O‘qituvchilar o‘rtasida fizika va kimyo fanlaridan Respublika olimpiadasini o‘tkazish YO‘RIQNOMASI

O‘qituvchilar o‘rtasida fizika va kimyo fanlaridan Respublika olimpiadasini o‘tkazish YO‘RIQNOMASI

Fan olimpiadalari markazi Axborot xizmati

 

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Yo‘riqnoma o‘qituvchilar va tashkilotlarda faoliyat yurituvchi mutaxassislar o‘rtasida fizika va kimyo fanlaridan Respublika bosqichi olimpiadasini (keyingi o‘rinlarda olimpiada deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Olimpiadada maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan oliy ma’lumotli, fizika va kimyo fani o‘qituvchilari ixtiyoriy ravishda qatnashishi mumkin.

 

2-bob. Olimpiadaning asosiy maqsadi va vazifalari

3. Olimpiadaning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentyabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-346-son qarori ijrosini ta’minlash;

fizika va kimyo sohalarida ilm-fanni rivojlantirish, ishlab chiqarish va xo‘jalik birlashmalari, ta’lim muassasalari bilan hamkorligini yangi sifat bosqichiga olib chiqish;

jamiyatda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va mehnatini munosib rag‘batlantirish;

o‘qituvchilarning yoshlarga ta’lim va tarbiya berishdagi mas’uliyatini, doimiy kasbiy rivojlanishdagi talabchanligini oshirish.

4. Olimpiadaning vazifalari etib quyidagilar hisoblanadi:

Ta’lim tashkilotlarining fizika va kimyo fani bo‘yicha ilg‘or, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash hamda ulardagi ijodiy qobiliyatlarni, kasbiy mahoratni ruyobga chiqishiga ko‘maklashish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

olimpidada muvaffaqiyatli ishtirok etgan pedagog-o‘qituvchilarni kelgusida kasbiy malakasini oshirish, mahorat darslari tashkil etish, sohadagi va fandagi yangiliklarni ommalashtirish;

hududlarda tashkil qilinadigan olimpiadalarda hakamlar hay’ati a’zoligiga jalb etish, nazorat materiallarini tuzish, o‘quv-metodik materiallarni ekspertiza qilish kabi ishlarni amalga oshirish orqali ta’lim muassasalarida fizika va kimyo fanlarining sifatli o‘qitilishini ta’minlashda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

fizika va kimyo fanlarining malakali mutaxassislari bo‘lgan

pedagog-o‘qituvchilar faoliyati va yutuqlarini jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish.

 

3-bob. Olimpiadani o‘tkazish tartibi

5.      Olimpiada davlat va nodavlat ta’lim muassasalari va tashkilotlarda kimyo va fizika fanlariga qiziquvchi mutaxassislar o‘rtasida o‘tkaziladi. Ishtirok etish istagini bildirgan talabgorlar Fan olimpiadalari markazi tomonidan taqdim etilgan elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

6.      Fizika va kimyo fani o‘qituvchilari olimpiadasi hududiy (viloyat) va Respublika bosqichlaridan iborat bo‘lib, har yili o‘tkaziladi.

Fan yo‘nalishlari bo‘yicha talabgorlar soni oshib ketgan taqdirda hududlarga (tuman miqyosida) aynan shu fan yo‘nalishlarida olimpiadaning saralash bosqichini tashkil qilishga ruxsat etiladi.

Bunda, hududiy bosqichda ishtirok etadigan talabgorlar sonidan kelib chiqib, olimpiadaning hududiy saralash bosqichini o‘tkazish Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi.

7.      Olimpiadaning birinchi bosqichi hududlarda 2025-yil fevral oyida, ikkinchi Respublika bosqichi 2025-yilning mart oyida tashkil qilinadi. Olimpiadani o‘tkazish mas’uliyati hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi zimmasiga yuklanadi.

8.      Olimpiadaning nazorat materiallari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yuqori malakali amaliyotchi o‘qituvchilar jalb etiladi va maxfiyligi ta’minlangan holda ishlab chiqiladi hamda olimpiada jarayonlarida qo‘llaniladi.

Hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari va mahalliy hokimliklar, homiy tashkilotlar takliflariga muvofiq olimpiadaning Respublika bosqichi hududlarda tashkil etilishi mumkin.

9.      Olimpiadaning hududiy bosqichi test sinovlari shaklida tashkil qilinadi.

Test sinovlarida o‘qituvchilarga 40 ta test topshiriqlari taqdim qilinadi, uni bajarish uchun 2,5 soat (150 daqiqa) vaqt ajratiladi.

