Orziqulova Dilyora, TTA 2-bosqich talabasi

Orziqulova Dilyora, TTA 2-bosqich talabasi


Men Orziqulova Dilyora Toshkent Tibbiyot Akademiyasining 2-bosqich talabasi va Tibosfera oilasining 129-guruh a`zosiman.


Men ham hamma tibbiyot talabalari singari osmonlarcha orzular, maqsadlar, rejalar bilan 2022-yil grand asosida o`qishga qabul qilindim. Ammo o`qishning birinchi haftasiyoq o`sha hamma aytadigan “insititutga kirib olsang, u yog`i oson, mazza qilib yurasan” degan gap shunchaki gap ekanligini anglab yetdim. Haqiqiy yo`l endi boshlangan edi. Anatomiya o`qituvchimiz umurtqa pog`onasini olib butun bir mavzuni uzog`i 10 daqiqada tushuntirib bergan. Man hech narsasiga tushunmay qarab o`tirganman. Hali lotin tili o`tilmagan. Darsga tayyorlanib kelish kerakligini ham bilmaganman. Umurtqalarni birinchi marta ko`rib turibman. Ustoz qanaqadir terminlar ishlatib, suyaklarni u yoq bu yog`idan nimalarnidir ko`rsatyapti. Hali ham yodimda, 2-hafta, anatomiya darsi bor kuni bor yo`g`i 2 soat uxlab 6 para dars o`tib kelganman.

Shunday qilib 1-semesterni ham boshlab oldik. Osteologiya o`tganimizda suyaklarni ushlab turib o`qigan narsalarimizni unutib qo`yar edik. Terminlarni yodlab, kitobdagi xira rasmlarga qarab, shu qism qayerda joylashganini suyakdan ko`rsatib berish uchun tayyorlanib borar edik. To`g`ri, qayta topshirishlarga qolib, yoki 2 baholar olmasdim. Yaxshi baho olganim bilan hech narsani tushunmasdim. Bir dars oldingi narsalar so`ralsa, umuman bilmasdim. Ustoz ham dars boshidan ko`p emas, 10 minutcha mavzu tushuntirar edilar. Ammo bundan o`zimizga hech qanday ma`lumot ololmasdik. Xullas, shunday kunlar o`tdi.


Bir kursdoshim Tibosfera nomli kursga qo`shilganini aytib qoldi. Qanchadir muddat o`tdi. Miologiya bo`limiga kelganimizda shu kursdoshimiz doim darslarda 1-bo`lib chiqadigan bo`ldi. Avvallari bir para yodlagan terminlarimizni qaytadan yodlab o`tirar edik. Endi esa kursdoshimiz juda ham o`zgarib ketgan edi. Hattoki ustozga ham ortiqcha savolga imkon qoldirmasdan gapirib berar edi. Ba’zida ustozdan ham ustun kelardi. Shunda kursdoshimga juda ham havasim kelib manam Tibosferaga qo`shilaman deb ko`nglimga tugib qo`ydim. Kunlarim tartibsiz edi. Hech qanday kursga qatnashmasam-da darslarimni ham ko`ngildagidek o’qiy olmasdim. Vaqtim nimaga ketardi, o`zim ham hayronman. Hech narsani tushunmay o`qiganimdan. bir dars uchun, baho oiish uchungina o`qib borayotganim uchun ichim achirdi, kunlarim bekorga ketayotgandek his qilardim. Dekabr oyida rus tiliga qatnashdim. Shu bilan ta`til, rus tilim ham qolib ketdi. Yana o`sha eski holatim. Faqat darsga boraman, kelaman. Tibbiyotda bir qadam ham yuqori ko`tarilmayman. Lekin kunlarim o`tib ketaveradi…


Va mening o`sha intiqlik bilan kutgan kunim keldi. Tibosferaga qabul boshlandi. Avval saralash bo`lib o`tar ekan. Saralashdan o`tdim va guruhga qabul qilindim. 


