Orzuyim — kompaniya bilan birga rivojlanish!

Orzuyim — kompaniya bilan birga rivojlanish!

Enter Engineering Pte.Ltd

Umidjon Nazirdinov o‘z karyerasini Samarqand kimyo majmuasi qurilish loyihasida umumiy qurilish ishlari bo‘yicha supervayzer sifatida boshlagan. Bu vaqtga kelib Farg‘ona politexnika institutining «Iqtisodiyot va menejment» yo‘nalishida tahsil olib, bir qator korxonalarda ishlagani hozirgi faoliyati uchun zarur tajriba orttirishga xizmat qilgan.

Umidjon bilan SKMda ishlayotgan paytlari tanishdik. Bir muddat avval u boshqa loyihaga — Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga o‘tdi. Yangi joyda Umidjon umumiy qurilish ishlari bo‘yicha supervayzer lavozimini ham egallaydi.

— FNQIZda men SKMdagi kabi vazifalarni bajaraman, — dedi Umidjon. — Qurilish ishlarini, vaqtinchalik obyektlar qurilishini nazorat qilaman, beton ishlarining borishini tekshiraman, bajarilgan ishlar boʻyicha hisobot yuritaman. Shuningdek, loyihaga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda va tekshirish jarayonida ishtirok etaman. Sifatni ta’minlash uchun men davlat nazorati organlari, qurilish nazorati, buyurtmachi va loyihachi nazorati talablariga rioya etilishini nazorat qilaman. Vazifalarimdan kelib chiqib, barcha qayd etilgan kamchiliklar va tuzatishlarni belgilangan muddatda zudlik bilan bartaraf etilishiga erishishga harakat qilaman.

Umidjon ta’kidlaganidek, uning atrofida haqiqiy professional bo‘lgan hamkasblari bor. Bu unga qiyin vazifalarni bajarish uchun yanada ko‘proq kuch beradi. U hamisha supervayzer hamkasblari: Shavkat Yo‘ldoshev, Bahodir Istamov, Sarvar Boltayev, shuningdek, Hindistondan kelgan xodimlar — Paramdeep Singh va Shokindra Kumarga tayanishi mumkinligiga ishonadi. Ular hech qachon pand bermaydi va kerak bo‘lganda yordam berishadi.

— Enter Engineeringda ishlayotganimdan juda xursandman, — deya qo‘shimcha qildi Umidjon. — Avvalo, bu yerda kasbiy o‘sish, qimmatli tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyati mavjud. Qolaversa, yurtimiz uchun muhim inshootlarni barpo etishdek ulkan ishlarga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Bu barcha qiyinchiliklarni yengish va yuz foizga harakat qilish uchun kuch beradi. Yashirmayman, men martaba zinapoyasida o‘sishni davom ettirmoqchiman. Orzuyim — yetakchi xodimlardan biri bo‘lish va kompaniya tarixida iz qoldirish.

Yakunda Umidjonning oilasi haqida bir necha so‘z aytsak. Otasi BMP and TRADING GROUP qo‘shma korxonasi kasaba uyushmasi raisi, onasi bolalar sport maktabida bosh hakam bo‘lib ishlaydi. Umidjonning singlisi UzLITI Engineeringda, rafiqasi esa Farg‘ona shahridagi harbiy bilim yurtida ishlaydi. Qizi Yasinabonu boshlang‘ich sinf o‘quvchisi, o‘g‘li Muhammadziyo esa hali bog‘chaga boradi. Umidjonning shunday katta oilasi bor. Biz unga baxt va farovonlik tilaymiz!


Report Page