“Ona tabiat madhi” ijodiy ishlar tanlovi

 “Ona tabiat madhi” ijodiy ishlar tanlovi


NIZOMI

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodda tabiatni asrab-avaylash tuyg‘usini kuchaytirish, ona tabiat yuksak darajada tarannum etilgan ijod namunalari yaratilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi tomonidan “Ona tabiat madhi” ijodiy ishlar tanlovini (keyingi o‘rinlarda – tanlov) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan ijodkorlar o‘rtasida o‘tkaziladi.

3. Tanlov quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

Yangi O‘zbekistonda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’sirining oldini olish, erkin va farovon yurtda barkamol avlodni tarbiyalash, xalqimizda ona Vatanni, uning ne’matlari asrab-avaylash tuyg‘usini kuchaytirish, yoshlarni yurtimizdagi bunyodkorlik ishlariga ruhlantirish, ona tabiatga bag‘ishlab yozilgan she’rlar mualliflarini rag‘batlantirish;

iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish;

xalqimizda tabiatga mehr-muhabbat tuyg‘usini kuchaytirish, ajdodlarimizdan meros havo, yer va yer osti boyliklari, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrashdek milliy qadriyatlarimizni, ijtimoiy hayotdagi yutuqlarimizning barcha-barchasi ona tabiat bilan chambarchas bog‘liq ekanligini yosh avlod qalbi va ongiga chuqurroq singdirish;

yosh ijodkorlarni, ayniqsa, respublikaning chekka hududlaridagi iste’dodli yoshlar faolligini oshirish.

II. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi

4. Tanlovni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston kompozitorlari

va bastakorlari uyushmasi tomonidan taniqli ijodkorlardan tarkib topgan Hakamlar hay’ati shakllantiriladi.

5. Tanlovni tashkil etish, uning shartlari va o‘tkazish tartibi haqidagi e’lon tashkilotchilarning rasmiy veb-sayti va Internet jahon axborot tarmog‘idagi sahifalarida joylashtiriladi.

6. Tanlov “Tabiat haqidagi eng yaxshi she’r” nominatsiyasi bo‘yicha uch bosqichda o‘tkaziladi:

birinchi bosqich – tanlovga kelib tushgan asarlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida dastlabki saralashdan o‘tkaziladi;

ikkinchi bosqich – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida saralangan asarlar Tabiat resurslari vazirligida ko‘rib chiqiladi;

uchinchi bosqich – tashkilotchilar va Hakamlar hay’ati tomonidan eng yaxshi she’r aniqlanadi hamda musiqa bastalash va “Tabiat madhiyasi”ni yaratish uchun O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasiga taqdim etiladi.

7. O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi tanlov asosida saralab olingan she’rga musiqa bastalash va “Tabiat madhiyasi” yaratilishini tashkil etadi.

8. She’rga musiqa bastalash va oranjirovka uchun to‘lov Tabiat resurslari vazirligi va O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi o‘rtasida tuziladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshiriladi.

9. Tanlovga yangi yozilgan, matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda, to‘plamlarda e’lon qilinmagan ijodiy ishlar qabul qilinadi.

10. Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:

- muallifning shaxsiy ma’lumotnomasi;

- muallifning pasporti nusxasi;

- muallifning yashash (yoki ish joyi) manzili va bog‘lanish telefonlari.

11. Tanlovga taqdim etilgan ishlar Hakamlar hay’at tomonidan ijtimoiy ahamiyati, mavzuning yoritilishi, talqinning o‘ziga xosligi, asarning badiiyligi mezonlari bo‘yicha 5 ballik tizimga binoan xolislik va shaffoflik asosida baholanib, g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

12. Tanlov yakunida yaratiladigan musiqiy asar O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligining mulkiga aylanadi. Tabiat madhiyasi ona tabiat muhofazasiga chorlov sifatida vazirlik tomonidan o‘tkaziladigan barcha tadbirlar, ekologik aksiyalar, hasharlarda targ‘ib qilinadi.

III. G‘oliblarni taqdirlash va u bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish

13. Tanlov g‘oliblari quyidagi miqdorda pul mukofotlari, diplom

va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (1 ta) – 15 million so‘m;

Shuningdek, rag‘batlantiruvchi mukofotlar (5 ta) – 5 million so‘mdan.

14. Tanlov natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

15. Tanlov g‘olib va sovrindorlariga mukofotlar 5 iyun – Butunjahon atrof muhitni muhofaza qilish kuni arafasida tantanali topshiriladi.

16. “Ona tabiat madhi” ijodiy tanlovini o‘tkazish, g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirish, tanlovda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan asar asosida Tabiat madhiyasini yaratish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

IV. Yakunlovchi qoidalar

17. Tanlovni o‘tkazish jarayonlari bo‘yicha kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

18. Tanlov g‘olib va sovrindorlari rasman e’lon qilingandan so‘ng boshqa nomzodlarning ariza va shikoyatlari ko‘rib chiqilmaydi.


Report Page