Ona tilimizga e'tibor: korzinka.uz misolida

Ona tilimizga e'tibor: korzinka.uz misolida

Zafar Hoshimov

korzinka.uz supermarketlar tarmogʻi faoliyatining barcha boʻgʻinlarida oʻzbek tili salmoqli va munosib o'ringa ega. Tarmoq mana bir necha yildirki rasmiy sayti (3 tilda), ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, tashqi va ichki reklama, tashuvchi vositalarini oʻzbek va rus tillarida yuritadi (suratlar dalil tarzida keltirilgan). Bundan tashqari xaridorlarimizga maksimal qulaylik yaratish maqsadida avval ikki tilda yuritilgan Telegram kanalimiz tarkibidan alohida oʻzbek tilidagi kanal yoʻlga qoʻyildi (10.09.2019 holatiga koʻra 2809 nafar obunachisi bor).

Keling, shu oʻrinda tarmoqda ona tilimizda yuritiladigan platformalarni sanab chiqsak. Bular:

1. Tarmoqning ish hujjatlari;

2. Tashqi va ichki reklama vositalari: bannerlar, doʻkon ichidagi turli shakldagi reklama e’lonlari (A3, A4, A5);

3. Xarid chekidagi ma’lumotlar (10 yildan buyon oʻzbek va rus tillarida);

4. Doʻkonlarning jihozlanishida ishlatiladigan har qanday ma’lumot tashuvchi vositalar;

5. Rasmiy sayt;

6. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar;

7. korzinka.uz xaridor kartasi uchun yaratilgan Telegram bot xizmati;

8. Korxona texnika-transport vositalari;

Shuning uchun ham korxonamizni yoki shaxsan meni tilimizga e’tiborsizlikda ayblovchilarning fikrini qat’iyan rad etaman va bu kabi fikrlarni noxolis hamda adolatsiz, deb bilaman.

Yuz bergan holatda faoliyatimizga bu kabi axborot xurujini uyushtirganlarda, albatta, do'konlarimizda tilimiz targ'iboti kengligini bilishga imkoniyat bo'lgan, lekin ona tilimizda yozilgan barcha reklama, e’lon va bannerlarni emas, faqat narxnomalarnigina suratga tushirib, korzinka.uz narxnomalarida birorta o'zbek tilida yozuv ko'rmadik, ular tilga behurmat, deb nohaq umumlashtirishgan.

Keling endi xuddi ana shu narxnomalar haqida gaplashaylik.

Oʻzbekistonda Germaniyaning eng ilg'or SAP boshqarish, nazorat va hisobot axborot tizimini joriy etgan ilk korxona korzinka.uz sanaladi. Dunyodagi ko'pgina katta va o'rta tarmoq, korxonalar ayni shu dasturdan o'z faoliyatini tizimli tashkillashtirishda foydalanishadi.

Bu tizim korxonamizda 2011-yilda o'rnatilgan va korxonaning barcha savdo hamda xo'jalik faoliyatini o'z ichiga qamrab oladi. Tizimning muayyan qismi mahsulotlar, ularning nomlanishi, harakatini boshqarish, narxlari, o'lchov birliklari, yaroqlilik muddatlari va boshqa qator jihatlarining ustidan ish yuritadi va nazorat qiladi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bo'lgan qizg'in munozaralarda ko'pchilik izoh qoldirgan vatandoshlarimiz bizga narxnomalarni shunchaki o'zbek tiliga o'girish nahotki qiyin bo'lsa, qabilida savol berishdi. Savol sodda va to'gri qo'yilgan bo'lsada, lekin uning javobi u qadar oson emas. Ishchi axborot bazamizda mahsulotlar nomlari tuzilmasi aslo sodda bir yozuv emas.

Har bir mahsulot nomi bu muayyan murakkab yig'ilma. Masalan, bizda «Растворимый Кофе Nestle Nescafé Gold 250 g” deb yuritiladigan qahvani olaylik. Axborot bazamizda maxsulot ko'p pog'onali ketma-ketlikda joylashadi. Ya’ni “Ichimliklar-qaynoq ichimliklar-qahvalar-eruvchan qahvalar-ishlab chiqaruvchi Nestle-brend Nescafé-qadog'i 250 gramm-narxi falon so'm”, degan yozuv asosida joylashgan. Biz tizimdan narxnoma chiqarganimizda narxnoma keltirilgan yozuvdan faqat ba’zi ko'rsatkichlarni olib, yuqorida qayd etilganidek joylaydi.

Biz SAP tizimini sotib olib o'rnatganimizda, bu tizimda dastur yozuvchi nafaqat mahalliy korxona, balki birorta bir o'zbek tilini biladigan dasturchi yo'q edi. Dastur uchun o'zbek tiliga o'girilgan birorta munosib-mutanosib dastur hozirda mavjud emas. Shuning uchun biz o'shanda dasturni o'rnatishni Rossiyada joylashgan kompaniyaga topshirdik. Tabiiyki ular dasurni faqat rus tilida o'rnatishdi.

Narxnomalarni korxonamiz murakkab va rus tilida bitilgan tizim ichidan emas, shunchaki, har birini tarjima qilib, printerdan tizimsiz chiqarsa bo'lmaydimi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Lekin bunga ham javob qoniqarli bo'lishiga shubham bor. Sababi, bizning ellikka yaqin do'konlarimizda o'ttiz mingdan ortiq mahsulot turlari bazasidan har bir narxnomani chiqarib chop etish aytishga oson, lekin bajarilishi imkoniyatsiz vazifaga aylanadi. U nafaqat tizimni buzuvchi katta xatolarga olib keladi, balki hech qanday ishchi kuchi bilan buning uddasidan chiqishning iloji yo'q.

