Ota-onalarga murojaat.
Mehmonov Hasan
Qaysi bir suhbatda Rossiyada kashf qilingan bir uskuna haqida gap ketgan edi. Uni yosh bolalarning boshiga qoʻysangiz, uning barcha xususiyatlarini skaner qilish orqali kelajakda qaysi kasbni egallashga moilligini aniqlab berar ekan. Suhbatdagilardan biri katta pul tikkan holda shu uskunani oʻzimizga olib kelib, biznes qilmoqchi ekanligini aytdi. Bizda bu juda ommabop boʻlib ketishiga koʻzi yetayotganligini taʼkidladi. Shunda oʻzimga-oʻzim " buning orqasidan ilmsiz ota-onalar oʻz farzandlarining umrini zavol qilib qoʻyishmasa boʻlgani" deb turgandim. Sababi bunday uskunani yaratish imkonsizligini bilardim...
Mentalitetimizda farzandlar yoʻlini ota-onalar belgilab berishi ildiz otib ketgan. Yoshligidan to ulgʻaygunga qadar bolalarga eng koʻp beriladigan 3 ta savoldan biri bu "katta boʻlsang kim boʻlasan". Aslini olganda yosh bolaga bunday savolni berish oʻtaketgan ahmoqlik. Bu goʻdak hali kasb nimaligini bilmasdan turib "katta boʻlsam duxtir boʻlaman, uchuvchi boʻlaman..." deb javob beradi. Bora bora esa bu soʻzlar uning ongiga singib, maktabda ham, kollejda ham, universitetda ham shu sohani oʻqishiga olib keladi. Ammo bir kun koʻzi ochilganida "nima uchun bu sohani tanlaganman oʻzi?" degan savolga javob topolmay boshi qotadi.
Oʻsha suhbatda bir aqli raso, ilm-fandan xabari bor tanishim tushuntira ketgandi. "Bu imkonsiz. Ular sizni aldashgan. Xattoki oʻsha uskuna insonning jismoniy holatlarini aniqlab bera olsada, uning kelajakda kim boʻlishi kerakligini taxmin qila olmaydi. Inson ulgʻaygani sari uning fikrlashi oʻzgaradi, kechagi bolakay bugungi yigitdan tubdan farq qiladi. Bunga uning atrof muhiti, oʻqiydigan kitoblari, koʻradigan filmlari, kuzatadigan shaxslari katta ta'sir qiladi. U istalgan payt oʻz fikrini, oʻz yoʻnalishini oʻzgartirishi mumkin..." Shu orqali uning fikridan qaytardi, ammo unga oʻxshab fikrlaydiganlar talaygina va har biri bilan suhbat olib borish imkonsiz.
Abituriyent uchun oʻqishga kirish goʻyo hayot-mamot masalasi. Kira olmasa tengdoshlaridan ortda qolgan, yaqinlari yuzini yerga qaratgan, qoʻni-qoʻshni oldida sharmanda boʻlgan boʻladi. Oʻqishga kirganlari esa hayotining qolgan qismini shu yoʻnalishda tasavvur qilishga majbur. Agar kuni kelib bu yoʻldan yurishni xohlamay qolsa, uni dana dashnomlarga koʻmib yuborishadi, ahmoqqa chiqarishadi. Yorqin kelajagini oʻldirgan inson degan yorliq yopishtirishadi.
Nima uchun??!!!! Fikrlashi oʻzgargani uchunmi? Yoki ota-onasi tanlagan yoʻldan yurishni xohlamaganligi uchunmi? Qanday aql bilan hali 18 ga toʻlmagan, kimligini anglamagan boladan butun umrini bagʻishlashi kerak boʻlgan sohani tanlashni talab qilish mumkin. Nahotki ularga boshqa imkoniyatlar berilmasa? Nahotki ularning xato qilishga haqlari yoʻq boʻlsa?
