Onamga maktub

Onamga maktub



Ona, o'ylab qarasam, siz haqingizda sira yozmagan ekanman. Garchi nega dadang haqida yozasan-u men haqimda sira yozmaysan deb gina qilganingizda ham, qaysarligim tutibmi, yoki sirlarim oshkor bo'lishidan qo'rqibmi siz haqingizda yozmaganman. Chunki, mening sirlarim, yana ham aniqrog'i iztiroblarim siz bilan bog'liq. Yuragimga sanchilgan har bitta igna sizning og'riqlaringiz, sizning dardlaringizdir. Men ularni sizdan meros qilib olganman. Yillar davomida sizning yuragingizdan bitta bitta sug'urib, o'z ko'ksimga qadaganman. Siz esa sezmagansiz hatto, chunki u ignalar shunchalar ko'pki, yuragingizga sanchilib yotgan ignalar soni shu qadarki to umrim oxirigacha sug'urib ulgurmaymanmi deb qo'rqaman.

Ona, meni dunyoga keltirguningizgacha sira kasal bo'lmagansiz, deb o'ylayman. Chunki menga homilador paytingiz juda sog'lom bo'lganingizni  aytasiz. Har qalay, bel og'rigi, buyrak shamollashi, kamqonlik kabi yelim kasalliklaringiz bo'lmagan. Barini meni dunyoga keltirayotgan paytingiz orttirib olgansiz. Do'xtirlarning e'tiborsizligi sabab deyman, meni tuqqaningizdan keyin boshingiz kasaldan chiqmay qolgan. Gohi shularni o'ylab, o'zimdan xafa bo'lib ketaman. "Onam men uchun bor boyligi, sog'lig'idan, chiroyidan ayrilsa-yu, men devona bu dunyoda faqat o'zim uchun yashasam, onam uchun nima qildim, nimamni qurbon qila oldim?" Javob yo'q. Chunki berganim aziyat-u qiyinchilik, xavotir-u xafachilik...

 Gohi onam o'zi telefon qilmagunicha, mendan darak bo'lmaydi, chunki men onam tugul o'zimni unutib qo'ygan bo'laman. Nima qilay, Xudo shunday yaratgan bo'lsa? Kayfiyat odami qilib qo'ygan bo'lsa. Kayfiyatim yomon bo'lsa ham kulishni, ona men yaxshiman deya olishni, yolg'on gapirishni endi-endi o'rganyapman. Endi aqlim kiryapti chog'i.

Onam qo'ng'iroqlariga javob bermay yurganlarim, biron nima so'rasa, og'rinibgina javob berganlarim, kayfiyatim yo'qligini pesh qilganlarim xayolimdan o'tadi. Uyalib ketaman. Qanday farzand bo'ldim-a?! Tug'ilmasam yaxshimidi, deb o'ylayman. Biroq onam har borganimda kichkinagina yutuqlarimni esga olib, tadbirlarda berilgan bir parcha qog'ozlarni ko'rsatib suyunadi. Qanday bo'lganini nuqta verguligacha aytib beradi. Kitoblarimni maqtab-maqtab charchamaydi.  

Lekin men har gal onam ko'zlariga boqib butunlay boshqa narsani o'ylayman. Yangigina bo'shangan ayol, palatada joy yo'qligi uchun koridorda yotqizib qo'yishgani, har eshik ochilganida belingizga guvillab urilgan aprel sovug'i, ustingizga tashlangan yupqa adyol, keyin esa palataga olib kirib qo'yib butkul unutishgani, qon ketib yotganingizda to farrosh xotin kelib, karavot tagini artish asnosida egilmagunicha, alvon rangga belangan pol va hamon chakillab tomayotgan qon.

 – Axir qanday qilib shunchalik bee'tibor bo'lish mumkin? Dadam, dadam qayerda edi, – so'rayman yuragim uvushib.

 – Dadang hursand, qizli bo'lganini yuvish uchun do'stlarining yoniga ketgandi.

