Ota-onadan alohida bo'lolmaslik (tugallanmagan separatsiya) nima uchun xavfli?

Ota-onadan alohida bo'lolmaslik (tugallanmagan separatsiya) nima uchun xavfli?


Shunday g‘alati holatlar bo‘ladi – jismoniy yetilgan odam go‘yo o‘zining yoshiga mos kelmaydi. Uning yoshi 30, 40 yoki 50 bo‘lishi mumkin, lekin haliyam onasiga qaram, mustaqil qaror chiqarishga qiynaladi va kattalar bilan bahslashishdan qo‘rqadi. Ba’zida psixologik yosh jismoniy yosh bilan mutanosib bo‘lmaydi. Bugun nega bunday bo'lishi haqida gaplashamiz.


Ulg‘ayish uchun yosh bola bo‘lishni to‘xtatish kerak. Bola bo‘lishni to‘xtatish uchun birdaniga bir necha darajada mustaqillika ega bo‘lish lozim

 

Funksional daraja

Ota-onangiz yoningizda bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’iy nazar o‘zingizga g‘amxo‘rlik qila olishni bildiradi. Bu darajadagi odam o‘ziga ovqat tayyorlay oladi, kommunal to‘lovlarni qiladi, katta yoshli odamga xos odatiy vazifalarni hal qiladi.

Ba’zida bu darajada 2ta qismni ajratishadi: moliyaviy va hududiy. Moliyaviy avtonomiya kishining o‘zi ishlab topgan mablag‘ga kun kechirishini bildiradi. Hududiy separatsiya (ajralish) – katta yoshli farzandning ota-onasidan alohida yashashidir.

Bu yerda qiziq bir jihat bor. Shunday bo‘ladiki, kishi ushbu darajada avtonomiyaga erishgan, lekin ota-onasi bilan bitta uyda yashaydi. Qanday qilib? Bu ulg‘aygan farzandning ota-onasi bilan bitta hududda yashashi, ammo teng huquqli katta yoshli odamlar darajasida bo‘ladigan kamyob holatlardir. Ya’ni u uyda xona ijaraga olganday. Uning xonasi – uning ruxsatisiz va taklifisiz hech kim kira olmaydigan alohida davlat singari.

 

Hissiy daraja

Bu yerga odamning ota-onasi maqullamaydigan qarorlarni ham qabul qila olishi, katta yoshlilar bilan ziddiyatga kirisha olish va buni deb aybdorlik hissidan qiynalmasligini kiritsa bo‘ladi. Bu rad eta olish kuchi va buning uchun o‘zini sotqin his qilmaslik, “yo‘q” so‘zi tufayli munosabatlar vayron bo‘lishidan qo‘rqmaslikdir.

Hissiy separatsiya – qanday xohlasangiz shunday yashay olishingiz va alohidalik uchun huquqni qo‘lga kiritishingizidir. Bu bosqichdan o‘tgach, odam ota-onasidan maqullanish yoki jazolanish kutadigan bolakay emas, boshqa bir katta yoshli odamday muomala qila oladi. Qo‘rquvdan emas, hurmat va qiziqish yuzasidan.

Bolalar uchun ota-onalar – rad etib bo‘lmaydigan avtoritetlar. Ular nafaqat himoyachilar va sevimli insonlar, balki oldida hisob berish, tinglash kerak bo‘lgan, nima qilishni, qanday yashashni yaxshiroq biladigan odamlardir. Katta yoshli odam esa hurmat va bo‘ysunishni, muhabbat va qo‘rquvni, mustaqillik va isyonni, g‘amxo‘rlik va ta’minlashni farqlay oladi.

Hissiy ajralish funksional ajralishdan ko‘ra qiyinroq bo‘lishi mumkin. Separatsiya yakunlanishi uchun ko‘pincha juda yoqimsiz hislar: qo‘rquv, uyat, aybdorlik, og‘riqni boshdan kechirishga to‘g‘ri keladi. Bola mustaqil hayotga qadam qo‘yishi bilan, bu hislar darrov yopirilib keladi: “Onamga nimadir bo‘lsa-chi? Balki otam qarshidir?”

Ko‘pincha shunday bo‘ladi ham. Oilalarda gomeostaz qonuni ishlaydi va u oila tuzilmasi o‘zgarmay qolishi uchun hamma narsa qilishga harakat qiladi. Bola o‘z rolidan chiqishni xohlasa, albatta qarshilikka duch keladi: ehtimol bu miyasidagi fiklari bo‘lishi mumkin, ehtimol ota-onasining qarshiligi va hatto manipulyatsiyalaridir – kimda qanday.

 

Separatsiya yakunlanmagan bo‘lsa, nima qilish kerak?

Birinchi va eng muhim narsa – shaxsiy psixologik chegaralarni himoya qilishni o‘rganishdir. Ha, ayniqsa qarindoshlar bilan buni qilish qiyin, ahamiyati pastroq odamlar – tanishlar, sotuvchilar, hamkasblardan boshlash mumkin. Siz uchun noqulay, keraksiz narsalarga rozi bo‘lmaslikni o‘rganing.

İkkinchi tavsiya – o‘z kuchingizni toping. Hayotingizdagi qaysi yaxshi qarorlarni o‘zingiz qabul qilganingiz, qanday yutuqlarga erishganingiz, qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tganingizni eslang.

Uchinchisi – ota-onangiz bilan bog‘liq aybdorlik hissi yoki xafagarchiliklar qanday ishlashini tahlil qiling. Bu sizga nima uchun kerak, qanday foyda olasiz? Buning uchun qanday to‘lov qilyapsiz? Bu 10, 20, 30 yildan keyin ham o‘zgarmasa nima bo‘ladi?

To‘rtinchisi – mavjud vaziyat hammaga kerakligini tushunish. Cho‘zilgan separatsiya o‘z hayotingiz uchun javobgarlikni olmaslikka yordam beradi: bolaning ulg‘aymasligiga, ota-onaning – o‘z hayotini yashamasligiga olib keladi. Bu tizimdan kimdir chiqib ketsa, boshqa ishtirokchilar moslashishiga to‘g‘ri keladi.

Va oxirgisi.

Ba’zi ota-onalar bolalarining hayoti bilan yashaydi. Kimningdir nikohi bolalar tufayli buzilmay turibdi, kimningdir do‘st orttirishi yoki yangi xobbi bilan shug‘ullanishi qiyin, kimdir esa bolalari ulg‘aygach qanday yashashini tasavvur qilolmaydi. Bunday vaziyatlarda ota-onalar ongsiz ravishda bolalarining mustaqil bo‘lmasligidan manfaatdordirlar. Ota-onalarning hissiyotlari har doim bolalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun yo‘nalishini aytmasa ham bo‘ladi. Shuning uchun separatsiya – avvalambor bolaning vazifasi, ota-onaning emas.

 

Muallif: Yekaterina Oksanen

 

Tarjimon: Sarvinoz Omonova


Kanalga ulanish: Psixologning qaydlari

 

Report Page