bunday yo’l tutish bizga qimmatga tushadi — bu hayotda o’z imkoniyatlarimizdan to’laqonli foydalanishga imkon bermaydi.
O’z zaif tomonlarimizdan g’aflatda bo’lsak, qanday qilib o’sa olamiz? O’z kamchiliklarimizni nazarga olmay yoki muammo va mushkulotlar kimningdir aybi ekanligiga ishonish asnosida o’zimizdan bir muddat xursand bo’lib yuraverishimiz mumkin, ammo, alaloqibat qoloqlik va ziddiyat botqog’iga botib qolib, bu bilan faqat o’zimizga ziyon keltirishimiz mumkin. O’zimizni to’xtovsiz ravishda ijobiy sur’atda ko’rishga bo’lgan ehtiyojimizni, qaysidir ma’noda, shirinlik yeyishga qiyoslash mumkin. Birdan kuchga to’lamiz-u, keyin bu kuchdan zum o’tmay ayrilamiz. So’ng esa navbat umidsizlikka keladi, garchi, buni qanchalik istasak-da, o’z muammolarimizda har doim boshqalarni ayblay olmaymiz. Har doim ham o’zimizni tengsiz va bir pog’ona yuqorida his eta olmaymiz.
Uning nihoyasi ko’pincha achinarli yakunlanadi. Ko’pchiligimiz o’z xato va kamchiliklarimizni tan olganimizda, o’zimizga nihoyatda sovuq munosabatda bo’lamiz: “Men unchalik yaxshi emasman. Men hech kimga kerak emasman.”
Vaholanki, “Unchalik yaxshi” darajasiga yetish hamisha imkonsizdek tuyilaveradi. Biror sohada qancha o’zib bormaylik, bu ishni boshqa bir kishi yaxshiroq bajarayotgandek tuyilaveradi. Bunday fikrlarga berilishning oqibatlarini kuzatish dilni mahzun qiladi. Millionlab odamlar shunchaki kunni ammalab o’tkazish uchun, og’ziga har kuni dori solishga majbur. O’ziga ishonchsizlik, xavotir va depressiya nihoyatda odatiy holga aylanib bormoqda, bularning ko’pchiligi esa o’z-o’zini tanqid qilish, hayot atalmish o’yinda “yutqazib turganda” o’zini ayamay jazolash natijasidir.
Boshqacha yo’l
Xo’sh, buning yechimi bormi? O’zimizni tanqid qilish va baholashdan butunlay voz kechish. O’zimizga “yaxshi” yoki “yomon” degan yorliq qo’yishni bas qilish va ko’ngilni keng qilgan holda, o’zimizni borimizcha qabul qilish. Yaqin do’stimizga ko’rsatadigan mehribonlik, jonkuyarlik va odamiylikdan o’zimizni ham chetda qoldirmaslik.
“O’z-o’ziga marhamatlilik” falsafiy qarashiga ilk bor duch kelganimda, u mening hayotimni bir zumda o’zgartirib yubordi. O’shanda Berkli, Kaliforniya universitetida insoniyat taraqqiyoti sohasidagi doktoranturamning so’nggi yili edi, dissertatsiyamni yakunlash taraddudida edim. Birinchi turmushimdan ayrilgan va nihoyatda og’ir damlarni boshdan kechirayotgan damlarim edi, bu ham yetmagandek, uyat va o’zimga bo’lgan nafrat hadsiz edi. Mahalliy buddistlar markazining meditatsiya darslariga qatnash dalda berar, degan fikrga keldim. Bu bilan birga, Shron Salzberg qalamiga mansub “Mehr-muhabbat” nomli mumtoz asarni mutolaa qilish meni butkul boshqa insonga aylantirdi.
Buddistlarning odamiylik fazilatining tutgan ahamiyati to’g’risida ko’p so’z yuritishlarini bilardim, ammo o’zingizga ham xuddi shunday rahm-shafqat ko’rsatish boshqalarga mehr-oqibat ko’rsatishdek muhim bo’lishi mumkinligi haqida sira o’ylab ko’rmagandim. Buddistlar nazdida atrofdagilar haqida qayg’urishdan avval, eng avvalo, o’zingiz haqingizda qayg’urishingiz lozim. Buddistlarning haftalik jamoaviy uchrashuvlariga men bilan birga kelib turgan yangi qallig’im, Rupert bilan suhbatlashish chog’ida hayratdan bosh chayqaganim yodimda. “Xato qilganingda yoki o’ta og’ir damlarni boshdan kechirayotgan damlaringda o’zingga yaxshi munosabatda bo’lish, rahmdil bo’lish o’rinlimikan? Bilmadim-kuya … Agar o’zimga o’ta rahmdil bo’laversam, natijada dangasa va xudbin insonga aylanib qolmaymanmi? Bu savol meni uzoq o’ylantirib qo’ydi.