 – Bir mehriboningiz bo'lmagan ekanda?!

 – Ha sen kabi mehribonim bo'lmagan, - kulasiz.

Kulishga qanday kuch topasiz, ona? Jismu joningiz mudom og'rib tursa-yu, bu og'riqlar bir zum o'z holingizga qo'ymagan chog'da ham kulishga qanday kuch topasiz, ona? Men gohi bolalarimga bir shirin so'z aytishga kuch topolmayman, xarxashalari jondan o'tib ketsa, darrovda baqirishga tushaman. Men yomon onamanmi yoki siz ham menday paytingiz shunday bo'lganmisiz? Ona men gohi hech qayerim og'rimasa ham yashashga kuch topolmay qolaman. Charchab ketaman, bu hayotdan. Men siz kabi qiyinchilik ko'rmagan bo'lsam-da, zorlanib qo'yaman. Xudodan xafa bo'lib ketaman. Shu dam birnimani sezganday telefon qilasiz, Xudo ko'nglingizga solganday, shukronalik darsini o'ta boshlaysiz. O'ylab ko'rsam, men sizdan kuch olarkanman, menga mudom kuch berarkansiz, ona.

Bolaligimda xarxashalarim bisyor, erkaligim serob qiz bo'lganimni bilaman. Juda qaysar edim, hali hanuz shunaqaman. Hamisha ergashardim, esingizdami, qayerga bormang, etagingizni qo'yib yubormasdim. Bora-bora odat bo'lib qolayotgani uchunmi, yoki o'n yashar qizni hadeb ergashtirib yurish joningizga tekkanmi, bir gal olib ketmayman deganingizda ovozimni baralla qo'yib dodlaganim, yerga yotib yig'laganim esimda. O'shanda jahlingiz chiqib, bir ikki turtganingiz, siltaganingiz va bu menga juda qattiq ta’sir qilgani, hatto xafa bo'lib, meni birga olib ketmaganingiz uchun  Xudodan o'zimga o'lim tilaganim, va oqibati ertasi kuniyoq avariya bo'lganimni shunchaki tasodif deb bo'larmikan? O'shanda ortiq hech kimga kerak emasdek his qilganman o'zimni, nima deb niyat qilganim, aniq yodimda yo’q. Lekin jinni bo'lgan ekanman va bu tentakligim sizga qancha qimmat tushganini bilib, hali hanuz o'zimni kechirolmayman.

Ranimatsiya eshigida xushdan ketib yiqilganingiz, endi bolam o'lib qoladi, bolam o'lib qoladi, deb devonalarcha bir so'zni takrorlab yig'laganingizni ko'z oldimga keltirgan mahal, bu og'riqlarga chidab bo'lmay qoladi. Afsus ichimni kemiradi. Xatolarga to'la bu hayotda yashagim kelmay qoladi. Xatolar bilan yashash buncha qiyin-a? Ona, oshanda beton asfaltda tonggacha mijja qoqmay, Xudodan menga umr tilab chiqqaningizni o'ylasam o'zimni yomon ko'rib ketaman. Men o'sha umr, siz Xudodan so'rab olgan umrni oqlay oldimmikan?

Ona, eslaysizmi, o'shanda menga xonadosh bo'lib kelgan ayolni. Butun tanasi momataloq bo'lib ketgan, sog' joyi qolmagandi. Erining qarindoshlari urganini militsiyaga aytib berayotgan payt, men ilk bor o'shanda ayol bo'lish shu qadar qiyin ekanini tushunganman. Ayol umri turli dovonlardan iborat ekani, har qanday qiyinchilik, har qanday og'irlikka qaramay, olg'a borishi kerak ekan. Chidashi kerak ekan. Menga bu voqea ilk saboq bergan. Va o'ylaganman, har ayol shu kabi dovonlardan o'tadimi? Siz ham shunday qiyinchiliklardan o'tganmisiz, ona? Chidaganmisiz? Uksus ichib qo'yib, qon qusgan yoshgina juvon reanimatsiyada vafot etgani haqida pichir-pichir qilishganida siz ham xotinlarga nimalarnidir kuyib-pishib aytib bergansiz. Demak, chidagansiz! Va shu tariqa olg'a borgansiz.