Test topshiriqlarining dastlabki 10 tasi sodda darajasidagi yopiq (A, B, C, D javob variantlaridan tanlanadi) test bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 1,6 ball, keyingi 15 tasi o‘rta qiyinlik darajasidagi yopiq (A, B, C, D javob variantlaridan tanlanadi) test bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 2,5 ball, qolgan 15 tasi ochiq (javobi yoziladigan) test bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 3,1 ball bilan baholanadi, jami 100 ball (10*1,6+15*2,5+15*3,1=100).

Test natijalariga ko‘ra, har bir fan kesimida ishtirokchilar orasidan ballar ketma-ketligida 5 nafar g‘olib (1-, 2-, 3-, 4-, 5-o‘rinlar) aniqlanadi va hakamlar hay’ati qarori asosida tashkiliy qo‘mita tomonidan respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.

Test natijalariga ko‘ra, g‘olib o‘rinlar uchun bir nechta ishtirokchilarning ballari teng bo‘lgan taqdirda, berilgan test topshiriqlarining yuqori ball beriladigan qismi bo‘yicha ko‘p ball to‘plagan o‘qituvchi ustunlikka ega bo‘ladi (ya’ni, uchinchi 15 likdan (26-40 savollar) yuqori ball to‘plagan nomzod ustunlikka ega bo‘ladi. Agar u ham teng bo‘lsa, ikkinchi 15 likdan (11-25 savollar) tahlil qilinadi).

Har bir qism bo‘yicha ham ballar teng bo‘lgan taqdirda o‘qituvchilarga hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha 3 ta ochiq test (javobi yoziladigan) beriladi va g‘olib aniqlanadi.

10. Birinchi (hududiy) bosqich natijalariga ko‘ra g‘oliblarga turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom topshiriladi va viloyat hokimligi hamda hududiy boshqarmalar tashabbusi bilan esdalik sovg‘alari ham berilishi mumkin.

11. Kasalligi yoki boshqa sababga ko‘ra respublika bosqichida ishtirok eta olmaydigan o‘qituvchi o‘rniga hududiy bosqich reytingiga ko‘ra navbatdagi nomzod bilan almashtirilishi mumkin.

12. Hududlardagi ta’lim muassasalar, olimpiadada ishtirok etish istagini bildirgan o‘qituvchilar sonidan kelib chiqqan holda olimpiada samaradorligini oshirish, jarayonlarni sifatli va tartibli tashkil etish maqsadida fanlar kesimida olimpiadalarni alohida - alohida kunlarda tashkil etilishi mumkin.

13. Olimpiadaning Respublika bosqichi 2 turda (yozma ish va laboratoriya) tashkil qilinadi.

Birinchi turda ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 5 ta yozma ish topshiriqlari (8, 8, 10, 10 va 14 balli topshiriqlar, jami 50 ball bilan baholanadi)ni bajarish uchun 180 daqiqa vaqt ajratiladi.

Ikkinchi turda ishtirokchilarga laboratoriya ishini bajarish uchun topshiriq beriladi. Laboratotiya ishi 30 ball bilan baholanadi, bajarish uchun 2 soat (120 daqiqa) vaqt ajratiladi.

Ishtirokchilar ikki tur bo‘yicha jami 80 ball bilan baholanadi.

14. Tashkiliy qo‘mita tomonidan olimpiada jarayonlarining shaffof, adolatli va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jarayonlarni onlayn kuzatib borish uchun shart-sharoitlar yaratiladi hamda ishtirokchi o‘qituvchilarning bajargan ishlari, nazorat materiallari va javoblar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib boriladi.

15. Barcha hududlardagi g‘oliblarning ism shariflari va ballari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining https://www.uzedu.uz/ saytida, telegram https://t.me/uzedu kanalida qatnashchilarning “shifrlangan nomlari” hamda ularning ikkinchi bosqich ishtirokchilari e’lon qilinadi.

16. Birinchi bosqichda hududiy boshqarmalar, ikkinchi bosqichda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi tomonidan Tashkiliy qo‘mita shakllantiriladi va tasdiqlanadi.

17. Tashkiliy qo‘mita olimpiadani tashkil qilish va o‘tkazishda yagona

ilmiy-uslubiy yondashuvni ta’minlaydi, hakamlar hay’ati tarkibini shakllantiradi va tasdiqlaydi.

18. Olimpidaning birinchi va ikkinchi bosqichida ishtirokchilar bajargan ishlariga hakamlar hay’ati tomonidan qo‘yilgan ballarga izoh yoki tushuntirishlar berilishi mumkin.

4-bob. Hakamlar hay’ati

19. Hakamlar hay’ati tarkibiga oliy o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqot institutlarining malakali mutaxassislari, tadqiqotchi, yetakchi amaliyotchi, tajribali professor o‘qituvchilari hamda yuqori natijalarga erishgan pedagog o‘qituvchilar kiritiladi.