Ammo, aybdorlik hissi hamisha foydali bo’lavermasligi, aksincha, vaziyatni chigallashtirishini keyinroq anglay boshladim. O’zimni to’xtovsiz jazolash bilan yaxshiroq insonga aylanib qolmayotgan edim. Aksincha, chorasizlik va o’z qobiliyatlarimga shubha nazari bilan qaray boshladim, jahlimni eng yaqin insonlarimga socha boshladim. Bu ham yetmagandek, bularning ko’pchiligini bo’ynimga olishni istamasdim, negaki agar haqiqatni tan oladigan bo’lsam, o’zimdan nafratlana boshlashim mumkinligidan qattiq qo’rquvda edim. Falsafa doktori unvonini qo’lga kiritganimdan so’ng, shaxsning o’z-o’ziga baxosi borasida yetakchi tadqiqotchi bilan kelgusi amaliyotimni davom ettirib, tez orada shu narsaga amin bo’ldimki, shaxsning o’z-o’ziga baxosining tutgan ahamiyati mavzusida minglab maqolalar yozilgan bo’lishiga qaramay, endilikda tadqiqotchilar o’z-o’ziga me’yoridan ortiqcha baxo berishning bir qancha salbiy tomonlari mavjudligiga ishora qilmoqda: narsisizm, xudbinlik, o’z g’azabini asoslashga urinish, tarafkashlik, ayirmachilik va shu kabilar. O’ziga rahm-shafqatlilik o’ziga beriladigan baxoning mukammal o’rindoshi bo’lishi mumkinligini angladim. Nima uchun? Chunki, u ham o’z-o’ziga beriladigan baxo singari shaxsning mukammal yoki boshqalardan ustun ko’rish ehtiyojisiz og’ir aybdorlik hissidan himoyalaydi. Boshqacha aytganda, o’z-o’ziga marhamatlilik o’ziga beriladigan baxoning zaif tomonlaridan istisno bo’lgan foydali jihatlarni taqdim etadi.
O’z-o’ziga marhamatlilikning ilmiy jihati
O’z-o’ziga marhamatlilik o’zi nima? Uning zamirida nima yotibdi?
Unga bergan ta’rifimdan kelib chiqsak, o’ziga marhamatlilik uchta tarkibiy qismdan iborat. Birinchidan, bu o’ziga rahmdillik, qattiq tanqid va talabchanlikni rad etib, o’zimiz bilan muloyim va mulohazali munosabatda bo’lish demakdir. Ikkinchidan, hammamiz ham inson ekanligimiz, hayot sahifalarida o’z iztiroblarimizga o’ralib, o’zimizni yot va yolg’iz his etish o’rniga, boshqalar ham biz bilan birga ekanligini e’tirof etishdir. Uchinchidan, diqqat-e’tiborli bo’lish, o’z iztiroblarimizga ahamiyatsiz bo’lish yoki ularni bo’rtirrish o’rniga, kechinmalarimizga muvozanatdagi e’tiborni qaratish demakdir. O’zimizga chin ma’noda marhamatli bo’lishimiz uchun, ushbu uch unsurga erishishimiz va ularni birlashtirmog’imiz zarur bo’ladi.
O’ziga marhamatli bo’lish natijasida uyg’onuvchi ijobiy hissiyotlar o’ziga beriladigan baxodan farqli ravishda, bekamiko’st bo’lish yoki bir pog’ona yuqorida turish yoki biror maqsadga to’la-to’kis erishishning hosilasi emas. Aksincha, bu o’sha nimjon va nomukammal, ammo borimizcha betakror “o’zimiz” haqimizda qayg’urishning natijasidir. Atrofdagi insonlarni o’zimizga solishtirishni bas qilib, ular bilan o’xshash bo’lgan jihatlarimizni iliq qarshilab, ularga yondasha boshlaymiz.
