"Ortga yo‘l": asar, nashr va "Dominant" haqida
Muallif: Muhiddin Nido
"Remark asarlarida hech qaysi g‘oyaga targ‘ibot yo‘q, unda g‘oyasizlik hukmron", degan ayblovlar mavjud. Ha, uning asarlari hech bir g‘oyani to‘laqonli qo‘llab-quvvatlamaydi. Shu bilan birga ba’zi g‘oyalarni keskin rad etadi. Uning yoziqlariga, asarlarining tutumlariga inson va uning kechinmalari asos qilib olinadi. Remarkning romanlari qaysidir g‘oya uchun emas, qadrdon do‘stim Zokirga, uning kursdoshiga, menga yoki sizga ya’ni insoniyatga xizmat qiladi.

Asar haqida:
Remark ushbu asarida yana bir marta insoniyat qanday tuban yo‘llarni, millatlar qanday dahshatli jarliklar yoqalab o‘tganini-yu, bu jarliklarda son-sanoqsiz vakillarini qurbon qilish orqali ko‘prik yasab shu kunlarga o‘tib kelganini barcha darajadagi odamlar uchun tushunarli tilda isbot etadi. Ikkinchi Jahon urushidan keyin ko‘plab xalqlar uchun qonxoʻr o‘laroq namoyon bo‘lgan nemis xalqiga ko‘zguni ichkaridan tutadi. Yuqori darajadagi sanoqli shaxslarning istaklari sababli yoshlar, bo‘z askarlar, dehqonlar, bolalar, onalar... Qisqasi, yozuvchining jonajon nemis xalqi ham qurbon bo‘layotgani, aslida ular ham urushdagi boshqa jabrdiyda xalqlar singari faqat va faqat azob-uqubat yutib uxlayotgani, azob-uqubat yutib uyg‘onayotganini isbotlashga, biz ham sizlardekmiz deyishga tirishadi. Buning uchun borlig‘ini bag‘ishlagani seziladi.
Urushdan qaytayotgan nemis askarlari amerikalik askarlar bilan yuzma-yuz kelganida bu la’nati urushdan hech bir qadrli narsa topishmaganini, harbiy uchun eng qadrli bo‘lgan libosini bir quti sigareta yoki shokoladga alishishga tayyor ekani, ayriboshlashdan yanada sevinganini, bu bilan urush va unga tegishli og‘riqning bir qismidan qutulgandek quvonganini Remarkona tasvirlaydi. Diqqat bilan o‘qib, yetilib kelgan o‘quvchi nemis askarlarining iztiroblarini odam o‘zini o‘zi tushungandek tushunadi. Holbuki, ayni shu epizodda hech qaysi jumla g‘amga, iztirob yoki afsusga bo‘yalmagan. Yozuvchining, qaysidir ma’noda tarjimonning yutug‘i ila ayni shu epizodda quvonch va xursandchilik orqali urush iztiroblari his ettirilgan. Beixtiyor "Tasanno, Remark", deging keladi!
Tasannolarni qo‘shaloqlab o‘qishda davom etganingda esa umuman vaziyatga qarama-qarshi jarayon bilan seni sirpantirib yiqitishadi. Biroz o‘zingni o‘nglab, qayta o‘qiysan-u, Remarkni tushunasan. Ha, u haqiqiy nemis deysan.
"Ko‘ppagimiz uchun ular, buyum-puyumlardan tashqari, bir hovuch tanga ham taklif qilishadi, ammo bu borada bizni yo‘ldan urib bo‘psan — Bo‘ribosarni hech nimaga alishmaymiz."
Har bir millatning o‘ziga xosliklari bo‘ladi. Ba’zi bir narsalar ularning bir bo‘lagi. Biz bilgan asl nemislar uchun it shu qadar qadrli. Bunday narsalar qorin uchun almashilmaydi. Har qalay mening nazdimda shunaqa...
Asarning yana bir epizodi rostdan ham bizni "Ortga yo‘l" olishga majbur etadi. Biroz o‘ylashga, hozir bilan solishtirishga undaydi. Gap shundaki, askarlardan biri uyiga qaytganida, sevikli rafiqasi xiyonat qilganini biladi. Remark bu voqeani, bunga atrofdagilarning munosabatini shunday ta’riflaydiki, odam ichidan muzlab keladi, keladi, kelaveradi. Oxiri tilingiz muzlab bechora askarga bir tayinli maslahat yoki tasalli berishga-da aylanmay qoladi. Kelib chiqqan vaziyatdan hatto o‘quvchi o‘ng‘aysizlanadi, fojeani juda katta masshtabda his etadi. Men esa bir jinsli nikohni inson huquqi, har uch kunda boshqa inson bilan "er-xotin" bo‘lib yashashni erkinlik deyotgan hozirgi Yevropaga nazar tashlayman, keyin yana Remark yozgan o‘sha davrlarga...
Nahotki shunchalik tez o‘zgardi bu qadriyatlar? Nahotki 80-90 yil oldin or-nomus masalasi hisoblangan qadriyatlarning nomi hozir "erkinlik" bo‘lsa? Dahshatga tushaman. Bu fojealar o‘zbek ziyolilari uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. O‘z qadriyatlarini boricha saqlay olmagan millatlar vaqti yetib tanazzulga uchrashi, adoyi-tamom bo‘lishi turgan gap.