Xo'sh, biz kompaniya sifatida bu masala yechimi sari qanday qadamlar qo'yganmiz va qo'ymoqdamiz?

Ayni shu holda bizda SAP o'rnatilgan ilk kunlardan beri dastur tilini mukammal egallagan, o'zbek tilini biladigan mahalliy mutaxassislar jamoasini yaratishga kirishdik. SAP mutaxassislari bilan birgalikda Toshkentimizning ikki eng nufuzli oliygohlari INHA va Westminster Universitetlarida SAP dasturini o'rgatadigan maxsus o'quv laboratoriyalari yaratilishida moddiy, ma’naviy va tashkiliy ko'mak ko'rsatdik. Shukurlar bo'lsinki, hozirda sekin-astalik bilan shunday mutaxassislar yetishib kelmoqda.

Ikkinchi tomondan, SAP dasurlari ham rivojlanmoqda, ya’ni avval dasturga faqat yuqori malakali mutaxassislargina o'zgarish kiritish va boshqara olishi mumkin bo'lgan bo'lsa, endi yangi chiqqan Fiori interfeysi orqali oddiy malaka olgan mutaxassislarimiz ham ishlashlari mumkin bo'lyapti. Biz masalani ana shu ikkala yo'l bilan yechishga anchadan beri bel bog'laganmiz. Dalil sifatida, aytishim mumkinki, yil boshida soddalashtirilgan Fiori interfeysi ishlaydigan yangi SAP S4/Hana dastur litsenziyalarini sotib oldik. Bu dastur o'rnatish uchun zarur quvvatli serverlar sotib olish maqsadida yaqinda Avstriya va Germaniyada soha mutaxassislar bilan safarda bo'ldik.

Keyingi yil yangi dastur butkul o'rnatilib, unda nafaqat narxnoma balki boshqa qator jarayonlar ham o'zimizning mutaxassislar tomonidan to'la mahalliylashtiriladi.

Tanqidiy maqola haqida.

Aslida olganda, korxonamiz ko'p jihatdan amaliyotda ona tilimizni tatbiq etuvchi yirik korxonalarning oldi qatoridan o'rin olgan, desam, aslo mubolag'a bo'lmaydi.

Mazkur tanqidiy maqola esa keng ko'lamli yutuqlar va harakatlarni nazar-pisand qilmasdan, ko'tarilgan mavzu to'la va har tomonlama o'rganilmasdan yozilgan. Vaholanki til mavzusi bo'yicha bundan avval ham jurnalistlar bilan muhokamalar bo'lgan hamda bu borada tushuntirish bergan edim. Ya'ni o'z-o'zidan mavzu yangi emasligi kundek ravshan.

Bu ham mayli, ammo maqola muallifi oxirgi ikki oy ichida boshqa turli mavzularda ham korxonamiz va shaxsan menga nisbatan bir nechta maqolalar e'lon qilganligi u kishining xolis va beg'araz ekanligiga katta shubha uyg'otadi.

So'nggi chop etilgan maqola yuzasidan fikr bildiradigan boʻlsam, mavzuni koʻtarib chiqqan jurnalistning kasb etikasiga rioya qilishi, maqolani chop etgan tashkilot –faoliyatidan kelib chiqib boshqacha yondashuvga asoslanishi kerakligini ta’kidlamoqchiman. Zero, ushbu maqola xolislik mezonlariga javob berishi uchun, avvalo muallif tanqid ostiga olinayotgan korxona ma’muriyatiga mavjud holat yuzasidan tushuntirish va ko'tarilayotgan masalaga izoh olish uchun murojaat qilishi, masalan, tasvirga tushirgan holatlarni aniqlashtirishi, mavzuni bir yoqlama emas, atroflicha yoritishi imkoniyati bor edi. Agentlik faoliyatiga berilgan izohda ta’kidlangan “obyektiv”lik mezoni jurnalistlar ayni shu jarayon, hodisa va voqelikni har tomonlama va to'la yoritishini taqozo etardi.

Umidlarim va niyatlarim.

Aminmanki, bugungi holatdan har ikkala tomon to'g'ri va foydali xulosalar chiqaradi.

Masalan, men bizning marketing va piar xizmatimizga korxonada ona tilimizni tatbiq etish yo'lida olib borayotgan sa’y-harakatlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yoritib borish topshirig'ini berdim.

Kelasi yil ichida yangi dasturni ishga tushirib, davlat tili borasida oxirgi qolgan vazifamiz-narxnomalarimizni ham o'zbek tiliga tarjima qilib, xaridorlarimizni xabardor qilamiz.

O'zA va xususan, shov shuvga sabab bo'lgan maqola muallifi esa, o'z navbatida, kelajakda biz yoki boshqa korxona, shaxslar haqida yozgan maqolalarida jurnalistlar uchun o'ta muhim bo'lgan axborotlarni to'la, har tomonla va obyektiv taqdim etish tamoyillaridan chetlashmaydilar, degan umiddamiz.

Shu oʻrinda korzinka.uzga savol, murojaat, talab yoki takliflar yuzasidan sahifalarimizga, 78 140 1414 raqamlariga, @korzinka_uzbot botiga murojaat qilish, doʻkonlardagi shikoyat hamda takliflar kitobida fikr-mulohaza qoldirish ham mumkin. Tarmoq OAV bilan ishlash, ularning savollariga atroflicha javob berishga tayyor.

Hammaga e’tibor uchun rahmat.

Report Page