"Oynur" Evril Turon

"Oynur" Evril Turon

Bookaholic_blog

Reviewni Lassalning quyidagi so'zlari bilan boshlashni istadim:

"Gullab turgan chog'ingda, bitmas quvvat, yengilmas kuchga to'lib-toshganingda halok bo'lish qo'rqinchli."

Yozuvchi asarni Turonni ichki bir tuyg'u bilan sevuvchi yo'ldoshim Ugur Akinga bag'ishlayman deb boshlaydi. Aslida esa asarda nafaqat Oynurning hayot yo'li balki biz bilgan ko'plab taniqli shaxslar, adabiyotimiz darg'alari, tarix sahifalarida o'z qonlari bilan nomlari qayd etilgan jadidlarimiz haqida ham so'z boradi.

Voqealar rivoji tez. Xalq dostonlari qanday osonlik bilan o'qilsa, Oynurdagi kechmishlar ham shunday maroq bilan hikoya qilinadi. Asardagi har bir jumla mujmallik, g'alislikdan mutlaqo yiroq shu bilan birga vatanparvarlik ruhiga yo'g'rilgan.

Kechmishlar Evril ismli bola tomonidan so'zlanadi, uning sezgirligi va boshqalardan ajralib turishiga, qolaversa asardagi har bir obrazga chiroyli tasviriy bo'yoqlarda mahorat bilan ta'rif berilgan. Atamalar deyarli har bir betda bor, bu esa asar o'qilishini yana ham osonlashtirgan.

Asarda rus tuzumining chirkinliklari, shovinizmning avjiga chiqishi,davrning nechog'lik jirkanch va yolg'on botqog'ida ekanligiga alohida urg'u beriladi. Yozuvchi obrazlar tilidan zamonning kamchiliklari, obraz xarakterlariga berilgan ta'riflar orqali esa O'zbek xalqining qay darajada qurbonga aylanganligini ochib bergan.

Oynur | 1984 (Comparative literature)

Har ikkala asar ham bolshevizm, kommunizm ustidan ochiqchasiga yozilgan raddiya uslubida kitobxonlar e'tiboriga havola etilgan. Oynur va Uinston obrazlari birbiriga juda yaqin. Har ikkalasi ham erki uchun kurashmoq istaydi va oxir oqibat shu istak qurboniga aylanadi. Asarda biz bilgan Katta Og'a Evril Turon ta'birida Ulug' shaxs deya atalgan. Xalqni ochlikda, tashqi dunyodan uzib qo'ygan holda alohida makon, zamon, tuzum bilan ushlab turilishi bosh ko'targanga o'z fikri qurol sifatida qo'llanilishi barchasi ikki yozuvchining o'qirman(kitobxon)lar oldidagi maqsadi bir ekanligini tasdiqlaydi.

Xalq dostonlariga alohida to'xtalib o'tsak, adib umrining ko'p qismi qamoqda o'tganligi hisobiga o'zbek adabiyoti vaqtdan ancha yutqazgandi. Mamadali Mahmudov qamoqdan chiqqan yillarda Alpomish dostonining tarixi ustida ilmiy-adabiy izlanish olib boradi. Shu narsa "Oynur" ga ham o'z ta'sirini o'tkazgan. Dostonlarga o'zgacha faxr tuyg'usi ufurgan ta'riflar beriladi. Umuman olganda, kitob avtobiografik talqinda. 1989 yil voqealari, davlatimizning egamanlik yillari, Bog'don qishlog'i (yozuvchi tavallud topgan joy) tasviri ham asarga o'z ta'sirini o'tkazmay qolmagan.

Asarning yengil mutolaasi yoqimli bo'lsin.🖤

Bizning manzil: @bookaholic_blog




Report Page