O’ziga marhamatlilikning ijobiy hissiyotlari biror ishni uddalay olmaganimizda yoki ishlarimiz yurishmay qolganida bizni tark etmaydi. Aslida, ayni o’zimizga past baxo bera boshlagan pallamizda — ishimiz o’ngidan kelmay qolganda yoki o’zimizda noilojlikni his eta boshlaganimizda yordamga keladi. Xoynaxoy, ichingizda o’zingizga aytayotgan bo’lsangiz kerak … bu boradagi tadqiqot bizga nimalarni ko’rsatmoqda?
O’z-o’ziga marhamatlilik o’ziga beriladigan baxoning faqatgina yaxshi jihatlarini taqdim etishi bilan undan farq qilishi ilm-fan tomonidan tasdiqlangan.
O’z-o’zidan ma’lumki, o’ziga marhamatlilik shaxsning o’ziga beriladigan baxosi bilan yonma-yon yuradi. Agar o’zingizni to’xtovsiz tanqid qilish o’rniga rahmdil munosabatda bo’lsangiz, o’zingizga nisbatan yuqoriroq baxo bera boshlaysiz. Va o’ziga beriladigan baxodan farqli o’laroq, o’ziga mehr-shafqatli bo’lish xavotir va depressiyaning oldini olib, kishidagi baxt hissi, optimizm va ijobiy his-tuyg’ularni oshiradi.
Shunday tadqiqotlardan birida ishtirokchilardan o’ta xijolatli vaziyatga tushib qolishni tasavvur qilish so’ralgan: misol uchun, sportda biror jamoa tarkibida o’ynab, yutqizib qo’yish yoki sahnada rol ijro etayotib, aytiladigan so’zlarni unutib qo’yish. Ishtirokchilar ana shunday holatga tushib qolganlarida, o’zlarini qanday his etgan bo’lardilar?
O’ziga rahmdil bo’lgan ishtirokchilarning xijolat tortishi yoki o’zini uquvsiz sanash ehtimoli ancha past bo’lgan yoki ular vaziyatni o’ta shaxsiy doirada baxolashga shoshilmaganlar. Buning o’rniga, vaziyatni bosiqlik bilan qabul qilib, shunday deyishgan, “Hammayam xato qilib turadi”, “Bu hech nimani hal qilib qo’ymaydi”. Buni qarangki, shaxsning o’ziga beriladigan yuqori baxosi vaziyatga hech qanday yordam bermagan. O’ziga o’ta yuqori yoki o’ta past baxo beruvchi ishtirokchilarning har ikkalasi “O’ta omadsizman.” yoki “Bundan ko’ra o’lganim yaxshi edi.”- deya o’zlarini ayblay boshlaganlar.
Bu shundan dalolat bermoqdaki, o’ziga mehr-oqibatli insonlar boshqalardan qabul qiladigan maqtovlari qamrovidan qati nazar, o’zlarini boricha yaxshiroq qabul qila olishadi. Aksincha, kishining o’ziga beradigan baxosi esa vaziyat o’z foydasiga ishlagan taqdirdagina o’sishi, o’zi haqida biror dilxira haqiqatga yuz tutish ehtimoli yuzaga kelganda esa, undan qochish yoki qing’ir yo’llardan borishiga olib kelishi mumkin.
Osoyishta orol
Umumiy qilib aytganda, mazkur tadqiqot o’ziga bo’lgan marhamatlilik sizni osoyishta go’shaga eltishi, yakunsiz ijobiy va salbiy ichki tanqidlarning dovulli dengizlaridan panaga aylanishiga ishora qilmoqda, shunda o’zimizga savol berishdan to’xtaymiz. “Ulardan kam joyim yo’qmikan? Qo’limdan kelarmikan?” Qalbimizdagi mehr-shafqat bulog’iga qo’l cho’zib, ojiz tomonlar butun insoniyatga xos ekanligini qabul qilish bilan o’zimizga bo’lgan ishonch, boshqalarning mehr-muruvvati va tirikligimizni his eta boshlaymiz. Aybdorlik hissini yengish sizdan muayyan urinishni talab qiladi, ammo sizdan faqatgina ko’ngilni keng qilish, hayotni boricha qabul qilish va o’zingizga qalb darvozangizni ochish so’ralyapti xolos. Bu siz o’ylaganingizdan ko’ra ancha osonroq, qolaversa, u sizning hayotingizni o’zgartirib yuborishi turgan gap.

Kanalga ulanish: Inson psixologiyasi