Aslini olganda bizning millatdagi ota-onalar farzandlariga oʻz yoʻlini oʻzi tanlashga qoʻyib berishmaydi, aksincha oʻzlari "farzandim uchun nima toʻgʻriligini bilaman" degan oʻy bilan yoʻnalish tanlashadi. Bunday qilishlariga sabab, farzandlarining notoʻgʻri yoʻldan ketib qolishini oldini olish, oʻzlari qilgan xatolarni takrorlashiga yoʻl qoʻymaslik boʻladi. Lekin ular ba'zi narsalarni inobatga olishmaydi va shu tufayli toʻgʻri ish qilayapman deb katta xatolarga yoʻl qoʻyishadi. Shu oʻrinda ota-onalarga murojaat qilmoqchiman:
Tushuning! Farzandingiz bilan siz bir davr odamlari emassizlar. Unga ta'sir qiluvchi tashqi omillar sizga ta'sir qilgan tashqi omillardan butkul farq qiladi. Xattoki gen jihatdan ham sizlarning oʻxshashliklaringiz ellik foiz atrofida. Shu boisdan farzandingiz qarashlari, istaklari, xohishlari siznikiga toʻgʻri kelmasligi tabiiy xol. Xato qilish va adashish esa bu normal holat! Xato qilmasdan turib, oʻrganib boʻlmaydi! Yurishni oʻrganayotgan bolani yiqilmasin deb koʻtarib yursangiz, u bir umr emaklab oʻtadi. 25-30 yoshgacha ham oʻz yoʻlini topolmaslik ham fojea emas! Inson relsga tushib olgunga qadar u yoqqa, bu yoqqa oʻzini urib koʻrishi kerak. Aks holda siz oʻtkizgan oʻrindiqda bir umr oʻz ishidan norozi kayfiyatda oʻtib ketadi.
Bunday boʻlishini xohlamasangiz yoʻl tanlashni farzandingiz oʻziga qoʻyib bering. Yorqin kelajak yaratib berish uchun turli uskunalar izlab ovvora boʻlmang. Siz faqat imkon qadar koʻprogʻini taklif qiling, tanlash imkoniyati esa oʻzida qoldiring. Xato qilishiga qoʻyib bering. "Katta boʻlsang kim boʻlasan" degan savolni aslo bermang, buni soʻraydiganlarga uni tinch qoʻyishini ayting. Oldindan uning yoʻlini belgilab qoʻyishga urinmang, kimlarningdir shunday qilishiga ham yoʻl qoʻymang. Oʻzingiz yetisha olmagan istaklar yoʻlida ularni qurbon qilmang. Sizning xohishingiz va farzandingizniki toʻgʻri kelmasligi mumkinligini unutmang. Boshqalar fikriga quloq solmang. Erkinlikni oʻz qoʻliga bering, ammo nima ogʻzidan chiqsa muhayyo qilmang. Mustaqil boʻlib ulgʻayishini taminlang. Yiqilsa darrov turgʻizib qoʻyishga shoshilmang. Biroz kuting, oʻzi urinib koʻrishiga qoʻyib bering. Bir necha bor yiqilsin, u yoq bu yogʻi tilinsin, xatolaridan saboq olsin. Siz esa yana bir bor yiqilishiga imkoniyat yaratib bering. Kecha bildirgan fikrlariga bugun oʻzi qarshi chiqayotgan boʻlsa koyimang, aksincha quvoning. Oʻzgarish bu oʻsish demakdir. Fikrlar oʻzgarmasligi bir joyda qotib qolishni anglatadi. Toʻgʻri yoʻnalishda oʻzgarishi uchun esa shunday muhit yaratib berishingiz kerak. Farzandingiz aqli raso boʻlib ulgʻayishini xohlasangiz, avvalo oʻzingizni rivojlantiring. Uning fikrlariga eng katta taʼsirni siz oʻtkazasiz. Shu boisdan ham "farzandim oʻqisa boʻldi, menga endi kech" demang. Unga toʻgʻri maslahat bera olishingiz uchun ham avvalo oʻzingiz saviyali boʻlishingiz lozim. Kitob oʻqing, til oʻrganing, bilim oling. Farzandingizga loyiq ota-ona boʻling. Shundagina uni tushuna olasiz, fikr almasha olasiz va toʻgʻri maslahat bera olasiz.
Balki shu orqali yorqin kelajakni koʻrishga umid paydo boʻlarmidi...
@mehmonov_blog