Oskar Uayld hayoti va ijodi.

Oskar Uayld hayoti va ijodi.

@briefly_adabiyot

Uayld Oskar (1854.16.10, Dublin - 1900.30.11, Parij) — ingliz yozuvchisi, tanqidchi. Hashamdor she’rlari bilan fransuz simvolistlariga yaqin turadi. 1882 yilda AQSh shaharlari bo‘ylab sayohatda bo‘lib, estetika bo‘yicha ma’ruzalar o‘qigan. Bu davrda va keyinroq yaratilgan «E’tiqod yoki Nigilistlar» (1882), «Gersoginya Padunskaya» (1883), «Salomeya» (1893) dramalarida yosh yozuvchining isyonkor kayfiyati ifodalanib, ijtimoiy hayot masalalari muhim o‘rin egallaydi. Londonga qaytib, gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qilgan. Axloqsizlikda ayblanib, 2 yil (1895—97) qamoqda yotib chiqqach, Parijga ko‘chib o‘tgan. Qamoqdan so‘ng Uayld hayotida ro‘y bergan ruhiy tushkunlik «Reding qamoqxonasi balladasi» (1898) avtobiografik asari hamda o‘limidan keyin e’lon qilingan «Qamoqxonadagi tavba» (1905)da o‘z aksini topgan. «Uindermir xonimning yelpig‘ichi» (1892), «Benuqson erkak» (1895), «Jiddiy bo‘lish qanday muhim» (1896) komediyalari, «Baxtli shahzoda» va «Yulduzli bola» (1888) adabiy ertaklar to‘plamlarida o‘zi yashagan muhit urf-odatlarini tanqidiy aks ettirgan. «Dorian Grey portreti» (1891) — 19-asr oxiridagi intellektual romanning ajoyib namunasi. 80-yillardagi tanqidiy maqolalarida («O‘y-niyatlar» to‘plami, 1891) Uayld hozirgi ingliz adabiyotidagi o‘ziga yaqin voqea-hodisalarni yoritgan. Ayni paytda xalq qo‘shiqchilik ijodini, P. Beranje she’riyatini yuqori baholagan, O. Balzak, L. N. Tolstoy, I. S. Turgenev va F. M. Dostoyevskiylar badiiy mahoratini mehr bilan tasvirlagan. Uayld pyesalari asosida filmlar yaratilgan.

Manba: ziyouz.com

Report Page