Endi Tibosferaning mening hayotimga olib kirgan o`zgarishlari haqida gapirsam:


Tibosfera ma`lumotlari

Ular juda ham tartibli, sodda, tushunarli tilda yozilgan. Sizga har bitta darsni tushunib olish uchun, Ustoz Elyorbek To`raboyev tomonidan tayyorlangan videodarslik, konspekt va rasmlar bilan ishlash uchun prezentatsiya tashlab beriladi. Va albatta guruh ustozi tomonidan dars davomida tushunmagan yoki ahamiyati katta joylar qaytadan tushuntirib o`tiladi.
Bu ma`lumotlar man uchun juda bir hayratlanarli edi. Uni kitoblar bilan yer bilan osmoncha farqi bor. O`zbekcha kitoblarni 5 marta o`qib ham tushunmagan mavzuingizni, Tibosfera manbalarida bir martada o`qib ham tushunasiz. Eng muhimi man tushunarsiz kitoblar, javobsiz savollardan qutildim.


Manbaalar

Bu ma`lumotlarning barchasi o`zbek, rus, ingliz adabiyotlarining juda ko`pchiligi o`qib chiqilib, Ustoz Elyorbek To`raboyev tomonidan yozilgan.
Tibosferada o`qigan mavzularimizni dars payti gapirib bersak, kursdoshlarim sizlar aytayotgan ma`lumotlar biznining kitoblarda yo`q deyishadi. Hattoki ustozlar bilmaydigan ma`lumotlar ham bor.


Men mavzuni qanday o`qish kerakligini tushunib oldim

Avvallari faqat kitob bilan cheklanib qolar ekanman. Va shunda ham terminlarni yodlab yodlab ketar ekanman. Hozir esa avval berilgan video darslikni ko`rib tushinib olib, keyin konspekt va prezentatsiyadan foydalanib o`qiyman. Siz ijtimoiy tarmoqlarda Tibosferadan boshqa videolar ham ko`p-ku deyishingiz mumkin. Lekin Ustoz tushuntirgan video darsliklari boshidan har bir tuzilmani qanday kelib chiqishigacha, siz uqib olguningizgacha to`liq bayon qilib tushintirilgan.


Dars vaqti

Darslar vaqti sizning boshqa ishlaringizga umuman halal bermaydi. Darslar ertalab 4:30 da boshlanadi. Ertalabdan kayfiyatimiz ko`tarilib guruh bilan birgalikda dars o`tamiz. Tongimni foydali ish bilan boshlayman. Deyarli butun bir kunimda hech qanday o`zgarish bo`lmaydi. Chunki ertalab darslarimni topshirib olgan bo`laman. Insititut darslaridan kelib bemalol barcha ishlarimga ulguradigan bo`ldim.


Moliyaviy jihatdan

Agar siz berilgan topshiriqlarni a`lo darajada o`zlashtirib borsangiz, olimpiadalarda yutib, oylik to`lovlardan ozod qilinasiz. Bundan tashqari guruh bilan birgalikda rejimlarga to`liq amal qilib, imtihonlarni yaxshi topshirsangiz darajali nishonlarni qo`lga kiritasiz va darajaga ko`ra guruhingiz oylik to`lovlardan ozod qilinadi. Siz juda yaxshi o`qisangiz, vazifalarni to`la bajarsingiz bo`ldi, siz bemalol Tibosferada tekin o`qish imkoniyatini qo`lga kiritasiz.


Dars qilish rejimi va uyqu rejimi

Ertalab uyqudan turganimda va uxlashimdan oldin uyqu rejimini yozaman. Bu mani har kungi uyqum norma bo`lishiga yordam berdi. Har bir dars qilishimni belgilab olaman, har bir dars rejimi 40 daqiqadan va bularni ham guruhga yozib boraman. Bu o`sha mashhur “Pomodoro” rejimida dars qilishdir. Buni foydasini aytmasam ham o`zingiz yaxshi bilasiz. Bundan tashqari guruhdoshlaringizning dars qilishlarini ko`rib sizning ham yanada dars qilishga ishtiyoqingiz oshadi.


Badiiy asarlar o`qish

Biz guruhimiz bilan birgalikda kelishib ma`lum bir badiiy asarni tanlab o`qiymiz. Avvalari xuddi darslarim ko`pdek ko`rinar va badiiy asar o`qisam qolgan darslar qolib ketayotgandek edi. Hozir esa ko`p emas, kuniga 5-10 bet bo`lsa ham kitob o`qiymiz. Shunda biz faqat dars qilishdan zerikib qolmaymiz.


