Online tanlovni tashkil etish tartibi to'g'risidagi NIZOM

Online tanlovni tashkil etish tartibi to'g'risidagi NIZOM


October 21, 2021

“Bolalarga bering dunyoni” shiori ostida onlayn tanlovni

tashkil etish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

 

I.   Umumiy qoidalar

 

1. Mazkur Nizom “20-noyabr Butun jahon bolalar kuni”ga bag‘ishlangan onlayn tanlovini (keyingi o‘rinlarda tanlov deb ataladi) tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu tanlov onlayn tarzda “Bolalarga bering dunyoni” shiori ostida o‘tkaziladi.

3. Tanlov Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

 

II.    Tanlovning maqsadi va vazifalari

 

4. O‘quvchi-yoshlar o‘rtasida huquqiy bilimdonlikni kuchaytirish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish, ijodiy salohiyatlarini, vatanparvarlik tuyg‘ularini, ular qalbida yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish;

5. Yurtimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni huquqiy jamiyatga hurmat ruhida tarbiyalash va faxr tuyg‘usini shakllantirish, mustaqil va erkin fikrlovchi, qat’iy pozitsiyaga ega bo‘lgan yuksak bilimli, intellektual salohiyatli, mustaqillik tamoyillariga sodiq, jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash va yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini yosh avlod ongiga chuqur singdirish.

 

III.     Tanlov yo‘nalishlari va materiallarga qo‘yilgan talablar

 

6. Tanlovda 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekistonning barcha o‘quvchi yoshlari ishtirok etishlari mumkin.

7. Tanlov quyidagi 2 ta yo‘nalishda tashkil etiladi:

-      Eng ta’sirli tayyorlangan “Bola huquqlari”ga oid videorolik (videorolik vizual va ovozli effektlar, jonli yoki animatsion tasvirlar asosida yaratilgan hamda bolalarning huquq va manfaatlarini ifoda etishga, ularni hurmat qilishga, tegishli huquqlarni himoya qilishga targ‘ib etishi zarur);

-      Eng ma’noli chizilgan “Bola huquqlari”ga oid rasm (rasm rassomchilik uslublari va qoidalari asosida chizilgan, bolalarning huquq va manfaatlarini ifoda etishga, ularni hurmat qilishga, tegishli huquqlarni himoya qilishga targ‘ib etishi zarur). 

 

IV. Materiallarni qabul qilish va baholash

 

8. Tanlovga materiallar: video – mp4, rasm – jpeg formatlarida qabul qilinadi.

9. Tanlovda ishtirok etish uchun materiallar 2021 yil 25-oktabrdan boshlab 15-noyabrga qadar telegram orqali belgilangan formatda material muallifining F.I.Sh., hududi, tumani, maktabi, sinfi va telefon raqamini ko‘rsatgan holda @tmnn0 telegram manziliga yuborilishi zarur.

10. Tanlovga kelib tushgan materiallar bolalarning huquq va manfaatlarini ifoda etishga, ularni hurmat qilishga, tegishli huquqlarni himoya qilishga targ‘ib etishi nuqtai nazaridan, ijodiy yondoshilganlik, g‘oyaviy serqirralik, ma’no va mazmundorlik, bolalarga xoslik mezonlariga asosan ko‘rib chiqiladi.

 

V. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash

 

11. Tanlov g‘oliblari Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabining diplomlari hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.

Ishtirokchilar har bir yo‘nalishda quyidagi tartibda taqdirlanadi.

1 ta - I o‘rin;

1 ta - II o‘rin;

1 ta - III o‘rin.

Shuningdek, har bir hududdan bir nafardan eng faol ishtirokchilar sertifikat bilan rag‘batlantiriladi.

 

VI. Yakuniy qoidalar

 

12. Hakamlar hay’atining qarorlari, ekspert xulosalari asosida bo‘lishini inobatga olib, qayta ko‘rib chiqilmaydi. Tanlovga materiallar ishtirokchilarning o‘zlari tomonidan yuborilishi lozim.


Report Page