20. Olimpiadada ishtirok etayotgan pedagoglar hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilmaydi.

21. Hakamlar hay’atiga o‘qituvchilarning yozma ish va test javoblari varaqalari shifrlangan holda taqdim etiladi.

22. Hakamlar hay’ati o‘qituvchilarning ishlarini tekshirishdan oldin, tashkiliy qo‘mita tomonidan taqdim etilgan topshiriqlar va test savollalari hamda javoblarini (test javoblari kalitlarini) o‘qib chiqib, ekspertiza, ya’ni mazmunan va ilmiy jihatdan to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi. Ushbu ekspertiza jarayonida apellatsiya komissiyasi a’zosi ham qatnashadi.

23. Apellatsiya komissiyasi har bir fan kesimida bir yoki uch kishidan iborat bo‘lishi mumkin.

24. Hakamlar hay’ati biror bir yozma yoki test topshirig‘ida xatolik bor deb hisoblasa, dalolatnoma asosida shu yozma ish yoki test topshirig‘i bo‘yicha barcha ishtirokchilarga tegishli ballar qo‘shib berilishi yuzasidan qaror qabul qilishi mumkin.

4-bob. Apellatsiya komissiyasi

25. Ishtirokchilarning test javoblari varag‘ida bitta savolga ikki va undan ortiq javoblar to‘g‘ri deb belgilangan yoki bo‘yalgan holatda bo‘lsa, hech qaysi javob inobatga olinmaydi va ushbu savolning javobi uchun 0 ball qo‘yiladi.

26. Hakamlar hay’ati tomonidan o‘qituvchilarning bajargan ishlari tekshirilayotgan paytda, tashkiliy qo‘mita tomonidan topshiriqlarning to‘g‘ri javoblari va yechimlari e’lon qilinadi.

27. Hakamlar hay’ati barcha o‘qituvchilarning ishlarini tekshirib bo‘lgandan so‘ng, ballarni EXCEL dasturiga kiritadi hamda auditoriyaga yig‘ilgan ishtirokchilarga o‘z ishlari baholangan holatda tanishishlari uchun taqdim yetiladi. Ishtirokchilarning auditoriyadagi harakatlari (o‘z ishlarini o‘zgartirib qo‘yishi, javoblar varag‘ini qaytarib topshirmasligi oldi olinishi kerak) qat’iy nazoratga olinadi.

28. Ishtirokchilar o‘z ishlarini hakamlar hay’ati tomonidan to‘g‘ri va adolatli tekshirilganligiga ishonch hosil qilsalar, uni qaytarib hakamlar hay’atiga topshiradilar.

29. Agar ishtirokchilar hakamlar hay’ati baholagan ishlariga e’tiroz bildirsalar, ularga hakamlar hay’ati tomonidan shu savol bo‘yicha tushuncha berilishi kerak.

30. Ishtirokchi topshiriqlarni baholash yuzasidan hakamlar hay’ati tomonidan berilgan tushuntirishlarga qoniqmagan taqdirda, shu xonadan chiqmay turib apellasiya komissiyasiga ariza berishi lozim.

31. Apellatsiya komissiyasi arizada aynan ko‘rsatib o‘tilgan topshiriq(lar)ni qayta ko‘rib chiqadi va o‘zining yozma xulosasini beradi. Apellatsiya komissiyasi xulosasi yuzasidan ishtirokchiga tushuntirishlar berishga majbur emas.

32. Barcha ishtirokchilarning ishlari qayta yig‘ib olingandan so‘ng, ballar o‘zgargan holatlar mavjud bo‘lsa, shu asosida yakuniy qaror shakllantiriladi va barchaga e’lon qilinadi.

33. Hakamlar hay’ati tomonidan bajarilgan ishlar baholash mezoniga muvofiq adolatli baholanadi, o‘qituvchilarning egallagan ballari umumlashtiriladi va yakuniy dalolatnoma tasdiqlangan holda tashkiliy qo‘mitaga topshiriladi.

 

5-bob. Olimpiada g‘oliblarini taqdirlash

34. Respublika bosqichi natijalariga ko‘ra sovrinli (1-,2-,3-o‘rin) o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga Vazirlikning diplomi hamda kuchli beshtalikdan joy olgan jami 10 nafar (5 nafar fizika va 5 nafar kimyo fanidan) o‘qituvchilar vazirlikning estalik sovg‘asi bilan taqdirlanadi.

35. Olimpiadada yuqori natija ko‘rsatgan 20 nafar (10 nafar fizika va 10 nafar kimyo fanidan) o‘qituvchi-mutaxassislar Fan olimpiadalari markazining Fan kengashi a’zoligi sertifikatiga ega bo‘ladi.


Report Page