 Ona, men sizni bolaligimda gul deb tasavvur qilardim, chunki atrofingiz to'la gul edi. Hovlining har yeriga gul ekib tashlagandingiz, bo'sh tuvak bo'lmasdi, hammasi gul bo'lardi. Sizning qo'lingiz tekkan har gul gullab-yashnab ketardi. Har bahor ko'chamiz, ariq bo'yi har turli gullar bilan to'lardi. Atirgul kabi o’zingiz ham gohi chaman ochilardingiz, gohida nomozshomgul kabi yopilib olardingiz. Men bunga nima sabab bo'lishini bilolmasdim. Ehtimol, ota-onangizdan juda erta ayrilganingiz sabab, ularni qo'msab, yig'lagansiz, yoki shunchaki kimgadir suyanishni istagansiz. Chunki dadam hamisha kitoblari ichida yashagan. Har har zamon hayotimizga qaytardilar-u biroq bu juda oz fursat davom etardi. So'ng yana kitoblari ichiga sho'ng'ib ketardi.

Siz dadamni sira tushunmasdingiz, dadam esa sizni. Bir-biringizga begonaday edingiz go'yo. Ba'zida esa aksi bo'lardi. Rosti bu holat men uchun bir tenglamadek gap edi. Sira tushunolmasdim. Gohi dadamning o'z-o'zidan jahli chiqib ketishlari, gohida sizning yig'lab-siqtashlaringiz. Men agar turmush qursam, hech qachon janjallashmayman derdi opam, o'z-o'ziga va'da berganday. Er va xotin o'rtasida parda bo'ladi, har urushganingda bittadan yirtilib boraveradi, derdingiz nasihat qilib. Turmush qurib shuni tushundimki, to'g'ri aytgan ekansiz, janjallardan foyda yo'q ekan. Bir tutamgina umrni, har o'tgan kunni, har lahzani qadriga yetib yashash kerak ekan. Yo'qsa, boridan ham ayrilasan ekan.

Siz bolaligingiz haqida afsus bilan eslardingiz, qiyin o'tganini, to'rtta mol, butun kun o't o'rish, o't tashish bilan o'tgan umringizga achinib qo'yardingiz. Butun umr talaba bo'lishni orzu qilganingizni aytardingiz. Agar menga ham imkoniyat berilganida edi, derdingiz xo'rsinib. Bu xo'rsiniq ortida qanchadan qancha o'zbek ayollarining orzu armonlari poymol bo'lganini, kurtak yozmasidan sindirib tashlanganini men bilardim, ona.

– Birgina misol, – derdingiz kuyunib, – opamni ovozi juda go’zal edi, juda chiroyli qo'shiq aytardi, mashhur qo'shiqchi bo'lmoqchi edi, onam uyga qamab qo'yib, xujjatlarini bermagan.

Shu gapni aytganingizdayoq tushunganman, o'sha davr qonun-qoidalarini.

– Bechora opam butun umr armon bilan o'tdi. U ham yetmaganidek, eri uylanguncha indamay, uylangach, bolalar tug'ilgach, men ota yurtimga qaytaman, deb olib ketib qolganida buvim bechora yig'lab adoyi tamom bo'lgan edi. Chunki, u paytlar qizlar qishlog'idan chiqmasdi.