Kitob haqida:
Kitob muqovasining o‘zi alohida taqriz yozishga arziydi. Sokin va qonli hayot o‘rtasida, qay biri o‘zi uchun qadrli ekanini bilamay qolgan askar... Askar libosi ichidagi bo‘z yigit.
Kitob uchun zamonaviy va yoqimli shrift tanlangan. Nozik didli o‘quvchiga bu faqat qo‘shimcha rohat beradi. Factor books nashriyotini yaxshi nashr bilan tabriklayman. Ammo yutuqlar bilan aytishga arzigulik kamchiliklar ham yo‘q emas. Eng asosiysi va o‘quvchi uchun eng noqulaylik tug‘diradigan jihati bu kitobning chop etilish uslubi. O‘ninchi betdan uyog‘iga kitobni kuch bilan ochib turishga majbur bo‘lasiz. Shu yoki undan arzonroq narxga ancha qulay bo‘lgan muqovadagi kitobni chop etish mumkin edi. Bu bo‘yicha nashriyot vakiliga o‘z variantimni ham taklif etganman. Bundan tashqari, boshqa kitoblar singari bu kitob ham bir necha imloviy xatolardan holi emas. Men eng jiddiysi deb o‘ylaganimni yozib o‘taman.
Asarda "Bon suar" degan fransuzcha kechki salom askar tilidan yangraydi. Aslida bu so‘zning o‘qilishi ham, yozilishi ham emas. Qanday tushuntirsam ekan, aslida yozuv shaklida ushbu so‘z Bonsoir deb yoziladi. O‘qilishi esa bonsuag‘ bo‘ladi. Fransuz tili bo‘yicha bilimga ega bo‘lmagan askar bu salomlashishni qayerda o‘rgandi? Katta ehtimol bilan jangdagi dushmanlari, fransuzlardan eshitib qolgan. Aytaylik siz fransuz tilini bilmaysiz va sizga bonsuag‘ deb aytsam qanday shaklda yozasiz? Xuddi eshitgandekmi? Yoki Bonsoir debmi?

Demoqchimanki, askar fransuz tilidan xabari bo‘lsa ham, xabari bo‘lmasa ham bonsuag‘ deb aytgan bo‘lar edi. Nashriyot yoki tarjimon taklif etayotgan variant yo'q! Rus tilidan farqli ravishda nemis tilida " g‘ " tovushi borligini inobatga olsak, kitobdagi variant haqiqatdan yiroq ekani yana ham oydinlashgandek bo‘ladi.
Ushbu havoladagi videoni 20 soniyagina ko‘rsangiz, nemis ayoli necha bor " g‘ " tovushini talaffuz qilganining guvohi bo‘lasiz. Bu nemis tilida " g‘ " tovushi yo‘q deguvchilar uchun isbot!
Asarda bunga o‘xshash bir-necha fransuzcha so‘zlar kelgan va hammasida shunga o‘xshash xatoga yo‘l qo‘yilgan.
Zamonaviy va saviyali nashriyot sifatida qisqa vaqt ichida tanilib ulgurgan ushbu jamoadan bunday xatolarga kichkina yoki arzimas deb qaramasliklarini iltimos qilib qolgan bo‘lardim.

Dominant haqida:
Factor booksning bu loyihasida ilk qatnashishim. Menga loyihaning uslubi, jarayonning qizg‘in ekani juda yoqdi. Aynan tanlab olingan bir kitob ustida yoki umumiy kitobxonlik bilan bog‘liq viktorinalar hamda muhokamalar uchun pul mukofotlari, kitoblar sovg‘a qilishganini, imkon qadar kitobxonlikni targ‘ib qilishga urinishini olqishladim!
Xalqdan undirilgan millionlab soliqlar evaziga kun ko‘rayotgan davlat nashriyotlarining nega bunday tashabbuslar bilan chiqmasliklari, o‘z pulimizdan o‘zimiz uchun, o‘zimizni rivojlantirish, kitobxon xalq qilish uchun sarflamasliklari, harakat qilmasliklari odamni jiddiy o‘ylantiradi. Ich-ichidan alamini keltiradi.
Negaki atrofimizdagi yoshlarning eng kamida 50% fikrsiz. Balki fikrlari bor-u gapirolmaydi, aytolmaydi. Aytganlarining aksari ilimiliq. Keskin va kesgir fikrli yoshlari bo‘lmagan millatning ertasi haqida "porloq" so‘zini ishlatgan holda biror gap aytish mushkul. Bu jihatlarni shakllantirishda kitobning o‘rni beqiyos. Bu borada Factor booksdan qadamlari sobit bo‘lishini, oson bo‘lmasa-da to‘xtamasliklarini so‘rayman.
Aziz kitobxonlardan esa ushbu kitobni o‘qishlarini, fikrlarini baralla aytishlarini xohlardim, iltimos qilardim.
O‘z marralariga ildam intilgan holda "Ortga yo‘l"ni ham unutmasliklarini so‘rab qolardim...