Guruh bilan birga ishlash

Ba`zilarga bu yoqmasligi tabiiy, hamma o`zi uchun harakat qilsa bo`ladi-ku degan fikrlar bo`lishi mumkin. Guruh bilan birdek bir pog`onada yurish juda ham qiziqarli, ishtiyoqimizni oshiradi. Birga olg`a harakat qilamiz. Ham har doim o`zim birinchi degan ichki nafsingiz ham yengiladi. Boshqalarga yordam berib ham savobga ega bo`lasiz, ham ilmingizni yanada charxlaysiz. 


Boshqa kurslar bilan solishtirganda biroz narxi balandroq

Hop, endi ko`rib chiqamiz. Tibosferada darslar haftada 6 marta bo`ladi. (Ustozlarga qolsa-ku har kuni qilishadi, ammo talabalar uchun dam kuni yaratishgan nazarimda.) Endi bir kunlik dars haqqini hisoblab ko`ring, qanchadan tushadi. Katta ehtimol bilan bir kunlik tushligingizdan ham arzonroq bo`lsa kerak. Bundan tashqari biz to`layotgan pul Tibosfera kelajagi uchun sarmoyadir.


Boshqa kurslarda ham shu fan o`tiladi

To`g`ri, hamma shu fanni o`tadi. Ammo tartib-qoida har xil. O`zim ham bir oy boshqa fanga qatnashib ko`rganman. Va tanishlarimdan ham eshitganman. Sizga ma`lumot berishadi, ammo talab qilishmaydi. O`zim ham bir ikki darsga kirmaganman va shu bilan bu yog`i ham chala bo`lgan. Tibosferada esa bir kun darsga kirmasangiz ham ustozingiz xabar oladi. Qaysidir joyni yengil o`tib ketgan bo`lsangiz ham ikki bosqichli imtihon uchun tayyorlangan paytingizda baribir o`sha joyni qaytadan o`qishga majbur bo`lasiz.



Uyqudan uyg`onib, uxlaguningacha qilgan darsingni yozasan.

Boshida sizga o`rganishga qiyin bo`lishi mumkin, ammo siz bugungi mavzuni dangasalik qilib o`qimadingiz. Ertangisini albatta o`qigingiz kelmaydi. Shuni oldini olish uchun kunlik nima dars qilganingizni yozib turasiz, nazoratda bo`lasiz. Uyqu rejimi - bu sizni bir kunda normal uxlashingizni va yarim kechagacha ijtimoiy tarmoqlarda “sayohat qilish”ingizni oldini oladi.


Dars har kuni bo`ladi. Kun ora qilib sal ko`proq vazifa bersa ham bo`ladi-ku.

Har kuni qilishning sababi - siz yengil-yengil, toliqib qolmasdan vazifa bajarishingiz va xotira uchun ham foydali. Chunki nimanidir o`rganishga kirishsangiz, ikki uyqu orasida albatta mashq bo`lishi kerak. Buni samarasi juda katta.


O`zing ham til o`rganib bemalol inglizcha, ruschada o`qisang bo`ladi.

Til o`rganish uchun o`rtacha bir-ikki yil vaqtingiz ketadi. Keyin tibbiyotni o`rganaman desangiz sizni majburlab turadigan odam bo`lmaydi. Bular Ustozning 4-5 yillik tinimsiz mehnatlari samarasi. Sizning ham shunday o`qishga hech kimning majburlashisiz irodangiz yeta oladimi? (anig`ini bilmayman) 


Har kuni bir xil hayot tarzi. Faqat o`qiyverasan. Fundamental fanlarni tugatguncha charchab ketasan.

Eng muhimi ham shu charchashda o`zi. Agar yo`l shunchalar oson, yaqin bo`lganida edi, hamma ham siz, biz, butun tibbiyot talabalari orzu qilgan joyga yetib bora olar edi.


Bu yo`lni nafaqat Tibosfera oilasidagilar, balki erkin izlanuvchilar orasida ham faqatgina charchasa ham, shu yo`lda yurayotib hammasidan voz kechgisi kelib tursa ham, yiqilsa ham, qoqilsa ham, o`rnidan turib davom eta oladiganlargina nihoyalay oladi. 

                                                     31.12.2023


Report Page