Men esa ko'proq xolamni o'ylayman. Biror tanishi yo'q, g'irt begona yurtda xolam bechora qanday yashadi ekan? Begona yurtda el bo'lolmaganini, mehrga zor, bir mehribonga mushtoq, hayoti faqat qiyinchilikda o'tganini bot bot aytib qolardingiz. Ayol bo'lish buncha qiyin-a? Qayerda bo'lma, qayerda yashama ayol bo'lish birdayin qiyin. Nega o'shanda onalar qizlarining orzu havasiga bunchalar bee'tiborlik qilishgan ekan-a? Onalar bunchalar beshavqat bo'lgan ekan-a, o'ylaganman. Farzandlarini bir umrlik quduqqa tashlashga, turmush degan yukni yelkasiga ortishga buncha shoshilmasa, deganman.

Keyinroq tushundim. Chunki ular boshqacha hayotni xayoliga ham keltirmagan, boshqacha bo'lishi tasavvurlariga sig'magan. Qiz ulg'ayib turmush qurishi kerak, bosh egib yashashi, bola tug'ib so'ng shularni ulg'aytirishi kerak. Vazifasi shugina, xolos. Shuni uchundir balki Koreyaga o'qishga ketayotganimda mayusgina jilmayib qolgansiz. Bu jilmayish ortida katta tavakkal, ertaga qizim qanday turmush quradi degan hadik bo'lsa ajab emas. Chunki o'sha paytlar chetga chiqqan qizlarni yaxshi deb o'ylashmas edi. Lekin hayot faqat turmush emasligini, bu hayotda turmush qurmasdan turib baxtli bo'lish mumkinligini keyinroq tushundim. Lekin bosib o'tgan yo'limdan sira afsuslanmayman. Ikki qanotim ostida ulg'ayotgan bolalarim borligi uchun quvonaman, ba'zan. Lekin bu kunlarga yetib kelgunimcha oson bo'lmaganini bir o'zim bilaman. Turmushning mushtlariga chap berib qanchasiga ko'kragimni qalqon qilishimga to'g'ri kelganimni siz bilmaysiz, ona. Siz siqilmasin deb aytmaganlarim aytganlarimdan ko'proq.

Ona, men bir voqea uchun  hali hanuz o'zimni kechirolmayman. Yakuni boshqacha bo’lishi mumkinligi haqida o'ylab, hatto eslashga qo'rqaman. Men uzoq yurtdaligimda kasalxonaga tushib esdan ayrilar holga kelganingizda, hech kimni tanimay hatto opamlarga kimsiz deb, faqat meni so'raganingizda men qayerda edim? Meni qizim uzoqda, hali keladi deb har kirgan shifokorga dardi hol aytganingizda nega men sizga bir bor telefon qilmadim ekan? Yo'q, qilmadim emas, qildim, dadam uzoq yurtda xavotir olmasin deb, onang qo'shninikiga kirib ketgan dedi bir gal. Bir gal opam qishloqda to'y dedi, onam to'yga ketgan. Kelib nima qilib bera olardi, deyishgan ehtimol. Shu bilan men devona o'z tashvishlarim bilan ovunganman. O'zim bilan o'zim ovora edim. O'ylab qarasam umrim shu bilan o'tibdi. Hali hamon o'zim bilan o'zim yashab o'tmoqdaman. Gohi sizdan xabar olishga vaqt topaman, gohida yo'q.

Ona, o'ylab qarasam, shu choqqacha sizga bir so’zni hech aytmagan ekanman. Qaysarligim sabab bo'lsa kerak. Yo aytmasam ham biladi-ku deb o’ylaganmikanman? Shu xat bahona aytib olay. Sizni juda yaxshi ko’raman, ona. Borligingiz mening eng katta baxtim. Meni yozuvchi qilgan sizning dardlaringiz, sizning iztiroblaringiz, aslida. Kitoblarim, har bitta hikoyam yuragingizdan sug’urib olib o'z ko’ksimga qadaganim ignalar sabab dunyoda kelgan. Ularni men emas, siz yozgansiz, asli. Ayol dardi tugamaydi, yozsa kitoblarga sig'maydi, ona.

 

Raxshona Ahmedova

18/03/2024

 

Report Page